Mehnat migratsiyasi: qanday yangiliklar bor?
Mehnat migratsiyasi: qanday yangiliklar bor?

 

Hozir dunyodagi jadal iqtisodiy integratsiyalashuv jarayonida migratsiya masalasi tobora dolzarblik kasb etmoqda. Hattoki, qonuniy mehnat migratsiyasi jahon iqtisodiyotining muhim tarkibiy qismiga aylanib ham ulgurdi.

BMTning Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda xalqaro migrantlar soni 292 milliondan ziyod bo‘lib, ularning 90 foizdan ortig‘i mehnat muhojirlari sanaladi. Mutaxassislarning aytishicha, migratsiya muayyan vaqtda kuchayib-pasayish tendensiyasiga ega va ma’lum hudud, mamlakat, mintaqa ijtimoiy hayotiga ham ijobiy, ham salbiy, kerak bo‘lsa, siyosiy ta’sirini o‘tkazadi. Shu boisdan migratsiyani huquqiy tartibga solish, uni boshqarish masalalariga alohida e’tibor qaratish hayotiy zaruratdir.

 

Millionlab insonlar hayotiga daxldor

O‘zbekistonda aholi soni jadal sur’atda oshib borayotgani, bandlikni ta’minlashdagi mavjud muammolar migratsiya masalasida jiddiy yondashuvni talab qiladi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan hamyurtlarimiz soni yil boshida o‘rtacha 2 mln. kishini tashkil etmoqda. Ularning 566 ming (27,6%) nafarini xotin-qizlar, 669 ming (32,7%) nafarini yoshlar tashkil etadi.

O‘zbekistondan chet davlatlarga ketayotgan mehnat migrantlarining ko‘pchiligini yuqori malakaga ega bo‘lmagan yoki o‘rta-maxsus ma’lumot olgan shaxslar tashkil qilmoqda. Ular asosan qurilish (51,6%), qishloq xo‘jaligi (12,3%), sanoat (9,2%), savdo-sotiq (8,5%) va boshqa shu kabi chuqur bilim talab qilmaydigan sohalarda ishlamoqdalar.

Davlatlar kesimida ko‘rsak, O‘zbekistondan ishlash uchun ketayotgan migrantlarning 1,2 mln. nafari Rossiya, 200 ming nafari Qozog‘iston, 120 ming nafari Turkiya, 69 ming nafari Janubiy Koreya va 470 ming nafari boshqa davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshiryapti. Bundan tashqari, bir yilda o‘rtacha 1 mlnga yaqin fuqarolarimiz xorijiy davlatlarga qatnab, mavsumiy ishlar orqali daromad topmoqda.

To‘g‘ri, fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini hisobga olgan holda keyingi yillarda tashqi mehnat migratsiyasining samarali tizimini ta’minlash borasida davlatimiz tomonidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.

 

Xo‘sh, unda muammo nimada?

Mohiyatan olib qaralsa, migratsiya aslida salbiy holat emas. Bu har ikkala tomon uchun ham ijobiy jarayondir. Chunki migrantlarning uylariga yuboradigan mablag‘lari oilalar daromadini oshirishga, mamlakatda umumiy turmush darajasini yaxshilashga yordam beradi. Ammo minglab insonlarning vatandan olisda uzoq vaqt bo‘lib turishi, tabiiyki, bir qator ijtimoiy xatarlarni ham keltirib chiqaradi. Bunday holatda migrantlarni alohida qo‘llab-quvvatlashning, himoya qilishning ta’sirchan mexanizmlari amaliyotda tatbiq etilmog‘i lozim.

 

O‘rol O‘ROZBOYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Odamlarni o‘z yurtini tashlab ketishga majbur qilayotgan bir qancha omillar mavjud. Masalan, dunyoning ayrim davlatlarida davom etayotgan qurolli mojarolar, etnik ta’qib, tabiiy ofatlar va qashshoqlik. Yoki o‘qish yoki yaxshiroq daromad uchun safarga chiqqanlar ham bor. Ularning asosiy qismi erkaklar bo‘lsa-da, ayollar ulushi ham kam emas. Eng yomoni, migrantlar orasida 20 yoshga ham to‘lmagan yigit-qizlarning borligidir.

Dunyo miqyosida ishchi kuchining norasmiy migratsiyasi ko‘payib bormoqda. Bunday ishchilar esa ijtimoiy, huquqiy jihatdan himoyalanmagan bo‘ladi. Aksariyat hollarda ular mahalliy ishchilarga nisbatan bir necha barobar past haq olib kelmoqda. Ochig‘ini aytish kerak, xorijdagi fuqarolarimiz orasida og‘ir mehnat sharoitlarida ishlayotgan, boshpanasiz qolgan, haq-huquqlari kamsitilayotganlar ham yo‘q emas. Muhojirlarimizning ijtimoiy va huquqiy himoyasi har doim ham ta’minlanyapti, desak yolg‘on bo‘ladi. Nopok ish beruvchilar tomonidan aldanish, odam savdosi qurboni bo‘lish va ish haqini ololmaslik holatlari tez-tez uchrab turibdi. Shuningdek, jinoiy, radikal guruhlar ta’siriga tushib qolish, jinoyatga qo‘l urish kabi noxush hodisalar haqida, afsuski, ko‘p eshityapmiz.

Oilasini, bola-chaqasini boqish, uy qurish, orzu-havaslarini ro‘yobga chiqarish uchun yaqinlaridan olisda yashayotgan, ishlayotgan fuqarolarning haq-huquqlarini qat’iy himoya qilish bugungi dolzarb masaladir. Fikrimizcha, bu boradagi muammolarning oldini olish uchun, avvalo, fuqarolar bilan tizimli ishlash, qonuniy mehnat migratsiyasini keng tashkil etish kerak. Mehnat bozorida migratsiya orqali ish o‘rniga ega bo‘lish tabiiy jarayon hisoblanadi va buni to‘xtatib ham bo‘lmaydi. Faqat tizimni izchil chora-tadbirlar asosida tartibga solish va fuqarolarni faqat qonuniy yo‘l bilan xorijga ishga jo‘natish ishlarini kuchaytirishimiz kerak.

 

2 yil ichida 600 ming odam xorijga ishga jo‘natiladi

Shu yil fevral oyi boshida davlatimiz rahbariga migratsiyani tartibga solish va mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimot qilingan edi. Keltirilishicha, mehnat migratsiyasidan qaytganlarni ishga olgan korxonaga har bir xodim uchun bir yil davomida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan oyiga 500 ming so‘m subsidiya beriladi. Ushbu tadbirlarga joriy yil uchun barcha manbadan 100 milliard so‘m ajratiladi. Tibbiy muassasalar migratsiyadan qaytgan shaxslar va ularning oila a’zolarini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi. «Inson» markazlari tomonidan ota-onasi xorijda mehnat qilayotgan bolalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.

Albatta, bu sohaning huquqiy asosini yanada takomillashtirish, mehnat migrantlarining ijtimoiy kafolatlarni ta’minlashda Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan «Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni ayni muddao bo‘ldi.

 

Anvar SAFAROV,

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Xorijga ishga joylashtirish departamenti bosh mutaxassisi:

– Farmonga ko‘ra, ikki yil ichida 600 ming odamni xorijga ishga jo‘natish, 1 iyundan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga xorijiy tillar yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish, «ishchi viza»ni rasmiylashtirish va yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qisman qoplash uchun kompensatsiya to‘lash tartibi joriy qilinadi.

Yanada aniqroq aytganda, «Xorijda ish» mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:

  • xorijiy tillar va kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun BHMning 3 baravarigacha;
  • «Ishchi viza»ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun BHMning 5 baravarigacha;
  • yo‘l chiptasi uchun BHMning 2 baravarigacha miqdorda kompensatsiya to‘lanadi.

2024 yil 1 sentabrga qadar xorijda vaqtincha ishlayotgan yurtdoshlarga yordam ko‘rsatish uchun tunu kun ishlaydigan Call-markaz tashkil etiladi. 2025 yil 1 iyulgacha esa O‘zbekistondan tashqariga chiquvchi va davlat hududiga kirib keluvchi shaxslarning aniq hisobini yuritish imkonini beruvchi elektron ma’lumotlar bazasi yaratiladi. Shuningdek, xorijda vaqtincha ishlovchilar uchun bo‘lib turgan mamlakatlari va u yerdagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotlarni joylashtirish, vatandoshlar bilan onlayn muloqot qilish va pul o‘tkazmalarini amalga oshirish, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan bog‘lanish imkonini beruvchi mobil ilova yaratiladi.

 

«Xorijga ish – mahalladan» tamoyili asosida

Yetarli malakasi bo‘lmagan fuqarolar kasb-hunarga qo‘shimcha o‘qitiladi, xorijlik ish beruvchilar talabiga qarab maqsadli tayyorlanadi. Shu asosida yaqin muddatlarda 150 ming kishi daromadi yuqori mamlakatlarga yuborilishi mo‘ljallangan.

Yaqinda davlatimiz rahbari huzurida mahallalarda bandlikni ta’minlash va mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda bu masala alohida ta’kidlandi.

Fuqarolarni chet elda ishlashga tartibli va xavfsiz jo‘natish, yurtga qaytganlarning bandligini ta’minlash ham g‘oyatda dolzarbdir. Shu bois Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati isloh qilinmoqda. Barcha hududlarda «Xorijga ish – mahalladan» tamoyili yo‘lga qo‘yilmoqda. Mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga esa Sayxunobod tajribasi asosida tomorqada mahsulot yetishtirish, tadbirkorligini ochishga tashkiliy-moliyaviy ko‘mak beriladi.

Davlat rahbari fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatish, bandlikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi. Migratsiya bo‘yicha yagona axborot platformasini yaratib, «mahalla yettiligi» tizimi bilan integratsiya qilish, xorijda qiyin vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarga ko‘maklashish zarurligi ta’kidlandi.

 

***

Bugun yurtimizda kimningdir oilasi, qarindoshi, kimningdir do‘sti xorijda mehnat qilmoqda. Tashqi mehnat migratsiyasi masalasidagi har qanday xabar, yaxshi yangilik hammamiz uchun birdek muhim, desak xato bo‘lmaydi. Yuqorida bu mavzuga qisqacha to‘xtaldik. Mehnat migratsiyasini takomillashtirish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar amaliyotda qanday natija bera boshlagani haqida keyinroq yana so‘z yuritamiz. Demak, mavzuga hali qaytamiz.

 

Laziza SHEROVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 29.05.2023, №22

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish