MAQOLANI O‘QIDINGIZMI?
MAQOLANI O‘QIDINGIZMI?

Yoki o‘qimay, kimdir tayyorlagan javobga imzo chekdingizmi? Gazetamizda chop etilgan tanqidiy maqolaga ikki mulozimning bir-biriga Hasan-Husandek o‘xshash javoblari haqida

Gazetamizning 2018 yil 13 noyabr sonida «Yolg‘iz ayolning uyi buzib tashlandi. Endi u ikki nafar norasida farzandi bilan qayerda yashaydi?» deb nomlangan maqola chop etilgandi. Ushbu maqolaga Andijon viloyat prokuraturasi va Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudidan kelgan javoblar yuzaki bo‘lgani bois bu mavzuga yana qaytishga to‘g‘ri kelgan edi.

 Gazetamizning 2019 yil 22 yanvar sonida ikkinchi marta chop etilgan «Yolg‘iz ayolning uyi buzib tashlandi. Endi u ikki nafar norasida farzandi bilan qayerda yashaydi?»sarlavhali maqolada javoblarga munosabat bildirildi.

Afsuski, shundan keyin ham tosh o‘rnidan siljimadi, Antarktidadagi muzlar erisa, eridiki, andijonlik rahbarlar ko‘ngli yumshamadi. Aslida bu ayol uysiz emas edi, uning uyini buzib tashlashdi. Ikki nafar go‘dagi bilan vatansiz qolgan yolg‘iz ayolga rahm qilishmadi. Andijon viloyati, Oltinko‘l tumani, «Chaqqon-2» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi uyi sud tomonidan noqonuniy qurilgan, deb topilib, Majburiy ijro byurosi Oltinko‘l tuman bo‘limi tomonidan 2018 yil 9 avgust kuni kechki payt ekskavator bilan buzib tashlangan Nafisaxon Bobonazarova hali hamon ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bilan hokimiyat tomonidan vaqtincha ajratilgan, ammo mutlaqo shart-sharoiti bo‘lmagan bir kulbada sarson-sargardon bo‘lib yuribdi...

2018 yil 20 aprelda Prezidentimiz tomonidan «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar-joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida»gi farmoni e’lon qilingan edi. Ana shu farmon tufayli qancha-qancha yurtdoshlarimizga bag‘rikenglik, insoniylik tamoyillaridan kelib chiqilib, ruxsatsiz qurilgan uylarga, mulkka egalik huquqi berildi.

Gazetada chop etilgan har ikki maqolada Prezidentimiz ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarni uy-joy bilan ta’minlash uchun qattiq qayg‘urib, davlat byudjetidan katta mablag‘ ajratayotgan, maxsus aksiya e’lon qilgan bir paytda ikki bolali yolg‘iz ayolning uyini buzmaslik mumkin edi-ku, degan masala ko‘tarilgan edi.

Andijon viloyat prokurorining o‘rinbosari, adliya maslahatchisi A.Saydaliyevning javob xatidan: «Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining 16.01.2018 yildagi hal qiluv qarori bilan da’vogar — Oltinko‘l tuman prokuraturasi I.Turdiyev va F.Asqarov manfaatini ko‘zlab, javobgar N.Bobonazarovaga nisbatan «Noqonuniy qurilmalarni javobgar hisobidan buzdirish haqida«gi da’vo arizasi qanoatlantirilgan. ...javobgar N.Bobonazarova sud jarayonida, ushbu yer maydoni o‘ziga tegishli ekanligini tasdiqlovchi biron-bir hujjatni sudga taqdim qilmagan».

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudi raisi J.Karaboyevning javob xatidan: «...maqolada ko‘rsatilgan N.Bobonazarova «yolg‘iz ayol» bo‘lsa-da, uni maktabga tegishli yerni noqonuniy egallab, uy-joy qurib olish huquqi bo‘lmagan. Uning «yolg‘iz ayol» ekanligi nizodagi yerni egallash uchun ustun huquqqa ega ekanligini anglatmaydi. Chunki qonun ustunligi so‘zsiz tan olinishi shart va har bir fuqaro rioya etishga majbur».

To‘g‘ri, qonun hamma uchun barobar. Lekin bu borada Prezidentning bir martalik umumdavlat aksiyasi e’lon qilingan bo‘lsa, ushbu farmon hokimlik, prokuratura va sud uchun ustun huquqqa ega emasmi? Farmon ijrosiga amal qilmasdan, ikki farzandli yolg‘iz ayolning uyini buzishni qanday tushunish kerak?

Holbuki, yolg‘iz ayol yon-atrofidagi qo‘shnilari kabi noqonuniy, kadastrsiz qurilgan uyda yashab kelayotgandi. Nega ularning uyi bir yoqda qolib, aynan N.Bobonazarovaning uy-joyi buzildi? Bunga kim tashabbuskor bo‘ldi? Andijon viloyat hokimligi, prokuratura va sud mutasaddilari bir mushtipardan davlat yerini himoya qilibdi-yu, ammo uning huquqi, manfaatini, farzandlari taqdirini himoya qilishni o‘ylashmabdi. O‘zboshimchalik bilan qurilgan turar-joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi asosida hech qanday to‘siqlarsiz rasmiylashtirilib berilishi mumkin bo‘lgan o‘sha yer narxi inson qadridan yuqori qo‘yildi.

Hozir bu masala bo‘yicha andijonlik mulozimlar turli bahonalarni aytib, surishtirgan odamni chalg‘itishi mumkin. Ularning gapi asossizligini anglash uchun gazetamizda chop etilgan ikki maqolani o‘qib chiqish kerak bo‘ladi.

Javob xatlarida bir-biriga o‘xshash shunday jumlalar bor: «Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tuman sudining 21.02.2018 yildagi hukmiga ko‘ra, N.Bobonazarova (Nafisa Bobonazarovaning onasi — Izoh tahririyatniki) ...ushbu yer maydoniga uy-joy qurib, shu kunga qadar foydalanib kelib, davlat va jamoat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilishiga sababchi bo‘lgani uchun Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi bilan aybli, deb topilgan».

Andijon tuman sudi tomonidan «davlat va jamoat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilishiga sababchi bo‘lgan», deb chiqarilgan hukm ancha vahimali eshitilmoqda. «Jiddiy ziyon» iqtisodiymi? Unda ziyon miqdori nega aytilmayapti? Yoki ma’naviy ziyonmi? Unda bu ziyon nimalardan iborat bo‘layotgani izohlanmayapti?... Aslida 240 o‘quvchiga mo‘ljallangan bir qavatli maktab hududi 2 gektardan ko‘proq hayhotdek maydondan iborat, yarmidan ko‘pi bo‘sh yotibdi.

Qolaversa, o‘sha hududdan bir umr o‘qituvchi bo‘lib ishlagan Nigoroy Bobonazarovaning turmush o‘rtog‘iga 1988-1990 yillarda Oltinko‘l tumani sobiq Kuybishev nomli jamoa xo‘jaligi rahbari tomonidan yakka tartibdagi uy-joy qurish va tomorqa sifatida yer maydoni ajratib berilgan. Nafisa Bobonazarovaning turmushi buzilib, ikki nafar farzandi bilan onasining uyiga qaytib kelgach, uyiga yaqin bo‘lgan maktabgacha ta’lim muassasasiga kir yuvuvchi bo‘lib ishga kiradi. Oylik maoshi 380-400 ming so‘m.

Onasi Nigoroy Bobonazarova qizi va nevaralariga joni achib, uy-ro‘zg‘or va farzandlaridan orttirgan mablag‘idan o‘zlariga ajratilgan yer maydonidan ikki xonali uyni qurib bitkazadi va ularni shu hovli-joyga ko‘chiradi.

Nafisa Bobonazarova uyni o‘z nomiga o‘tkazish uchun mas’ul idoralarga murojaat qiladi, o‘sha vaqtda jamoa xo‘jaligida ishlagan mas’ullar tomonidan yer ajratib berilishiga oid hujjatlar davlat arxiviga to‘liq topshirilmaganini aniqlaydi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining 2018 yil 16 yanvar kungi hal qiluv qarori, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudi kassatsiya instansiyasining 2018 yil 13 aprel kungi ajrimiga ko‘ra, Nafisa Bobonazarovaning uy-joyi o‘zboshimchalik bilan qurilgan hisoblanib, buzdirish belgilandi. Sud hujjatlariga asosan ijro varaqasi Majburiy ijro byurosi Oltinko‘l tuman bo‘limiga ijro etish uchun yuborildi.

Shundan so‘ng Nafisa Bobonazarova Prezidentimizning 2018 yil 20 apreldagi farmoniga asosan Oltinko‘l tumani hokimi Baxtimurod Karimov (sobiq) nomiga va Davlat xizmatlari agentligi Oltinko‘l tuman bo‘limi (2018 yil 27 iyun kuni)ga turar-joyga egalik huquqini e’tirof etish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga na Oltinko‘l tumani hokimi, na Davlat xizmatlari agentligidan javob ololmaydi. Buning ustiga, Ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqini e’tirof etish ishlari bo‘yicha Oltinko‘l tuman komissiyasi raisi va a’zolari shu kungacha arizani ko‘rib chiqib, komissiya nomidan yozma javob bergani yo‘q.

Maqolada ko‘tarilgan masala yuzasidan Andijon viloyat hokimi o‘rinbosari I.Xolmatovdan 2019 yil 5 yanvar hamda 2 mart sanasi bilan olingan javoblarda esa qanday uy-joy qonunsiz, qaysi biri qonuniy hisoblanishi tahririyatga batafsil tushuntirilgan.

Javob xatida jumladan, shunday deyiladi: «O‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat, sudning qonuniy kuchga kirgan va hal qiluv qarori asosida buzdirilgan. Bu imoratlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar-joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida» 2018 yil 20 apreldagi PF-5421-son farmoni talablari asosida mulk huquqi belgilashga asos mavjud emasligi to‘g‘risida ariza muallifiga ma’lum qilinganligi bildiriladi».

Savol: – Farmon talablariga nega to‘g‘ri kelmaydi? Ehtimol, kimningdir xohishiga to‘g‘ri kelmas?... Hayron qolarli joyi shundaki, Andijon viloyat prokurorining o‘rinbosari, adliya maslahatchisi A.Saydaliyev, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudi raisi J.Karaboyev, Andijon viloyat hokimi o‘rinbosari I.Xolmatov tomonidan tahririyatga yo‘llangan javob xatlarida qanday qilib bo‘lsa ham idoralar manfaati himoya qilinayotganga o‘xshaydi. Birinchidan, bu uyni buzmasa ham bo‘lardi, ikkinchidan, xo‘p, bu uyni buzishga buzishibdi, lekin yolg‘iz ayol bilan norasida go‘daklarni ko‘chada qoldirmaslik chorasini ko‘rish mumkin edi-ku? Agar jonlari achiganda, vijdonlari qiynalganida, chuqurroq o‘ylab ko‘rishar edi, albatta.

Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha ishlar ko‘p azob-uqubatlarni boshidan o‘tkazgan sabr-toqatli, zahmatkash xalqimizning qaddini ko‘tarishga, ertangi kunini bundan ham yaxshilashga qaratilgan. Prezidentimiz xalq xizmatida bo‘lgan katta-kichik amaldorlarni oddiy odamlarning muammolarini hal etishga, ularga sidqidildan xizmat qilishga undayapti, talab qilayapti.

Afsuski, ayrim nohaqliklarni, inson manfaatlarini poymol etish holatlarini bartaraf etish juda qiyinchilik bilan kechayapti. Eng achinarlisi, ba’zi amaldorlarning ongi, dunyoqarashi zamon talabiga mos kelmayapti. Salla olish o‘rniga kalla olish holatlari ro‘y bermoqda. Xolbuki, o‘ziga ishonch bildirilib, u yoki bu lavozimga munosib ko‘rilgan har bir rahbar o‘z shaxsiy manfaatidan xalq manfaatini o‘n karra, yuz karra yuqori qo‘yishi kerak.

Davlat hokimiyati boshqaruv organlari hamda mansabdor shaxslar faoliyati Prezidentimiz aytganiday, bundan buyon o‘z xizmat vazifasiga qanday munosabatda bo‘layotganiga, xalq manfaati yo‘lida amalga oshirayotgan ezgu ishlariga qarab baholanadi. Bunda ommaviy axborot vositalari jamiyatdagi barcha jarayonlarni, yutuq va kamchiliklarni xolis va shaffoflik bilan yoritib borishi jamoatchilik nazoratining muhim sub’ekti sifatida katta ahamiyat kasb etadi. Bundan jamiyat sog‘lomlashadi, pirovardida xalq manfaatlari ustuvorligi ta’minlanadi.

Bugun «amaldorman», deb g‘o‘ddayib yurish davri o‘tdi. Amaldormisan, demak, xalqning xizmatkorisan. O‘z xizmatingni halol, vijdonan bajarsang, uzoqqa borasan, aks holda, o‘rningni boshqaga bo‘shatib berishingga to‘g‘ri keladi.

Biz yolg‘iz ona Nafisa Bobonazarovaning masalasini nazoratda ushlab turamiz. Zarurat bo‘lsa, mavzuga yana qaytamiz.

 

Nurulloh DOSTON,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

← Roʻyxatga qaytish