Mustahkam do‘stlik
Mustahkam do‘stlik

 

Joriy hafta yurtimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida yana bir muhim va qizg‘in voqelik bilan boshlandi. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning 26-28 may kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi asnosida dunyo jamoatchiligi nigohi yana mamlakatimiz tomon qadaldi.

Oliy martabali mehmonning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganidan keyingi ilk xorijiy tashriflaridan birini yurtimizga amalga oshirgani alohida diqqatga molikdir. Zero, bu tashrif vaqt sinovidan o‘tgan mustahkam do‘stlik asosidagi o‘zaro aloqalarni izchil va samarali davom ettirishda muhim o‘rin tutadi.

– Rossiya Prezidentining davlat tashrifi – bu, hech mubolag‘asiz, ko‘p qirrali hamkorligimizning yangi davrini boshlab beruvchi tarixiy voqeadir, – dedi davlatimiz rahbari Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha OAV vakillari uchun tashkil qilingan brifingda.

 

Keng qamrovli strategik sheriklik

Bugun barcha jabhada jadallashgan globallashuv jarayonidan hech bir davlat chetda qolmagani kabi savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar rivojlanishda uzoq-yaqin mamlakatlar bilan faol munosabatlarga kirishish taraqqiyotning negizi hisoblanadi. Shubha yo‘qki, O‘zbekistonning tashqi siyosatda ishonchli va strategik hamkorlari orasida Rossiya yetakchilar safida turadi. Bu bejiz emas. Binobarin, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi keyingi yillarda qariyb ikki yarim baravarga oshdi. Rossiya yurtimiz uchun eng katta eksport bozori bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston bilan faol savdo aloqalariga ega bo‘lgan o‘nta mamlakat orasida mazkur davlat 2,1 mlrd. dollarlik ulush bilan oldingi o‘rinlardan birini egallagan. O‘z navbatida yurtimizda ushbu davlat kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni ham yil sayin o‘sib, uch mingdan ziyodni tashkil etmoqda.

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlat o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlandiki, tashrifga tayyorgarlik doirasida parlament a’zolarining uchrashuvlari, siyosiy maslahatlashuvlar kutilganidek samarali o‘tdi. Aprel oyida Toshkentda “Innoprom” xalqaro ko‘rgazmasida yuzlab yangi kooperatsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. May oyida esa O‘zbekistonning barcha hududlari rahbarlari Rossiyadagi hamkor hududlarda bo‘ldilar. Yirik muhandislik-texnik universitetlar rektorlari va nufuzli tibbiyot muassasalari rahbarlarining konferensiyalari ham yuqori saviyada o‘tkazildi. Toshkentda Rus san’ati haftaligi tadbirlari keng jamoatchilikni qamrab oldi.

Har doimgidek an’anaviy ochiq, konstruktiv va do‘stona muhitda o‘tgan muzokaralar natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yetakchilar ikki tomonlama kun tartibining barcha dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qilib, delegatsiya a’zolarining asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha hisobotlarini tingladilar, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Savdo-iqtisodiy sohada amaliy hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish zarurligi borasida yakdil fikrga keldilar. Kelgusida bu yo‘nalishda 30 milliard dollarlik ko‘rsatkichga erishish vazifasi qo‘yildi.

 

Migratsiyadan tortib ta’lim va sog‘liqni saqlashgacha

Rossiya Prezidentining bu galgi tashrifi doirasida 20 milliard dollarlik yangi loyihalar bo‘yicha kelishuvlar imzolangani yana bir e’tirofga loyiq jihatdir.

Prezidentimiz kooperatsiyani ilgari surish uchun qo‘shma Investitsiya platformasi tashkil etilishi haqida e’lon qildi.

Davlat rahbarlari energetika sohasidagi strategik hamkorlikni kuchaytirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdilar.

Muzokaralar davomida gaz, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va mahalliy korxonalar negizida uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Mamlakatimizda kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha loyihani amalga oshirish to‘g‘risida bitim imzolandi.

– Dunyodagi deyarli barcha yetakchi davlatlar o‘z energetik xavfsizligi va barqaror rivojlanishini atom energetikasi hisobiga ta’minlamoqda. Agar biz O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish istiqbollari haqida o‘ylasak, katta miqdordagi uran zaxiralariga ega va uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakatimiz uchun bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohalarida kooperatsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha aniq rejalar belgilandi.

Prezidentlar ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish ahamiyatiga urg‘u berdilar. Ikki mamlakat yetakchi universitetlari va tibbiyot muassasalari o‘rtasida doimiy muloqot va samarali sheriklikni qo‘llab-quvvatladilar.

Muhandislik kadrlarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ishlar boshlandi. Bu maqsadda tashkil etilayotgan Toshkentdagi Nikolay Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yetakchi Rossiya universitetlarining o‘n beshinchisi bo‘ladi.

Migratsiya sohasidagi hamkorlik masalalari muzokaralarning alohida mavzusi bo‘ldi. Bu sohada o‘zaro hamkorlikning samarali mexanizmlari bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashqi siyosiy idoralar o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlarni davom ettirish, mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida muloqotni chuqurlashtirish muhimligi tasdiqlandi.

An’anaviy va yangi tahdid va xatarlarga, birinchi navbatda, terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafikka qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organlar va maxsus xizmatlar o‘rtasida yaqin hamkorlik masalalari O‘zbekiston va Rossiyaning diqqat markazida qoladi.

Rossiya Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi davomidagi sermazmun uchrashuvlar va samarali natijalar ikki tomonlama do‘stlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, davlatlararo hamkorlik tarixida yangi bob ochishiga ishonch bildirildi.

 

Hududlararo hamkorlikda yangi davr

Tashrif doirasida ikki davlat yetakchilari raisligida O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Kengash majlisini ochar ekan, davlatimiz rahbari Prezident Vladimir Putin va Rossiya delegatsiyasi vakillarini, jumladan, 30 ga yaqin hudud rahbarlari va 300 nafar yetakchi sanoat korxonalari, biznes vakillarini samimiy qutladi.

– Bunday hamkorlik yuqori samaradorlik bilan ajralib turadi, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishga xizmat qiladi, – dedi Prezidentimiz.

Oliy darajadagi muzokaralar samarali natijalar bilan yakunlangani, ikki davlat va xalqlar manfaatlari yo‘lida keng qamrovli sheriklikni kengaytirish va mustahkamlashga bo‘lgan umumiy intilishni ko‘rsatgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda hududlar darajasida 4 milliard dollarlik 200 dan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda. Kengash majlisi doirasida 5 milliard dollarlik yangi shartnomalar to‘plami tayyorlangan.

Rossiya bilan o‘zaro savdo aloqalarida asosiy hamkorlar qatorida Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari, Tatariston, Moskva, Leningrad, Novosibirsk, Astraxan, Ivanovo, Chelyabinsk viloyatlari, Krasnoyarsk, Perm o‘lkalari, Boshqirdiston va boshqalar bor.

Energetika, kimyo va neft-kimyo, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, logistika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarda hamkorlikda istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Toshkent viloyatida tataristonlik investorlar bilan birga ishga tushirilgan "Ximgrad" sanoat zonasi kengaytirilmoqda, Jizzax viloyatida uning filiali barpo qilinmoqda.

Rossiya hududlarining yetakchi korxonalari bilan kooperatsiya loyihalarini ilgari surish uchun yangi qo‘shma sanoat zonalarini tashkil etish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tildi. O‘zbekiston hududlarida agrologistika markazlari tarmog‘ini kengaytirish ishlarini davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Hududlarga Rossiyada ulgurji-taqsimlash markazlarini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi ekinlarini birgalikda yetishtirib, keyinchalik yurtimizga yetkazib berish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, madaniy hamkorlik bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilindi. O‘zbekiston Prezidenti turizm almashinuvini kengaytirish muhimligini aytib o‘tdi. So‘nggi bir necha yilda rossiyalik turistlar soni 5 barobarga oshgani, O‘zbekiston va Rossiyaning barcha yirik shaharlari muntazam aviaqatnovlar bilan bog‘langani ayni muddaodir.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston va Rossiyaning tarixiy shaharlariga turistik yo‘nalishlar va sayohatlarni rivojlantirish bo‘yicha yangi qo‘shma dasturlarni qabul qilishni taklif etdi.

O‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin mamlakatimiz bilan ko‘p qirrali munosabatlarning rivojlanishidagi ijobiy tendensiyalarni yuqori baholab, Rossiya va O‘zbekiston hududlari o‘rtasidagi mavjud ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashning muhim ahamiyatini ta’kidladi. Ishbilarmon doira vakillarini qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Umuman, kengash doirasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hududlararo hamkorlik hujjatlari va bitimlar to‘plami imzolandi.

 

Farida MAHKAMOVA.

«O‘zbekiston ovozi», 29.05.2023, №22

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish