Turkmanboshi, 12 avgust. O‘zA maxsus muxbiri Ulug‘bek Asrorov xabar qiladi.
Joriy yil 11-12 avgust kunlari Turkmanistonning Turkmanboshi shahridagi «Avaza» milliy sayyohlik zonasida «Kaspiy dengizi: xalqaro iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish samaralari» mavzusida birinchi Kaspiy iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi D.Medvedev, Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri N.Mamedov, Eron Islom Respublikasi birinchi vitse-prezidenti I.Jahongiriy, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri A.Mamin, Bolgariya Respublikasi Bosh vaziri B.Borisov boshchiligidagi delegatsiyalar ishtirok etdi.
Forum ochilishida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov nutq so‘zladi.
Birinchi Kaspiy iqtisodiy forumi mintaqada ahil qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash, savdo, transport, energetika, turizm kabi yo‘nalishlardagi loyihalarni samarali amalga oshirish, iqtisodiy hamkorlikni, innovatsion yutuqlarni ommalashtirishga va yangi g‘oyalar almashinuviga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Qadimdan Yevropa va Osiyo qit’asi mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda hamkorlikni mustahkamlashda Kaspiy dengizi bo‘ylab amalga oshirilgan tijoriy faoliyat muhim o‘rin tutgan. Bugungi kunda Kaspiybo‘yi davlatlari va ularga qo‘shni mamlakatlar iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash, investitsiya siyosatini rag‘batlantirish va biznes doiralar o‘rtasida o‘zaro muloqotni yanada jonlantirish uchun maxsus platformaga ehtiyoj tug‘ilmoqda. Birinchi Kaspiy iqtisodiy forumi ana shu g‘oyat muhim tashabbusni amalga oshirishdagi ilk qadamlardan biridir.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatda yaqin qo‘shni va hamkor mamlakatlar bilan o‘zaro ishonch ruhidagi sheriklikni jadal rivojlantirmoqda, jumladan, Kaspiybo‘yi mamlakatlari bilan ham. Joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida ushbu mintaqa davlatlari bilan umumiy savdo aylanmasi hajmi 16 foizga ortib, 5,2 milliard dollarga yetgani fikrimiz dalilidir.
O‘zbekiston Yevropaga asosan Qozog‘iston, Rossiya va Boltiqbo‘yi portlari orqali mahsulot eksportini amalga oshiradi. Amudaryo ustida «Turkmanobod – Farob» yo‘nalishidagi avtomobil va temir yo‘l ko‘prigi, shu bilan birga, «Turkmanboshi», «Aktau» zamonaviy portlari hamda «Boku – Tbilisi – Qars» temir yo‘lining ochilishi Markaziy Osiyo davlatlarida yuk tashish hajmini 2018 yilda 35 foizga oshirish imkonini berdi.
«O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – O‘mon» va «O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy» transport-kommunikatsiya loyihalarining ishga tushirilishi esa qit’alararo transport yo‘lagini rivojlantirish uchun zarur sharoit yaratadi.
Ta’kidlash joiz, Kaspiy mintaqasi davlatlari bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va rivojlantirish uchun katta qiziqish va salohiyat mavjud.
Xalqaro anjumanda Kaspiybo‘yi mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy, investitsiya, axborot kommunikatsiyalari, energetika, transport, tranzit sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, ularni to‘la ro‘yobga chiqarish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi.
Turkmaniston Prezidenti forumda O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokini yuqori baholadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov Eron Islom Respublikasi birinchi vitse-prezidenti I.Jahongiriy, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi D.Medvedev bilan ham uchrashdi.
Muloqotlar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Delegatsiyalar rahbarlari Turkmaniston Prezidenti hamrohligida forum doirasida tashkil etilgan Kaspiy innovatsion texnologiyalari va «Turkmaniston sahrosi – 2019» xalqaro ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi.
Ko‘rgazmada 21 davlatdan 50 dan ziyod yirik kompaniya vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston uchun ajratilgan pavilonda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyalar, energetika, neft-gaz, avtomobilsozlik kabi sohalarda erishilgan innovatsion yutuqlar namoyish etildi.
Tadbir ishtirokchilari birinchi Kaspiy iqtisodiy forumining mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi ahamiyatini qayd etdi. Anjuman yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar o‘zaro ishonch ruhidagi sheriklikni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish va sanoatning turli yo‘nalishlarida innovatsion ishlanmalarni joriy etishda yana bir ijobiy qadam sifatida baholandi.
O‘zA