O‘zbekistonda tug‘ilishni rejalashtirish kerakmi?
O‘zbekistonda tug‘ilishni rejalashtirish kerakmi?

 

2024 yil 22 aprel kuni O‘zbekiston aholisi soni 37 millionga yetdi. Esingizda bo‘lsa, 36 millionlik marrani 2022 yil 8 dekabr kuni bosib o‘tgan edik. Qarang, 1 yilu 4 oyda yana 1 millionga ko‘paydik.

Bunday darajada o‘sishni davlat va jamiyat ko‘tara oladimi? Asosiy savol: tug‘ilishni rejalashtirish kerakmi?

 

Dunyoda aholi soni allaqachon 8 milliarddan oshgan va bu raqam yildan-yilga jadal ko‘tarilib bormoqda. Ma’lumotlarga qo‘ra, so‘nggi 200 yilda odamlar soni sakkiz baravar ko‘paydi. 1900-yillarning boshida sayyorada 1,6 milliard, asr o‘rtalarida 2,6 milliard, XXI asrga kelib 6 milliard, 2011 yilda – 7 milliard odam yashagan.

O‘zbekiston ham aholi soni tez sur’at bilan o‘sib borayotgan davlatlardan. 1991 yili mamlakatimiz aholisining soni 21 mln edi. Prognozlarga ko‘ra, 2120 yilga borib O‘zbekiston aholisi soni qariyb 210 mln kishiga yetishi mumkin. Bu esa, albatta, bir qancha muhim strategik vazifalarni ishlab chiqib, amalga oshirishni nazarda tutadi.

Demografik ko‘rsatkichning jadallashuviga yondashuvlar ham turlicha. Kimdir bu iqtisodiy inqirozni keltirib chiqarishini ta’kidlasa, yana kimdir iqtisodiy rivojlanishga olib keladi, demoqda.

 

Inson kapitali muhim, ammo...

– O‘zbekistonda aholi soni keskin o‘sib bormoqda. Bu yaxshi. Yaxshi tomoni shundaki, bu inson kapitali. Ya’ni, biz kelajakda ishchi kuchi, kadrlar tanqisligi bilan bog‘liq muammoli vaziyatlarga duch kelmaymiz. Lekin dunyo bo‘yicha loyihalashtirish kabi dolzarb yo‘nalishlar bor. Hozirgi kunda tug‘ilgan farzandlarning sonidan kelib chiqib, kelajakni loyihalashtirishimiz kerak. Aholi soni ko‘payishiga qarab kelajakni yaratishimiz kerak, – deydi sotsiolog Feruza Mahmudova. – Aytaylik, har yili qancha bola tug‘ilyapti, shu tug‘ilishga qarab bog‘chalarni, maktablar va oliy ta’lim dargohlarini moslashtirishimiz kerak. Keyinchalik shu o‘sishga yarasha ish o‘rni yaratish imkoniyatlarini o‘rganish zarur.

Ko‘pgina davlatlarda bugungi kunda ishchi kuchiga ehtiyoj mavjud. Bizda esa yoshlarimiz ko‘p. Ularni faqat o‘qishga, kasb-hunarga to‘g‘ri yo‘naltirishimiz kerak bo‘ladi.

Har qanday davlatning iqtisodi ham, siyosati ham, ma’naviyati ham avvalo, aholi bilan. Hudud bilan aholi soni mutanosib bo‘lishi kerak. Qolaversa, odamlarimiz orasida hamon boqimandalik kayfiyati ham uchrab turishi sir emas. Ya’ni, “Ko‘p bolali oilaliman, demak, davlat menga yordam berishi zarur”, degan qarash bilan yurganlar bor. Aslida oilani rejalashtirish kerak. Ya’ni, xonadonning iqtisodiy ahvoli, ayolning-onaning salomatligi, bolalar ta’lim-tarbiyasi, sog‘lom ovqatlanish kabi muhim masalalarga shunchaki ko‘z yumib o‘tish kerak emas.

– Demografik jarayonlar, birinchi navbatda, ijtimoiy-iqtisodiy va aholi bandligi mehnat faoliyatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatib, milliy iqtisodiyot va jamiyat rivojlanishining asosiy omili bo‘lib xizmat qiladi, – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Moliya va moliyaviy texnologiyalar” kafedrasi dotsenti Shuhratjon Fozilchayev. – Shuningdek, inson kapitali sifati, bandlik va ishsizlik darajasi, yalpi ishlab chiqarish, aholining jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha daromad ko‘rsatkichlari, uy-joy bilan ta’minlash, keksalarning, nogironligi bor va boquvchisini yo‘qotganlarning pensiya ta’minotini tashkillashtirish masalalarida hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu ma’noda aytadigan bo‘lsak, aholi sonining ko‘payishi ham muammo, ham imkoniyatdir. Bir tomondan, mehnatga layoqatli aholining ko‘pligi barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi. Boshqa tomondan mamlakat iqtisodiyoti har yili millionlab ishchi o‘rinlarini yaratishi kerak.

Davlatimizda aholining jadal sur’atda o‘sishi barobarida uy-joy, ijtimoiy infratuzilma, aholining savodxonlik darajasi va ilmiy potensialini yuksaltirish, maktabgacha va maktab ta’lim qamrovini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish kabi dolzarb masalalarni kun tartibiga chiqarmoqda. Chunki Asosiy qomusimizga muvofiq, davlat fuqarolar uchun bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim hamda tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini olishni kafolatlaydi.

Demografik jarayonlarni nazorat qilish qaysidir ma’noda inson huquqlarini cheklashdek ko‘rinadi, lekin ongli jamiyat har doim o‘zining demografik siyosatini rejalashtirishi, sifatli inson kapitali imkoniyatlaridan samarali foydalanishi lozim.

Aholining o‘sishi tabiiy resurslarga talabni oshirib boradi. Shu ma’noda aytadigan bo‘lsak, bu jarayonni nazoratda ushlab turish va rejalashtirish kerak, deb o‘ylayman.

– Avvalgi yillarda tug‘ilishlar soni 700-800 mingni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yildan hozirgi kungacha 920 ming – 960 ming nafarni tashkil etmoqda. Bu ijtimoiy soha obyektlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Masalan, maktablarga chiqayotgan bolalar sonini olaylik. Bir paytlar o‘rtacha 700 mingga yaqin bola birinchi sinfga qabul qilingan bo‘lsa, endilikda bu raqam yana bir necha yuz mingga oshishi kutilyapti. Asosiy sabab – bu yuqori tug‘ilish ko‘rsatkichidir, – deydi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti xodimi Muhabbat Ahmedova. – Bugungi kunda aksariyat rivojlangan davlatlardagi aholining “qarishi”, bizning prognozlarga ko‘ra, O‘zbekistonda yaqin o‘n yilda kuzatilmaydi. Lekin mehnatga layoqatli yoshdan katta bo‘lgan aholi soni ulushi sekin-asta oshayotgani ham bor gap. Bu esa pensiya jamg‘armasiga katta ta’sir o‘tkazadi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimiga, qariyalarning ko‘p bo‘lishi ijtimoiy xodimlar sonining oshishiga, pensiyaga ajratilayotgan jamg‘armalarning kengayishiga va, umuman olganda, bugungi pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqishni talab etadi. Bir so‘z bilan aytganda, aholi sonining o‘sishi inson kapitaliga sarmoyalar kiritishni taqozo etadi.

Aholi sonining o‘sishi yomon, deb ayta olmayman. Shunga qarab siyosat olib borish kerak. Aholi nufusi oshishi jamiyatning, respublikaning boyligi, deb o‘ylayman.

 

Oilani rejalashtirish vaqti keldi(mi)?

Mutaxassislarning aytishicha, demografik jarayonlar nafaqat obyektiv omillarga, balki nikoh-oila munosabatlariga ham bog‘liqdir. Bugungi kunda yoshlarimizning o‘z oilalarini ongli ravishda rejalashtirayotgani jamiyatimizdagi ijobiy o‘zgarishlardan biridir.

Oilani to‘g‘ri rejalashtirish, eng avvalo, bolalarga zarur bo‘lgan barcha moddiy va nomoddiy ne’matlar – sifatli ta’lim, oziq-ovqat, uy-joy bilan ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.

Bugungi demografik muammolar nuqtai nazaridan qaraganda, oilani rejalashtirish vaqti keldimikan?

 

Qizilgul QOSIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– O‘zbekistonda nufus oshishining ijobiy tomonlari ham juda ko‘p aslida. Masalan, aholimizning 60 foizidan ortig‘ini yoshlar tashkil qiladi. Bizda tug‘ilishlarning ko‘payishi, yoshlarning ko‘pligi ish qobiliyatining ko‘pligiga olib keladi. Shu bilan birga, aholining o‘sishi bir qator masalalarni ham hal qilish kerakligini ko‘rsatadi.

Har qanday davlatda demografik ko‘rsatkichlar doimiy nazoratda bo‘lishi kerak. Masalan, bizda yiliga o‘rtacha 1 million nafarga ko‘payish kuzatilayotgan bo‘lsa, demak, bog‘cha-yu maktablar, tibbiy muassasalar sonida ham shunday tadrijiy o‘sish bo‘lishi lozim.

Joylarda reproduktiv salomatlikni asrash, oilani rejalashtirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari keng ko‘lamda olib borilyapti. Buning uchun joylarda shtablar tashkil etilgan. Ushbu shtablarni biz kuni kecha nazorat-tahlil davomida ham ko‘rib keldik.

Shunisi aniqki, sog‘liqni saqlash tizimida ishlaydigan xodimning “Oilada ona va bola salomatligi muhim”, degani bilan ish bitmaydi. Bu borada jamiyatning harakatlarini birlashtirish kerak. Aynan shu joyda shtablar tibbiyot xodimlari, mahalliy hokimlik vakillari, mahalla yettiligi bilan birgalikda ish olib borishi kerak.

Tug‘ilishni, umuman, oilani rejalashtirish hozirgi davrda asosiy masala hisoblanadi. Er-xotin oilada farzandlarni dunyoga keltirishda mas’uliyatni, rejali yondashuvni his qilmog‘i kerak. Shunda bu oilada tug‘ilayotgan farzand ham sog‘lom bo‘ladi, sog‘lom voyaga yetadi. Millat genofondini asrashda bu juda muhim!

 

Laziza SHEROVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 5.06.2023, №23

 

Ma’lumot uchun:

Statistika agentligiga ko‘ra, 2024 yilning 1 aprel holatiga O‘zbekiston Respublikasining demografik ko‘rsatkichlari quyidagicha ifodalanadi:

— erkaklar soni – 18,6 mln. kishi;

— ayollar soni esa 18,4 mln. nafar.

Shaharda 18,9 mln kishi yashasa, qishloqlarda bu ko‘rsatkich 18,1 mln kishini tashkil etmoqda.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish