Bu muborak kunlarda hamjihatlik, do‘stlik va mehr-oqibat rishtalari mustahkamlanadi, Alloh marhamati yog‘ilib, ezgu niyatlar amalga oshadi.
Mustaqilligimizning 28 yillik tantanasi arafasida nishonlanayotgan Qurbon hayiti bayramini hamyurtlarimiz shukronalik bilan kutib olmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ulug‘ ayyomga mamlakatimiz miqyosida qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi. Kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalar, nogironlar, yolg‘iz keksalarning holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar va qabristonlarni obod qilish kabi savobli ishlar davom etmoqda.
Bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik, kechirimlilik va saxiylik xalqimizga xos xislat. Bu insoniy fazilatlar, ayniqsa, Qurbon hayiti kunlari yanada yorqin namoyon bo‘ladi. Shu kunlarda xalqimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli xalqchil islohotlarga hamohang tarzda bunyodkorlik kayfiyati bilan yashamoqda. Obodlik va farovonlik yo‘lida hamjihatdir.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish, e’tiqod erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, turli millat va elatlar o‘rtasida totuvlik, ahillik va hamjihatlik muhiti tobora yuksalib bormoqda. Ayniqsa, xalqimizning islom madaniyati va sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini mamlakatimiz va dunyo jamoatchiligiga yetkazish, tabarruk qadamjolarni obod qilib, ziyoratgohlarga aylantirish, buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib etish borasida olib borilayotgan xayrli ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Qurbon hayiti arafasida bir guruh yurtdoshlarimiz Haj safarini ado etmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan dinimiz arkonlarini ado etish uchun ulkan shart-sharoitlar yaratib berilayotganini ham e’tirof etish joiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yilda 5 ming nafar ziyoratchi Haj safariga borgan bo‘lsa, 2017 yildan buyon ularning soni 2 ming nafarga ko‘payib, umumiy ko‘rsatkich 7 mingga yetdi. Bu yil esa 7 ming 200 yurtdoshimiz Haj ibodatini ado etmoqda.
11 avgust, yakshanba tongi o‘zgacha fayzli... Minglab yurtdoshlarimiz Qurbon hayiti bayramini munosib nishonlashga shoshilmoqda. Shu kuni mamlakatimizdagi jome’ masjidlarida Qurbon hayiti namozi o‘qildi.
Poytaxtimizdagi Hazrati Imom jome’ masjidi ham erta tongdan yurtdoshlarimiz bilan gavjum bo‘ldi.
Qurbon hayiti namozi ma’ruzasida Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar, ezgu amallar mazmun-mohiyati, bugungi tinch va obod kunlarimiz qadri haqida so‘z bordi. Insonlarga mehr ko‘rsatish, ularning o‘y-tashvishlarini o‘rganib, yaxshilik qilish g‘oyat savobli tadbirligi, shu ma’noda xalqimiz saodatli turmushi yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar, ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashi yo‘lidagi sa’y-harakatlar g‘oyat qadrli ekani aytildi.
Hayotimizga beqiyos ma’no va mazmun olib kirgan tinchlik deya atalmish bebaho ne’matning qadriga yetish, shukrini qilish, asrab-avaylash barchamizning burchimiz ekanligi ta’kidlandi. Zero, bugungi kunda ayrim mamlakatlarning fuqarolari turli fitnalar oqibatida huzur-halovatini yo‘qotgani, yuz minglab insonlar hayotdan ko‘z yumayotgani, kindik qoni to‘kilgan vatanini tark etishga majbur bo‘layotganini guvohi bo‘lmoqdamiz.
Hayit namozida yurtdoshlarimiz shu kunlarga yetkazganiga shukrona aytib, elimizga tinchlik-xotirjamlik, omonlik, qut-baraka tilab duolar qildi.
– Tinch, to‘kin va farovon elga bayramlar, to‘ylar yarashadi, yaxshi kunlar tatiydi. Xalqimiz Qurbon hayitini ezgu amallar va ko‘tarinki ruh bilan kutib olayotgani ham yurtimizning tinchligi, dasturxonimiz to‘kinligidandir, – dedi “Novza” jome’ masjidi imom-xatibi Jaloliddin Hamroqulov. – Nuroniy otaxon va onaxonlar duoga qo‘l ochib, bugungi saodatli kunlarimizga, tinch, osoyishta va farovon hayotimizga shukronalar aytib, xonadonlarga fayzu baraka tilamoqda. Yurtdoshlarimiz o‘z oilasi, mahallasi, el-yurti ravnaqi uchun sidqidildan xizmat qilayotir. Bu esa ulug‘ kunlarning yanada fayzli o‘tishi, ziyoda bo‘lishiga – xalqimizning ezgu amallari yanada bardavom bo‘lishiga umid va ishonch bag‘ishlaydi.
Qurbon hayitini bayram sifatida nishonlash zamirida katta ma’no bor. Ushbu bayram kunlarida xalqimiz bir-birlariga mehr-muruvvat ko‘rsatib, qavmu qarindoshlar bir-birlari bilan xabarlashadi. Yetim-esirlar, beva-bechoralarga xayru ehson qilishadi. Bu bayram qarindoshlik, qo‘ni-qo‘shnilik, quda-andalik rishtalarini yanada mustahkam bog‘lashga xizmat qiladi. Shuning uchun ham muborak Qurbon hayitining ma’naviy hayotimizdagi o‘rni, ahamiyati beqiyosdir.
Shu nuqtai-nazardan Qurbon hayiti namozidan so‘ng hamyurtlarimiz yaqinlari holidan xabar olish, bir-birini qutlash uchun yo‘l oldi. Qurbonlik qilinayotgan xonadonlarga borildi. Barchaning qalbida bir tilak: shu aziz Vatanimizga ko‘z tegmasin. hurligimiz va tinchligimiz, hamjihatligimiz mangu bo‘lsin.
Nurillo NASRIYEV,
O‘zA muxbiri.