«O‘zbekiston ovozi»: Qashqadaryolik deputatlar tanqiddan qo‘rqmaydi
«O‘zbekiston ovozi»: Qashqadaryolik deputatlar tanqiddan qo‘rqmaydi

 

Bu yil hisobot yili. Deputatlar uchun saylovdan keyin o‘tgan 5 yil davomida nimalar qildigu, nimalarni boy berdik, degan savollarga javob beradigan palla. To‘g‘ri, bu haqda har kimning o‘z fikri va qarashlari bor. Ammo xalq bergan baho, qilingan ish natijasi ko‘p narsani oydinlashtiradi.

Zero, bugungi odamlar kechagidan tubdan farq qiladi. Ular juda faol. Jamiyatda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga munosabat bildirish, nuqtai nazarini bayon etish bilan birga, ishtirokchiga ham aylangan. Faqatgina tomosha qilib turish bilan ko‘ngli joyiga tushmayapti. Masalalarni hal etish, yaxshiroq yashash, jamiyatni rivojlantirish uchun odamlarning o‘zlari birlashishi kerakligini tushunib, anglab turibdi. O‘zini shu jamiyatning faol a’zosiman, deb hisoblaydigan har bir shaxs deputatlarning faoliyatini kuzatib, kerak bo‘lsa, talab qilmoqda.

Shular haqida o‘ylar ekanmiz, mahalliy deputatlarga yuzlandik. Mahalliy Kengashlar uchun ajratilgan sahifamizning bu galgi mehmoni Qashqadaryo viloyati bo‘ladi. Ulardan ayrim savollarimizga shaxsiy qarashi va kuzatuvlaridan kelib chiqib, javob kutdik. Partiya guruhining tumandagi obro‘si, o‘rni, kengashdagi pozitsiyasi qanaqa? Deputatlarning bugungi kayfiyati haqida nima deyish mumkin?

Hududlardagi faollarning javoblaridan so‘ng, raqam va faktlarga to‘xtalamiz.

 

«Urib qolish»ga barham beriladigan bo‘ldi

 

Sulton Hamroyev,

O‘zbekiston XDP Kasbi tuman kengashi raisi,
tuman Kengashidagi partiya guruhi rahbari:

— Xalq deputatlari Kasbi tuman Kengashidagi 27 nafar deputatning 9 nafari O‘zbekiston XDP partiya guruhi a’zolaridir. Bir narsani ishonch bilan ayta olaman, partiya guruhimizning xalq orasida ham, deputatlar orasida ham obro‘si yaxshi. Partiya guruhimiz tuman Kengashi doimiy komissiyalari, hokimlik va ijroiya organlar oldida o‘z so‘ziga va mustahkam pozitsiyasiga ega. Birorta sessiya yo‘qki, unda partiya guruhi tomonidan dolzarb masalalar kiritilmagan bo‘lsa.

Masalan, tuman Kengashining uchta doimiy komissiyasi O‘zbekiston XDP partiya guruhi a’zolari raisligida boshqarib kelinyapti. Bu ham bizga katta imkoniyat beradi. Yuborayotgan deputatlik so‘rovlarimiz javobsiz qolmaydi. Aholi bilan uchrashuvlardayam eng ko‘p murojaatlar bizga bildiriladi. Chunki ko‘tarilgan masalalar hal etilgach, natijasi yetkaziladi, odamlar o‘zgarishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi.

Agar biror jo‘yali taklifimiz inobatga olinmasdan qolsa, tortishishga, fikrimizning asosli ekanini isbotlashga to‘g‘ri keladi. Ba’zida taklifimizni yaxshiroq o‘rganib, qabul qilinishini kotibiyatdan qattiq talab qilamiz va maqsadimizni oxiriga yetkazamiz.

Yaqinda fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tizimida olib borilayotgan ishlar o‘rganildi va 4 aprel kuni sessiyaga kiritildi. O‘zbekiston XDP guruhi tomonidan o‘rganishlar jarayonida ma’lum bo‘ldiki, pensiyalarni tayinlashda ish stajini hisoblashda muayyan kamchiliklar bor. Shuningdek, pensiyalarni tumanning olis hududlariga yetkazib berishda yechimini kutayotgan bir qator masalalar aniqlandi. Pensiyadan kam berish kabi salbiy holatlar ham uchrayotganini o‘rgandik.

Yuqoridagilarga asoslanib hamda «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunning tegishli moddalariga muvofiq, xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limi boshlig‘iga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilishi belgilandi. Xalq banki tuman bo‘limi boshlig‘i esa ogohlantirildi.

Umuman, odamlarni qiynab kelayotgan yana bir masala yechim topadigan bo‘ldi. Albatta, sessiya qaroriga erishish bu yo‘ldagi ilk natija bo‘lsa, uning ijrosini ta’minlash muhim va asosiy jarayon sanaladi. Bunda esa biz deputatlar faollik va ziyraklikni boy bermay, nazorat o‘rnatishimiz zarur.

Endi deputatlarning bugungi kayfiyatiga kelsak, ularda biroz tushkunlik, loqaydlikni sezyapman. Chunki bu yil saylovlar yili, hisobot berishimiz kerak. Kimdir 5 yilda nima ish qildim, nima deb javob beraman, degan andishada yurgandir. Yana meni saylashadimi yoki yo‘qmi, degan ketish kayfiyati ham, afsuski, yo‘q emas. Lekin endi hammasi o‘zgaryapti, deputatlarga yangi vakolatlar berilishi aytilyapti. Hech ikkilanmasdan toki vakolatimiz tugagunga qadar shaxdam harakat qilishimiz zarur. Bundan boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas.

 

«Nega deputat bo‘lganini bilmaydiganlar ham yo‘q emas»

 

Nazira Elmurodova,

O‘zbekiston XDP Yakkabog‘ tuman kengashi raisi,
tuman Kengashidagi partiya guruhi a’zosi:

— Hamma ishlarimiz «besh», demayman, qo‘limizdan kelganicha harakat qilyapmiz. Fuqarolar asosan kundalik turmushida duch kelayotgan muammolar bilan yonimizga keladi. Insonga mehr ulashish, ruhiy madad bo‘lish ham katta gap. Afsuski, oramizda hech bo‘lmasa shu ishga ham yaramaydigan deputatlar uchrab turadi. Menimcha, ular nega deputat bo‘lganini ham tushunmasa kerak.

Partiya guruhimiz tuman Kengashi bilan hamkorlikda bir qator ishlarni amalga oshirdi. Ulardan biri har chorakda hududdagi tashkilotlar faoliyati bilan yaqindan tanishadi. Bu jarayonda muammolarni o‘rganib, sessiya muhokamasiga qo‘yish vazifasi ham yuklatiladi. Shu tariqa kamchiliklar bartaraf etib kelinmoqda.

Deputatlarimiz orasida so‘zi o‘tkir kishilar ko‘p. Ammo negadir ular panada yurishni afzal ko‘radi. Shuncha vakolat va imkoniyatlar berilishiga qaramasdan, «sen menga tegma, men senga tegmay» qabilida o‘z soyasidan ham gumon qilib yuruvchilar ishimizni orqaga tortadi, deb o‘ylayman. Ular uchun deputatlik na sharaf, na burch. Shunchaki, daxlsizlik huquqini beruvchi bir asos, menimcha. Vaholanki, ularni bilimsiz va tashabbuskor emas, deb bo‘lmaydi. Sababi, o‘z sohasida yaxshigina natijalarni qayd etgan insonlar ko‘p. Faqat ijro organining qaysidir tarmog‘ida ishlaydigan, shu orqali daromad topayotgan kishilar ishidan ayrilib qolishdan yoxud ish joyida bosimga uchrashdan cho‘chir balkim.

Bor, ayrim deputatlarimiz ancha tashabbuskor, g‘oyaviy jihatdan ilg‘or. Ular bilan ishlaganing sari ishlaging keladi. Faqat ularning safini kengaytirish, barcha deputatlarni ana shu darajaga olib chiqish yoki shunday xususiyatdagi, yuragi yonib turgan insonlarni nomzod sifatida ko‘rsatish lozim.

 

Tashabbus ko‘rsatmasa, hurmati bo‘lmaydi

Asqar Bekjonov,

O‘zbekiston XDP Nishon tuman kengashi raisi:

— Partiya guruhining tumandagi obro‘siga keladigan bo‘lsak, ayni paytda qoniqarli, desam adashmayman. Chunki O‘zbekiston XDP Nishon tuman Kengashida partiya guruhi har chorakda rejadagi masallarni doimiy komissiyalarda ko‘rib chiqyapti va sessiya kun tartibiga kiritib, qaror qabul qilinishiga erishmoqda. Vaziyat tanqidiy-tahlil qilinib, masala doimiy komissiyalarda va sessiyalarda ko‘rib borilmoqda.

Jumladan, partiyamiz guruhining taklifiga binoan aholiga tibbiy xizmatni ko‘rsatish sifatini yaxshilash va sog‘liqni saqlash sohasida kadrlar salohiyatini oshirishga oid qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qarori ijrosi bo‘yicha tumanda olib borilgan ishlar xususida tibbiyot birlashmasi rahbari J.Jo‘rayevning hisoboti eshitildi. Sog‘liqni saqlash sohasida kadrlar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish va amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan qaror qabul qilindi. Shu bilan birga, har chorak yakuni bo‘yicha nazorat tadbiri o‘tkazilishi belgilandi.

Deputatlar haqida shaxsiy fikrimni bayon qilaman. Deputatlarning bugungi kayfiyati juda a’lo bo‘lmasa ham qoniqarli. Sababi, o‘zining deputatlik maqomini, xaq-huquqini bilgan, vazifa va majburiyatlarini his qilgan deputatlar bor. Lekin, afsuski, sust, ishlashga xohishi yo‘q deputatlar ham yo‘q emas.

O‘ylashimcha, deputatlik vakolatlari, burch va majburiyatlarini bilmagan odam bu ishni yuritishni ham bilolmaydi. Xalq bilan muloqot qilolmaydi. 5 yil davomida bitta deputatlik so‘rovi chiqarmagan, boringki, xalq oldida bir marta ham hisobot bermagan deputatlar chiqib qoladi. Deputatlik guruhlari, xalq deputatlari Kengash kotibiyati qiyinchiliklarga duch kelamiz. Shunisi aniqki, tashabbus ko‘rsatmagan, odamlarning og‘irini yengil qilmagan deputatning hurmati ham, obro‘si ham bo‘lmaydi. Deputatlarimizdan faollik, tashabbuskorlik, tanqidiy-tahliliy fikrlashni kutib qolamiz.

 

Viloyatda vaziyat qanday?

Markaziy Kengash mas’ul bo‘limi bergan ma’lumotlarga qaraganda, Qashqadaryo viloyati, shahar va tuman Kengashlaridagi partiya guruhlari tomonidan joriy yilning 3 oyida 25 ta masala partiya guruhlarida va doimiy komissiya yig‘ilishlarida muhokama qilingan. Ularning 15 tasi sessiyalar kun tartibiga kiritilib, tegishli qarorlar qabul qilingan. Bu ko‘pmi yoki kam, degan xulosa qilmaymiz. Shunchaki, ko‘tarilgan har bir masala ortida inson manfaati, hudud rivoji turgan ekan, uning dolzarbligi, ahamiyati yuqori bo‘laveradi.

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, tafovutni ko‘rish mumkin. Masalan, Kasbi tumanida 5 masala sessiyaga kiritilgan bo‘lsa, Shahrisabz shahri, G‘uzor, Kitob, Qamashi, Ko‘kdala, Muborak va Chiroqchida biror masala muhokamaga qo‘yilmagan.

Shu kabi farqni Jamoatchilik qabulxonalariga bo‘layotgan murojaatlar sonidan ham ko‘rish mumkin. 3 oy davomida 4-5 ta murojaat qabul qilgan tumanlar ham bor. Bu odamlarning murojaati yo‘qligidan emas, o‘sha tashkilotga ishonchi bo‘lmaganidan dalolat emasmi? Elektorati va saylovchilari oldida bosh ko‘tarib yura olish uchun ham deputatdan amaliy natija kutiladi.

Sizning hududingizda ahvol qanday? Vakolatlaringizdan to‘liq foydalana olyapsizmi? Asosiysi, deputat degan nomga munosib ishlar qilinyaptimi? Shu kabi savollarni sizga ham berishimiz mumkin.

 

Zilola Ubaydullayeva,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 24.04.2023, №17

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish