Tovar va xizmat kunda zarur
Tovar va xizmat kunda zarur

 

Aholi farovonligini o‘zida mujassam etadigan eng asosiy ko‘rsatkichlardan biri – bu oila budjetining hajmi va tarkibidir. Ushbu ko‘rsatkich iste’mol bozorining zarur tovar va ijtimoiy xizmatlar bilan qanchalik to‘ldirilgani hamda aholining undan foydalanish imkoniyatlari qay darajada ekanligi bilan o‘lchanadi.

Oziq-ovqat xavfsizligiga, uning arzon va yetarli ekanligiga barqaror rivojlanishning ajralmas qismi sifatida qaralmoqda.

Shu sababdan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi 2019 yilgi parlament va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovdan so‘ng ehtiyojmand aholi qatlamini kundalik zarur tovar va xizmatlar bilan ta’minlanishi g‘oyasini ilgari surgan edi.

 

Sog‘lom oziq-ovqat siyosati

Tovar va xizmatlar iste’moli hayot darajasini belgilab beruvchi muhim tarkibiy qismdir. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, aholi sonining muttasil o‘sishiga qaramasdan, ularning real daromadlari, ayniqsa, oxirgi 5-6 yilda katta o‘sish tendensiyasini ko‘rsatmoqda.

Yer shari aholisining tez ko‘payib borayotgani va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyati cheklanayotgani sababli ko‘plab mamlakatlarda aholini sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash muammoga aylanib bormoqda. Bu aholini zarur oziq-ovqat bilan ta’minlash hamda uning xavfsizligiga erishish masalalariga jiddiy e’tibor qaratishni talab etdi.

Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligida mahsulotlar yetishtirishni rag‘batlantirish, oziq-ovqat tarmog‘ini barqaror rivojlantirish, chorvachilikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 200 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, sohada davlat siyosatini yangicha yondoshuvlar asosida yuritish tizimi joriy qilindi.

2021 yilda tomorqa xo‘jaliklarini yuritishni tashkil etish va ularni rivojlantirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish uchun “tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Shu bilan birga, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish va yuritish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonun ham qabul qilindi.

Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlariga aholining ortib borayotgan talabini to‘liq qondirish, narxlar oshib ketishi va aholi real daromadlari pasayishining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 7 oktabrdagi “Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash va ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Qarorga muvofiq, bojxona bojidan ozod qilinadigan bir qator mahsulotlar ro‘yxati tasdiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 16 fevralda “Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmon bilan “O‘zbekiston Respublikasining oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom oziqlanishni ta’minlashning 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi” tasdiqlandi.

Oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni ta’minlashning strategik maqsadi — mamlakat aholisini yetarli hajmda xavfsiz, sifatli va arzon qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hamda hozirgi va istiqboldagi iste’mol ehtiyojlari, ratsion me’yorlari darajasida oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, shuningdek, aholi o‘rtasida sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilishdan iborat.

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 1 aprelda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va ularni eksport qiluvchi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 1 apreldan boshlab, meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 10 foizidan oshmagan taqdirda muddati o‘tgan debitor qarzdorlik hisoblanmay, tadbirkorlik subyektiga nisbatan jarima qo‘llanmaydigan tizim joriy qilindi.

2026 yil 1 yanvarga qadar mahallalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yig‘ib, faqat mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga sotish bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarni o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berildi.

 

Oziq-ovqat sanoati rivojlansa...

Butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholining sifatli meva-sabzavotlarga bo‘lgan talabini qondirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda bu boradagi ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Natijada yiliga 20 million tonnadan ortiq meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirilmoqda.

Respublikada oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish, sohaga investitsiya mablag‘larini jalb qilish va eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 6,1 mlrd. dollardan oshdi.

Shuningdek, oxirgi uch yilda import o‘rnini bosuvchi 75 turdagi 289,9 mln. dollar miqdoridagi oziq-ovqat sanoati mahsulotlari ishlab chiqarilishi ta’minlanib, import hajmi 7,4 foizga kamaydi. Respublikada oziq-ovqat sanoati ulushi 14 foizdan 16,6 foizga yetdi.

Natijada O‘zbekiston BMtning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida “Ming yillik rivojlanish maqsadlari”ga erishgani uchun maxsus mukofotiga sazovor bo‘lgan dunyodagi 14 ta davlat orasida e’tirof etildi.

 

Tovar va xizmatlar maqbulligi

Bozor iqtisodiyoti davrida tovar va xizmatlar narxlarini nazorat qilish biroz mushkul. Shunga qaramay, narx va tariflar ustidan davlat hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Qanchalar qiyin bo‘lmasin, tomonlar mas’uliyatini oshirish, me’yorni saqlash borasida qat’iy nazorat o‘rnatilmoqda.

Oziq-ovqat ta’minoti aholi farovonligida va inflatsiyani jilovlashda muhim omillardan biri. Shu bois savdo nuqtalari, bozorlardagi narx-navo barqarorligini ta’minlash, xususan, non va non mahsulotlari bahosini sun’iy oshirib yubormaslik bo‘yicha tezkor choralar ko‘rib borilmoqda.

Natijada aholini arzon va sifatli ijtimoiy muhim mahsulotlar bilan ta’minlash uchun dehqon va fermerlarga ko‘maklashish hamda ularning manfaatdorligini oshirishga asoslangan “daladan dasturxonga” mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.

Ichki iste’mol bozorini qish-bahor mavsumida barqaror ta’minlash maqsadida meva-sabzavot mahsulotlarini zaxiraga g‘amlash, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar ehtiyojini ta’minlash bo‘yicha davlat buyurtmasi tizimi joriy qilindi.

Respublikamizdagi barcha dehqon bozorlarining kirish va aholi gavjum bo‘lgan joylarida birlamchi ehtiyojdagi 27 turdagi tovarlarni sotish bo‘yicha qariyb 2 900 ta arzonlashtirilgan maxsus rasta va savdo nuqtalari tashkil qilindi.

Keyingi yillarda ozuqabop mahsulotlar yetishtirishga 200 ming gektar yer ajratilgani hamda 500 ming gektar qo‘shimcha yerlar foydalanishga kiritilgani ichki bozorda narx-navoni barqaror saqlashga xizmat qilayapti.

Prezidentning 2023 yildagi “Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2024 yil 1 yanvargacha 35 turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga import bojlari nol stavkada belgilan edi.

Natijada bojxona imtiyozlari asosida import qilingan 36 turdagi tovarlarning 24 turi bo‘yicha ulgurji narxlarning pasayishi kuzatildi.

Bundan tashqari, 2023 yilning 1 mayidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan aholining mol, qo‘y va parranda go‘shti, tuxum, o‘simlik yog‘i, un, shakar, dori vositalari va tibbiy xizmatlar uchun qilgan xarajatlariga qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarilishi tizimi joriy qilindi. Natijada 2 milliondan ortiq oilaga yengillik yaratildi.

Bu ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi manfaatlari uchun ayni muddao bo‘ldi.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2023 yil 15 oktabrdan boshlab «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari va ijtimoiy xodimlar ko‘rsatadigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ro‘yxati tasdiqlandi.

O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar har oyda 15 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va 4 turdagi gigiyena tovarlari bilan bepul ta’minlanishi yo‘lga qo‘yilgani ham partiyamiz g‘oyalariga hamohangdir.

2024 yil 1 maydan reyestrga kiritilgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga har oylik uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya hamda oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigiyena tovarlari uchun har oyda qo‘shimcha pul to‘lovlari o‘rniga har oyda minimal iste’mol xarajatlari miqdorida moddiy yordam joriy etildi.

2024 yil 1 martdan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish, mustaqil harakatlanish va mo‘ljal olish imkoniyati cheklangan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xodimlar assistentlarining “soatbay” asosda haftaning barcha kunlari xizmat ko‘rsatishi uchun moslashuvchan ish tartibi joriy etildi.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdi-ki, mamlakatimizda tovar va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini va eksport salohiyatini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi davlat xalq oldida doim mas’ul bo‘lishini, ehtiyojmand aholi qatlamining kundalik zarur tovar va xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini, jamiyatda ijtimoiy tenglik va barqarorlik bardavom bo‘lishini ustuvor maqsad, deb biladi.

 

Abror QURBONOV,

O‘zXDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i.

«O‘zbekiston ovozi», 1.05.2023, №18

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Saylov-2019 Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Saylov
← Roʻyxatga qaytish