1979 yil 11 avgust... Ushbu sana o‘zbek futboli tarixi sahifalariga eng fojiali sana sifatida muhrlandi. Minskka yo‘l olgan Tu-134 samolyoti Dneprodzerjinsk osmonida halokatga uchrab, «Paxtakor» jamoasining 17 nafar navqiron futbolchisi samoga sochilib ketdi... Shundan beri har yili 11 avgust kuni Paxtakor-79 futbolchilarining xotirasi yodga olinadi.
1979 yilning 11 avgustida Toshkent-Gurev-Donetsk-Minsk reysida parvoz qilayotgan TU-134 samolyoti Chelyabinsk-Kishinyov reysini bajarayotgan shu rusumdagi boshqa samolyot bilan to‘qnashib ketdi... Afsuski, dispetcherning xatosi o‘zbek futbolining faxri hisoblangan «Paxtakor»ning 17 nafar bahodirini bu hayotdan olib ketdi.
Mazkur fojia nafaqat futbol olami uchun, balki butun o‘zbek xalqi uchun og‘ir musibat bo‘ldi... Futbolchilarning oila a’zolari bilan birga, millionlab futbol muxlislari uzoq vaqt o‘zlariga kela olmadi.
Falokatdan so‘ng ilk uchrashuvlarga kelgan muxlislar ko‘zlarida yosh, iztirob bilan yangi jamoa ishtirokidagi o‘yinlarni kuzatib borishgan...
Bu yil mash’um sanaga 40 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan «Paxtakor» klubi tomonidan bir qator tadbir dasturlari tashkil etildi.
O‘tkazilgan matbuot anjumanida tadbir munosabati bilan Toshkentga taklif etilgan sobiq SSSR terma jamoasi a’zolari, futbol afsonalari, faxriy mehmonlar, OAV vakillari ishtirok etishdi.
Anjumanga yig‘ilganlar «Paxtakor-79»ning o‘ziga xos o‘yinlari, futbolchilarimiz mahorati haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashishdi.
— Halokatga uchragan jamoa tarkibida do‘stlarimiz bor edi. Ularni yo‘qotish biz uchun og‘ir musibat bo‘ldi, — dedi «Dinamo» Tbilisi jamoasining sobiq sardori Aleksandr Chivadze. — Halokatdan so‘ng yangi «Paxtakor»ga qarshi Toshkentdagi ilk o‘yindan oldin qabristonga borib, bizni tark etgan yaqinlarimizni xotirlab keldik. O‘yinda esa stadion to‘la edi. Sodiq muxlislar eski jamoasini ko‘rgani kelgandek edi go‘yo. Biz «Paxtakor»ning o‘sha yigitlarini unutmaymiz,
11 avgust erta tongdan esa futbol faxriylari, muxlislar, klub rahbariyati va mehmonlar «Paxtakor» stadionida o‘rnatilgan yodgorlik yonida to‘planishdi. So‘ng Botkin qabristoniga yo‘l olindi, «Paxtakor-79» yodgorlik monumenti poyiga gullar qo‘yildi, marhumlar xotirasi yod etildi. Tadbirda ishtirok etgan mehmonlardan biri — taniqli futbolchi Vasilis Xadzipanagis bo‘ldi, u o‘z vaqtida «Paxtakor» klubida to‘p surgan, so‘ng Gretsiyaga ko‘chib ketgan, Gretsiyaning o‘tgan asrdagi eng yaxshi futbolchisi sanaladi.
— Marhum paxtakorchilar bilan aka-ukadek edik, — deydi Vasilis Xadzipanagis. — Yigitlarning xotirasi, «Paxtakor» hamisha mening qalbimda. Barcha intervyularimda albatta ularni eslayman.
Aviahalokatga 40 yil to‘lishi munosabati bilan «Paxtakor» klubi mazkur sanaga katta tayyorgarlik ko‘rdi. Jumladan, «Paxtakor-79» xotirasiga bag‘ishlab xalqaro «Xotira qanotlari» turniri o‘tkazildi. Marhum paxtakorchilar nomini abadiylashtirish uchun Toshkent ko‘chalaridan biriga «Paxtakor-79» nomi berildi. «Osmonda abadiy qolgan yulduzlar haqida film» hujjatli film taqdimoti ham bo‘ldi. Shuningdek, Ravshan Hakimov muallifligida yozilgan «Paxtakor-79» komanda nadej» nomli kitobi tadbir qatnashchilariga tarqatildi.
Tadbir dasturiga ko‘ra, kechki soat 19:da «Paxtakor» stadionida sahnalashtirilgan badiiy tomosha boshlandi. Unda Paxtakor-79» jamoasi xotirasiga atab ishlangan turli videoroliklar namoyish etildi, qo‘shiqlar yangradi, 17 futbolchining ramziy timsoli sifatida 17 kabutar osmonga uchirildi. Darvoqe, qiziq bir fakt: «Paxtakor» stadioni aynan 11 avgustda ochilgan ekan...
Shu kuni stadionda ko‘plab faxriy mehmonlarni uchratish mumkin edi:
To‘lagan Isoqov (sobiq paxtakorchi, ayni vaqtda O‘FA qoshidagi Faxriylar kengashi raisi o‘rinbosari):
– O‘sha mudhish voqea futbolchilik hayotimni ostin-ustun qilib yubordi. Tasavvur qiling, kutilmaganda yaxshi bir qadrdon do‘stingizdan ayrilib qoldingiz. Og‘ir-a, men esa bir kunda 17 ta shunday do‘stimdan ayrilganman. Bizning yaqinligimiz faqat maydonda emasdi, oilaviy bordi-keldimiz, do‘stligimiz bor edi... Jamoamiz a’zolari bilan bir oiladek bo‘lganmiz.
Men futboldan ketdim, o‘sha vaqtda hatto O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov chaqirib, futbolda qolishimni so‘ragandilar, ammo men ahvolimni tushuntirdim. Ruhim butkul singan edi, bazaga boraman, yotaman, ko‘zimga faqat ular ko‘rinadi... Ular yo‘q...
«Paxtakor-79» jamoasi boshqacha edi, millatidan qat’i nazar, o‘zbekona tarbiya ko‘rgan, jamoaga sadoqatli, iste’dodli yigitlar yig‘ilgandi, o‘zaro ahil, yaxshi jamoa shakllanayotgandi. Bu fojia futbolimiz rivojini bir necha o‘n yillarga ortga surib yubordi, deb bemalol ayta olaman.
Ahbor Imomxo‘jayev (faxriy sport sharhlovchisi):
— «Paxtakor-79» jamoasini eslasam, hanuzga qadar ko‘ksimda bir og‘riq paydo bo‘laveradi. Baribir, ular boshqacha edi-da, har jihatdan namuna bo‘lishga, e’zozlashga arzigulik yigitlar edi. Jamoaning har bir a’zosi men uchun oilam a’zosi kabi qadrdon bo‘lgan.
Mixail An bilan ilk bor ko‘rishganimda u maktab-internatning 9-sinfida o‘qiyotgan o‘smir edi. Keyinchalik Misha bilan qalinlashib ketdik, qayerga bormasin, safardan biron sovg‘a bilan qaytib kelardi. Ukamdek qadrdon edi...
Aviahalokatdan so‘ng «Paxtakor»ga ittifoqning turli komandalaridan futbolchilar taklif etildi. Ochig‘i, ularning hammasi ham jamoa uchun jon kuydirish maqsadida kelmagandi, o‘ziga yarasha manfaatlar ko‘zlangandi. Xullas, marhum paxtakorchilarning o‘rnini to‘ldirisholmadi.
«Paxtakor»ning fojiasi butun o‘zbek futboli uchun nihoyatda katta zarba bo‘ldi. Bu bo‘shliqning o‘rnini to‘ldirish uchun necha yillar kerak bo‘ldi bizga. Ular hayot bo‘lganida hozir biri murabbiy, biri hakam, yana biri futbol jonkuyari bo‘lib yurardi, axir.
Bahodir Kattabekov («Paxtakor» jamoasining 54 yillik muxlisi):
— Besh yoshimdan «Paxtakor»ga muxlislik qilaman. Ilk bor stadionga otam bilan kelganman. Shundan beri «Paxtakor»dan ayrilmayman, hech bir o‘yinini qoldirmayman. «Paxtakor»ni butun O‘zbekiston yaxshi ko‘rardi. O‘yinlariga har bir viloyatdan muxlislar uzoq yo‘l bosib kelishardi.
1979 yilning 11 avgustida sodir bo‘lgan fojiadan esankirab qoldik, o‘zimizni qo‘yarga joy topolmasdik... Ishqibozlik zavqini biladigan inson qadrdon jamoasining fojiali halokati nechog‘li og‘ir bo‘lishini tasavvur qilishi mushkul emas. O‘zbekistondan yana zo‘r jamoalar chiqishiga umid qilaman, ammo o‘sha halokatga uchragan futbolchilar yuragimizning bir parchasini o‘zlari bilan olib ketishgan.
Badiiy dasturdan so‘ng «Paxtakor» faxriylari va sobiq SSSR terma jamoasi a’zolari o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini boshlandi.
«Paxtakor» jamoasi tarkibida Murod Aliyev, Farhod Magomedov, Islom Ahmedov, No‘mon Hasanov, Igor Shkvirin, Azamat Abduraimov, Jasur Abduraimov, Ilhom Sharipov, Ja’far Irismetov, Ravshan Bozorov, Oleg Sobirov, Aleksandr Xvostunov, Sergey Lebedev, Baxtiyor Ashurmatov, Pavel Bugalo, Sergey Lushan, Qayrat O‘taboyev, Gocha Tkebuchava, Mirjalol Qosimov, Nuriddin Amriyev, Yuriy Kurbiko, sobiq SSSR terma jamoasida Otar Gabeliya, Quralbek Ordabayev, Vladimir Bessonov, Aleksey Mixaylichenko, Aleksandr Zavarov, Vagiz Xidiyatullin, Valeriy Kechinov, Valeriy Shmarov, Dmitriy Kuznetsov, Andrey Pyatnitskiy, Vladimir Gutsayev, Aleksandr Chivadze, Andrey Kanchelskis, Vasilis Xadzipanagis kabi o‘tmishning yorqin yulduzlari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda Azamat Abduraimov, sobiq SSSRdan Igor Belanov xet-trikka erishdi. Ravshan Bozorov va Dmitriy Kuznetsov hisobiga esa bittadan gol yozildi. Yakuniy hisob 4:4 bilan yakunlandi.
***
Vaqt barcha dardni davolaydi, degan gap bor. Lekin hayotda og‘ir dardni boshidan kechirgan insonlar bunday emasligini yaxshi bilishadi. Faqat inson shu dard bilan yashashga o‘rgana boshlaydi, ko‘nikadi, taqdirga tan beradi, ammo qalbidagi jarohatlar izi sira bitmaydi. «Paxtakor-79» ishqibozlarining iztiroblari ham o‘chmasdir.
«Paxtakor-79» jamoasi klubga, muxlislarga, futbolga sadoqat, jipslik ramzi sifatida tarixda qoldi.
Bugun stadionda ko‘plab yoshlarni, jajji bolalarni ham ko‘rish mumkin edi, ular «Paxtakor-79» futbolchilarining suratlari tushirilgan bannerlarni baland ko‘tarib, ularga hurmat ko‘rsatishmoqda, «Paxtakor», «Paxtakor», deya sevimli jamoalarini chin dildan olqishlashoqda. Bugungi yosh avlod «Paxtakor-79» jamoasi o‘yinlarini hatto televizor orqali ham ko‘rmagan, ularga muxlislik qilmagan, fojia alamlari nima ekanligini ham bilishmaydi. Ammo ular o‘z otalari, yoshi katta muxlislardan jamoa o‘yinlari, halokat haqidagi xotiralarni eshitib katta bo‘lishdi. Ularning bobolari, otalari, «Paxtakor-79» haqida shunday mehr bilan so‘zlashadiki, yosh avlod ham bugun jamoaning chin muxlislariga aylanishgan. Shunday. Yurtning, elning mehrini qozongan qahramonlar, suyuklilar avlodlardan-avlodlarga, tillardan-tillarga ko‘chib yashayveradi, vaqt izmi ular xotirasini o‘chira olmaydi.
Dildora YO‘LDOSHEVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.