Bandlik: Vazirga jiddiy savollar bor
Bandlik: Vazirga jiddiy savollar bor

 

Keyingi yillarda mamlakatimizning huquqiy davlatchilik asoslarini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘z-o‘zidan ma’lumki, huquqiy islohotlarga tamal toshi qo‘yiladigan maskan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hisoblanadi. Palata faoliyati bilan yaqindan tanishgan har kim u yerda olib borilayotgan ishlarning nechog‘lik ulkan mas’uliyat va katta mehnat talab qilinishiga amin bo‘ladi. Jumladan, navbatdagi majlisi kun tartibidan o‘rin olgan masalalar ahamiyati ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.

 

Shu kuni yig‘ilishda birinchi bo‘lib qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ikkilamchi ijaraga berish va ulardan samarali foydalanish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.

Eslatib o‘tish lozimki, loyiha shu yilning 27 fevral kuni bo‘lib o‘tgan palata majlisida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qonun loyihasidagi ayrim moddalarga tahririy tuzatish kiritish, loyihani yanada takomillashtirish va maromiga yetkazish uchun mas’ul qo‘mitaga qaytarilgandi.

Shu vaqt davomida mas’ul qo‘mita deputatlar tomonidan berilgan taklif va e’tirozlardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi hamda “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonuniga kiritilayotgan normalarni viloyatlarga chiqqan holda, fermer xo‘jaliklari misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganishgan.

Qonun loyihasi bilan Yer kodeksi hamda “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlari o‘n yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Yana loyiha bilan O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga pillachilik va tutchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga, agrosanoat klasterlariga va boshqa yuridik shaxslarga maydoni o‘n gektargacha bo‘lgan yer uchastkalari ajratilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Mazkur qonunning qabul qilinishi yer uchastkalaridan samarali foydalanish hamda pillachilik va tutchilikni yanada rivojlantirish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish imkoniyatlarini kengaytirish, yer uchastkalari va suv resurslaridan foydalanishda qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlanib, bir ovozdan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

 

Ijarachi ijaraga beradi

Majlisda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan Yer kodeksi va yana 6 ta qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilmoqda.

Xususan, Yer kodeksining yer uchastkasi ijarasi to‘g‘risidagi 24-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga berish belgilanmoqda.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga berilgan yer uchastkalari bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishga, ya’ni qayta ijaraga berishga ruxsat etish nazarda tutilmoqda.

Ya’ni, mazkur yer uchastkasidan foydalanayotgan ijarachi endi boshqa shaxsga ijara huquqini sotishi mumkin bo‘ladi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerdan foydalanayotgan ijarachi qandaydir sabab bilan, masalan, sog‘ligidagi muammo tufayli yerdan foydalanish imkoni bo‘lmay qolsa, bunday holatda yer hokimiyat balansiga qaytarilar edi.

Agar mazkur loyiha kuchga kirsa, ijarachi o‘zi foydalanayotgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerning ijara huquqini boshqa shaxsga sotishi mumkin bo‘ladi.

Bu o‘z-o‘zidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishiga, ya’ni, manfaatdorlik hissining oshishiga olib keladi.

Loyihada yer uchastkasini ijaraga olish huquqi kredit olish uchun garovga qo‘yilgan va kredit majburiyati bajarilmagan taqdirda, kreditorlar tomonidan mazkur yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqini yerdan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish tartibi belgilanmoqda.

Deputatlarning qayd etishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini jismoniy va yuridik shaxslarga berishda turli bahsli mezonlarga tayangan ochiq elektron tanlov o‘rniga shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan elektron onlayn-auksion savdolari joriy etiladi.

Shu bilan birga, yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga olingan yerlarga nisbatan o‘z huquq va majburiyatlarini yerdan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda boshqa shaxsga o‘tkazishga ruxsat berish orqali qishloq xo‘jaligi yerlarini bozor aktiviga aylantirish imkoni beriladi.

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar qonun loyihasining hayotiy ekanligini ta’kidlashdi. Loyiha birinchi o‘qishda qabul qilindi va ikkinchi o‘qishda uni yanada mukammal va atroflicha pishitishga kelishib olindi.

 

Agentlik direktori eshituvga chaqirildi

Quyi palata kun tartibidan Yoshlar ishlari agentligi direktori A. Sa’dullayevning “Yoshlarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilishga, shuningdek, ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axborotini eshitish haqidagi masala ham o‘rin olgan edi.

Qayd etib o‘tish lozimki, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham yoshlarning huquq va manfaatlari alohida moddalar bilan muhrlab qo‘yildi.

Qolaversa, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘plab vazifalar belgilangan.

Shulardan kelib chiqib xalq vakillari yoshlarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish, ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi direktorining axborotini eshitish bo‘yicha qaror qabul qilishdi.

 

 

Vazirga jiddiy savollar bor

Majlis yakunida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziriga “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish hamda mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni reintegratsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.

Keyingi yetti yilda mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish hamda migrantlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining 3 ta Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 10 ta farmoni va qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 8 ta qarori qabul qilingan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida videoselektor yig‘ilishlari o‘tkazilib, ularda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

Mazkur normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan ustuvor maqsadlar va vazifalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi aholi bandligini ta’minlash, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, mehnat bozorida yangi yo‘nalishlarni ochish, tashqi mehnat migratsiyasini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan mehnat migratsiyasi sohasini tartibga solishga qaratilgan qonunchilik hujjatlarining ijro etilishi holati nazorat-tahlil tartibida o‘rganib borilmoqda.

O‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, xorijda ishlash istagida bo‘lgan, lekin kasbiy malakaga ega bo‘lmagan yoki chet tilini bilmaydigan fuqarolar respublikamizning barcha hududlarida tashkil etilgan monomarkazlar hamda kasb-hunarga o‘qitish markazlariga o‘qishga jalb qilinib, ish beruvchining talabiga mos ravishda maqsadli tayyorlanmoqda. Natijada, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 2023 yilda 38,4 ming fuqaro xorijda ishlash uchun yuborilgan bo‘lsa, mazkur ko‘rsatkich 2024 yil birinchi choragining o‘zida 20,9 ming nafarni tashkil etmoqda.

Shu bilan birga, tahlillar sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan birga o‘z yechimini kutayotgan qator masalalar ham mavjudligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, ko‘plab yangi xorijiy ish beruvchilar va rekruting agentliklari bilan kelishuvlarga erishilganiga qaramay, mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish borasidagi ishlarni tashkil etishda yetarlicha samaradorlik sezilmayotgani keltirilgan.

2024 yilning yanvar-aprel oylarida mehnat migratsiyasidan qaytgan 115 ming fuqaroni ishga joylashtirish, ularni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida mas’ul tashkilotlar tomonidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Ammo shu kunga qadar mazkur masalada aniq reja yoki maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab olinmagan.

Shuningdek, xorijda ishlash istagida bo‘lgan, lekin kasbiy malakaga ega bo‘lmagan yoki chet tilini bilmaydigan fuqarolarni kasbga tayyorlash, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish borasidagi ishlarni tashkil etishda ham ayrim kamchiliklar mavjud.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘laridan samarali foydalanish, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni reintegratsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan:

  1. Mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
  2. Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘laridan samarali foydalanish va maqsadli sarflanishini ta’minlash borasida qanday choralar ko‘rilmoqda?
  3. Mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni reintegratsiya qilish, shu jumladan, ularning bandligini ta’minlash, kasbiy malakasini oshirish va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Kabi masalalar yuzasidan yozma ravishda asoslantirilgan tushuntirishlar berilishi parlament so‘rovida nazarda tutilgan.

Fraksiyamizning ushbu tashabbusi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘z elektorati manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishidan dalolat bermoqda. Aslida har qanday mamlakatning yuksak taraqqiyot yo‘lidan borishi, undagi odamlarning o‘z hayotidan rozi bo‘lishi birinchi navbatda kam daromadli aholi qatlamining daromadlari oshishi bilan bevosita bog‘liq. Shu nuqtai nazardan ham mazkur parlament so‘rovining ahamiyati yuqori.

Bu galgi yig‘ilish ham boshqalari kabi turli masalalarni qamrab olgan, muhokama va takliflarga boy bo‘ldi. Odatda qonunlar birinchi o‘qishda konseptual ma’qullanib, ikkinchi o‘qishda muhokamalarga boy bo‘ladi. Ba’zi qonunlar esa birinchi o‘qishning o‘zidayoq keyingi muhokamalarda ortiqcha savollarga o‘rin qoldirmasligi sezilib turadi. Xullas, yig‘ilish yakunida qaysidir mas’ulga so‘rov yuborilgan bo‘lsa, yana kimnidir eshituvga chaqirishga qaror qilishdi. Shu tariqa Qonunchilik palatasining yana bir o‘zgacha yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

Ahmad QURBONOV

tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 22.05.2023, №21

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish