Yangilangan Konstitutsiya barchamizni yuksak marralar sari yetaklaydi
Yangilangan Konstitutsiya barchamizni yuksak marralar sari yetaklaydi

 

Bosh Qomusimizni yangilaganimizga ham mana bir yil bo‘ldi. Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiya mamlakatimizning istiqbolda belgilagan rejalarini aniq ko‘rsatib turibdi.

Aytish kerakki, unda xalqparvar, adolatli jamiyat qurish g‘oyasi mustahkamlanishi bilan birga inson huquq va erkinliklarining kafolatlari ham sezilarli darajada kuchaytirildi. Tahlillarga qaraganda, dunyo mamlakatlari Konstitutsiyalarida insonning 110 dan ortiq huquqlari qayd etilar ekan. E’tiborlisi, shulardan 90 dan ortig‘i yangilangan Konstitutsiyamizda o‘z aksini topgan. Birgina shu raqamning o‘zi yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquq va erkinliklari, uning qadr-qimmati naqadar e’zozlanganini anglatadi.

Endi inson va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda qonunchilikdagi bo‘shliqlar, tushunmovchiliklarni bartaraf etish nuqtai nazaridan qonunchilikdagi ziddiyat va noaniqliklar inson foydasiga hal etilishi zarur bo‘ladi.

Kambag‘allikka qarshi kurashish Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. Fuqarolar bandligini ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha aniq me’yorlar aks ettirildi. Asosiysi, har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilab qo‘yildi. Bu odamlarning o‘z hayotidan rozilik darajasini oshirishga xizmat qiladigan muhim omildir.

Davlatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligidan kelib chiqib nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari davlat himoyasida ekanligi Bosh hujjatimizda qayd etildi.

Yana bir jihatga e’tibor beraylik. Zamonamizda qonun ustuvorligini ta’minlashda davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish muhim. Bu masalada fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni beqiyosdir. Yangilangan Konstitutsiyamizda ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berildi. Xususan, 69-moddada fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi, qat’iy belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, XXI bob fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga bag‘ishlandi. Fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari deya alohida belgilandi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy o‘ziga xos xususiyatlaridan, shuningdek milliy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli ekanligi mustahkamlandi.

Qolaversa, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi, ularga qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishida davlatning ko‘maklashishi yangi Konstitutsiyada mahallaga yuksak maqom berilganligini bildiradi.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasi biz va kelajak avlod uchun yuksak marralarni ko‘rsatuvchi mayoq bo‘lib xizmat qiladi. Barchamizni yuksak marralar sari yetaklaydi.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Demokratik institutlar, nodavlat
tashkilotlar va fuqarolarning
o
‘zini o‘zi boshqarish organlari
qo‘mitasi raisi o‘rinbosari,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish