O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov Respublikamizning barcha hududlaridagi yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashida Respublika yoshlari onlayn forumi o‘tkazildi. Partiyaning «Yoshlar qanoti» faollari, Yoshlar parlamenti a’zolari, deputatlar hamda joylardan faol yigit-qizlar ishtirok etgan forumni O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov ochib berdi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining huquqlar va imkoniyatlar tengligi, manzilli qo‘llab-quvvatlash hamda faollikni rag‘batlantirish kabi ustuvor g‘oyalari yoshlar manfaatlariga har tomonlama mosdir.
Shu ma’noda partiyaning dastur va loyihalarini takomillashtirishda, yangi tashabbuslarni ilgari surishda, ijtimoiy masalalarga yangicha yechimlar topishda yoshlarning fikr-mulohazalari, takliflari inobatga olinmog‘i tabiiy. Yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish haqidagi eng yaxshi fikrlar ularning o‘zidan chiqadi, albatta.
Onlayn forumda 14 ta hududiy studiyadan ulangan yigit-qizlar o‘z taklif va tashabbuslarini bildirishdi. Siyosiy-huquqiy jarayonlarda yoshlarning faol ishtirokiga erishish, hayotga ochiq va to‘g‘ri munosabatni shakllantirish kabi masalalar bo‘yicha forum qatnashchilari taqdimotlar qildi.
Surdo yoki tiflo tarjimonlari yetishmaydi
Aydana ALLAMBERGENOVA,
O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi faoli:
— Eshitish va nutqida muammosi bo‘lgan insonlarning davlat xizmatlaridan, jamoat transportlardan mustaqil foydalanishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish lozim, deb hisoblaymiz.
Sababi, davlat idoralarida, aeroportlarda, temir yo‘l vokzallari va avtovokzallarda ushbu toifadagi shaxslar bilan muloqot qiluvchi surdo yoki tiflo tarjimonlari yetishmaydi. Shundan kelib chiqib, davlat tashkilotlari va jamoat transportlari tizimida faoliyat yurituvchi xodimlardan bir nafarini «Ishga marhamat» mono-markazlarida tashkil etilgan surdo va tiflo tarjimoni o‘quv kurslarida o‘qitish yo‘lga qo‘yilsa, ayni muddao bo‘lardi.
Partiya dasturida, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ko‘zi ojiz tengdoshlarimizni Brayl alifbosidagi darsliklar va maxsus daftarlar bilan ta’minlash, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish maqsadida joylarda «Mahalla kutubxonasi»ni tashkil etish ishlarini jadallashtirish g‘oyasi o‘rin olishini istardik.
Plastmassa mahsulotlarini qonun bilan tartibga solish kerak
Diyorbek HUSEINOV,
Navoiy davlat pedagogika instituti talabasi:
— Mamlakatimizda maishiy chiqindilarni qayta ishlash sohasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar oz emas. Bu yo‘nalishda yirik quvvatlar ham, saralash poligonlari ham qurilishi muhim. «Toza hudud» DUK tomonidan barpo etilgan poligonlar ko‘pincha sanitar-epidemiologik va ekologik talablarga javob bermaydi.
Bularning barchasi bitta joyda yig‘ilib qolgan va saralanmagan chiqindilar atrof-muhitning ifloslanishiga olib kelmoqda. Shuning uchun partiya saylovoldi dasturiga «Chiqindilar to‘g‘risida»gi qonunni takomillashtirish va uni yangi tahrirda tayyorlash vazifasini kiritish zarur.
BMT hisobotiga asosan mikroplastiklar biz iste’mol qiladigan ovqat, ichadigan suv va nafas olayotgan havoda mavjud. Agar plastmassadan qayta foydalanish, qayta ishlash, yo‘nalishni o‘zgartirish va diversifikatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘linsa, 2040 yilga kelib plastik ifloslanish 80 foizga kamayishi mumkin. Shu sababli bir marta ishlatiladigan plastmassadan tayyorlangan mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotishni qonun bilan tartibga solish taklifini bildiramiz.
Ijtimoiy shartnomalar kerak
Abdulloh AHMEDOV,
Andijon yuridik texnikumi o‘quvchisi:
— Saylovoldi dasturiga aholini ijtimoiy himoya qilishda davlatning ijtimoiy majburiyatlarini oshirish va ijtimoiy kelishuv dasturlarini joriy qilish masalasini kiritishni taklif etamiz.
Ijtimoiy kelishuvlar ehtiyojmand aholiga ko‘maklashgan holda inson kapitalini rivojlantirish orqali kelgusi avlod uchun «ijtimoiy lift» vazifasini bajaradi. Bundan tashqari, ijtimoiy shartnomalar kambag‘allikning gender tafovutini yaxshilashga yordam beradi.
Bizningcha, ehtiyojmand oila yoki fuqaro bilan bandlikni ta’minlash, kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganish yoki tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda ijtimoiy shartnoma tuzish o‘zining amaliy natijasini beradi.
Moliyaviy savodxonlik yetarli emas
Lazizjon DAMINOV,
Termiz shahridagi «Inson» ijtimoiy himoya markazi xodimi:
— Bizda moliyaviy savodxonlik yetarli emas. Bu borada Markaziy bank, Savdo-sanoat palatasi va boshqa bir qancha davlat va nodavlat tashkilotlarining loyihalari bor, lekin ularning qamrovi cheklangan. Tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, aholining moliyaviy savodxonligini oshirish ishlarini tashkil etishda yosh va hududlar nuqtai nazaridan ham yondashish kerak.
Saylovoldi dasturiga bank xizmatlaridan, oilaviy tadbirkorlik dasturlari asosidagi kreditlar va turli subsidiyalardan foydalanish borasida aholining bilimini, xabardorlik darajasini oshirishga qaratilgan moliyaviy savodxonlik kurslari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalasini kiritish taklifini bildiramiz.
Bolalar maydonchalari himoyalanishi muhim
Dildora SA’DULLAYEVA,
«O’zbekiston 24» teleradiokanali axborot muharririyati muharriri:
— Poytaxtimiz bugun katta qurilishlar maydoniga aylangan, bunyodkorlik ishlari avjida. Ammo muammolar ham yig‘ilib qolmoqda. Masalan, shaharning urbanizatsiya jarayoni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan, bosh rejasi hanuz tasdiqlanmagan. Uy-joy kommunal sohasida muammoli vaziyatlar to‘liq bartaraf etilmayapti, yog‘ingarchilik bo‘ldi deguncha, drenaj-oqova suvi tizimidagi kamchiliklar yarq etib yuzaga chiqadi. Bolalar maydonchalari qarovsiz va egasiz bo‘lib qolmoqda.
Saylovoldi dasturida ko‘p qavatli uylarga tutash bo‘lgan joylarda zamonaviy bolalar maydonchalarini qurish, rekonstruksiya qilish va saqlash uchun aniq javobgar tashkilotni belgilash masalasini ilgari surish lozim. Ushbu maydonchalarni zaxira yer maqomidan chiqarib, qurilishdan xoli, o‘zlashtirib olishdan himoyalangan, alohida kadastrga ega bo‘lgan hududga aylantirish kerak, deb o‘ylaymiz.
Shuningdek, joylarda «Jamoat bog‘i» yoki «Salomatlik bog‘i»ni tashkil etish zarur. Bu bog‘lar keksalar uchun yugurish va veloyo‘laklarni, zamonaviy sport va o‘yin qurilmalarini, turli xil mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish uchun maxsus zonalarni o‘z ichiga olsa, nur ustiga nur.
Hujjatlar ko‘pligi ijroni qiyinlashtiradi
Shohruh O‘KTAMOV,
Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi:
— Yoshlar siyosatiga oid bir qator huquqiy-normativ hujjatlar ishlab chiqilgan va amaliyotga tatbiq etilgan. Ammo ularning ko‘pligi, ijrosini ta’minlashga qaratilgan qonunosti hujjatlari va ichki idoraviy hujjatlarning xilma-xilligi sohada ishlarning amaliy jarayondan qochib, statistika yuritish, hisobdorlikni oshirish kabi yo‘nalishlarga urg‘u qaratishga olib keladi. Shuning uchun huquqiy hujjatlarni umumlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, yoshlarga oid masalalar bo‘yicha 130 ga yaqin me’yoriy hujjatlar bor. Saylovoldi dasturimizda «Yoshlar kodeksi»ni ishlab chiqish taklifini ilgari surish kerak, deb o‘ylaymiz. Bunda yoshlarni qiynayotgan muammolar bo‘yicha davlat javobgarligini oshirish, qonunchilik orasida integratsiyani ta’minlash, nogironligi bo‘lgan yoshlarning imtiyozlari va ular oldida hukumatning mas’ulligini aniq belgilash masalalari ham qamrab olinmog‘i muhim.
* * *
Forumda yoshlar tomonidan mana shunday zalvorli va jo‘yali takliflar bildirildi. Ular o‘z g‘oyalarini xorijiy tajribaga tayanib izohlashdi, elektorat manfaati nuqtai nazaridan asoslashdi. Samarqand viloyati vakillarining harakatlanishda maxsus aravachalardan foydalanuvchilarni turizmga jalb qilish borasidagi taklifi, ayniqsa, ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi.
Umuman, forumda qiziq, asosli, optimistik g‘oya va takliflar berildi. Turli hududlardan bitta platformaga yig‘ilgan yoshlar o‘zaro fikr almashish, dolzarb savollarga birgalikda javob olish muhiti yuzaga keldi.
Eng muhimi, yoshlarda faollik bor, islohotlarga daxldorlik bor. Ana shunday yosh a’zolarimiz safi kengayaversin!
Zilola UBAYDULLAYEVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 1.05.2023, №18