Mamlakatimizda, mana 7 yildirki, iyun oyi «Yoshlar oyligi» sifatida keng qamrovli tadbirlar bilan g‘oyatda qizg‘in o‘tishi, 30 iyun – Yoshlar kuni yuksak darajada nishonlanishi yaxshi an’anaga aylandi. Yurtimiz aholisining ulkan va faol qismi bo‘lgan navqiron avlod vakillari bilan ishlash, ularning ilm olishi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishi va boshqa huquq-manfaatlarini himoya qilish, salohiyati va qobiliyatini rivojlantirishi uchun zamon talablari asosidagi shart-sharoitlarni yaratish, bir so‘z bilan aytganda, yoshlarga oid davlat siyosatining amaliy ijrosi hamda samaradorligi yaqqol namoyon bo‘lib bormoqda.
Demak, o‘tgan hafta yakuniga yetgan yoshlar oyligining muhim voqealaridan biri, shubhasiz, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 iyun kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar sarhisobi, yangi vazifa va takliflar muhokamasiga bag‘ishlab videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Undan sal avvalroq Ko‘ksaroyda mamlakatimiz rivojiga hissa qo‘shayotgan bir guruh yoshlarga «Kelajak bunyodkori» medali hamda «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti topshirildi. 30 iyun kuni esa Prezident O‘zbekiston yoshlariga bayram tabrigi yo‘lladi.
Ilm-fan – yagona najot
BMT tasnifiga ko‘ra, yoshlar qatlami 15 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlarni qamrab oladi va bugungi kunda ular soni 1,8 mlrd atrofida bo‘lib, dunyo aholisining 22,5 foizini tashkil qilmoqda. Inchunun, O‘zbekiston ham yoshlar mamlakati sifatida jahon maydonida o‘zining munosib o‘rnini egallamoqda.
Ta’kidlanganidek, oxirgi yetti yilda yoshlar himoyasiga oid yuzdan ziyod qonun va qarorlar qabul qilinib, ushbu qatlam vakillari uchun 200 dan ortiq imtiyozlar berildi.
Birgina o‘tgan davrda ta’lim kreditidan 151 ming yoshlar foydalangan. Ehtiyojmand oiladan bo‘lgan yana 110 ming talabaning shartnoma to‘lovi to‘lab berilgan. «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali AQSH va Buyuk Britaniyaning eng nufuzli universitetlarini 50 nafar yigit-qiz bitirdi. Bugungi kunda ularda o‘qiyotgan yosh vatandoshlarimiz 200 nafardan oshdi. Umuman, 110 ming yoshlarimiz xorijda tahsil olmoqda.
Darhaqiqat, Prezident ta’biri bilan aytganda, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch - bu ilm-fan, ta’lim-tarbiyadir. Hozirgi murakkab, tahlikali zamonda yagona najot ham shunda. Yoshlarga oid siyosatda mazkur masalaga keng urg‘u berilayotgani, o‘sib kelayotgan avlodning ma’rifatli, ma’naviyatli, zamonaviy dunyoqarash egalari bo‘lib kamolga yetishi uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilayotgani bejiz emas.
Videoselektor yig‘ilishida Prezident maktabining baholash tizimi 500 ta maktabda joriy qilinishi natijasida bir yilning o‘zida bilimlarni o‘zlashtirish 53 foizdan 60 foizga oshgani, bu tizim yangi o‘quv yilidan yana mingta maktabda yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.
Bu yil respublikamizdagi maktablarni 14 mingdan ziyod o‘quvchi oltin va kumush medallar bilan bitirdi. «Katta beshlik» fan olimpiadalarida qo‘lga kiritilgan medallar oxirgi to‘rt yilda 2 karra ko‘paydi.
Davlatimiz rahbari yoshlarda bilim va yangi g‘oyalar ko‘pligi, ularga sharoitlar yanada kengaytirilishi zarurligini qayd etib, galdagi vazifalarga to‘xtaldi. Jumladan, mamlakatimiz jadal rivojlanishi uchun «to‘rtinchi sanoat» kasblari suv-havodek zarurligidan kelib chiqib, yoshlarning fizika, kimyo, biologiya, texnologiya, muhandislik, matematika bilan bog‘liq kasblarga qiziqishini oshirish uchun yangi tizim shakllantiriladi. Oliy o‘quv yurtlari qoshidagi jami 73 ta akademik litseyda tajriba tarzida «Xalqaro bakalavriat» va «A-Level» dasturi joriy qilinadi. Bu dasturlar asosida sertifikat olgan o‘quvchilar o‘sha oliygohga imtihonsiz, kontrakt asosida qabul qilinadi.
«SAT» testida 75 foizdan yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar mamlakatimiz universitetlariga ham grantga qabul qilinadi.
Nogironligi bo‘lgan yoshlarga chet tili bo‘yicha milliy sertifikat olishda kompyuterda imtihon topshirish sharoiti yaratiladi.
Yoshlarimiz xalqaro olimpiadalarning nazariy qismida har doim yuqori natijalarga erishsa-da, laboratoriya mashqlarini bajarishda pastroq ball olayapti. Shu bois endi Prezident maktablari agentligi qoshida Olimpiadalarga tayyorlash markazi ochilib, maxsus laboratoriyalar bilan jihozlanadi. Xalqaro olimpiadada qatnashuvchi terma jamoa reja asosida ushbu markazda tayyorgarlik ko‘radi. Buning uchun har bir fan bo‘yicha malakali olim va xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi.
Shu bilan birga oliy o‘quv yurti, vazirlik va korxonalarga tegishli laboratoriyalarning yagona onlayn platformasi yaratiladi. Bunday ilmiy markazlar Toshkent texnika, Samarqand va Urganch davlat universitetlarida ham tashkil qilinadi. Yosh olimlar tadqiqotlari uchun kerak bo‘lgan uskuna, butlovchi qism va kimyoviy vositalar boj to‘lovlaridan ozod etiladi.
Global ishsizlikdan himoya qilish
Ayonki, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik muammosi nafaqat rivojlanayotgan, balki rivojlangan davlatlarda ham jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan ma’lum qilinishicha, jahonda 15-24 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar o‘rtasida ishsizlik darajasi katta yoshlilarga qaraganda uch baravardan ko‘proqdir. XMT ekspertlari 2024 yilda global ishsizlik va ijtimoiy tengsizlik darajasi ortishini bashorat qilayotir. Raqamlarda keltirilishicha, ishsizlar armiyasi yana ikki million nafarga oshadi, bu esa global ishsizlik darajasi 5,2 foizga yetishiga turtki beradi. Binobarin, 2023 yilda yuqori daromadli mamlakatlarda ishga talabgorlar ulushi 8,2 foizni, kam daromadli mamlakatlarda esa bu ko‘rsatkich 20,5 foizni tashkil etgan. Yuqorida aytilganidek, ishsizlik inqirozlaridan aziyat chekayotgan asosiy qatlam odatdagidek yoshlar bo‘lib qolmoqda (manba: UN News).
Mana shunday murakkab sharoitda O‘zbekistonda yoshlar o‘rtasida bandlik darajasini oshirish, ularning ijtimoiy, iqtisodiy huquqlarini kafolatlash nechog‘lik dolzarb ekanini yaqqol his qilish mumkin. Axir respublikamiz mehnat bozoriga har yili o‘rtacha 600 ming nafar navqiron avlod vakillari kirib kelayotgani, kelgusi o‘n yilda mazkur raqam naqd bir millionga yetishi – bu hazilakam gap emas. Yoshlar siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lgan bandlik chora-tadbirlarini ta’minlash g‘oyatda jiddiy va puxta yondashuvni talab etadi.
Yig‘ilishda ushbu yo‘nalishda ham sezilarli natijalarga erishilayotgani aytib o‘tildi. Keltirilishicha, «Oilaviy tadbirkorlik» das turlari doirasida berilgan kredit evaziga 1 million yosh band bo‘ldi. 205 ta «Yoshlar sanoat zonasi»da 1 ming 200 ta loyiha ishga tushirildi. Hozirda biznesdagi aylanma mablag‘ini million dollardan oshirgan 1 yarim ming nafar yosh tadbirkorlar bor.
Bugungi kunda axborot texnologiyalari sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar 50 mingdan oshdi. Qo‘shilgan qiymat yaratib, xizmatlarni eksport qilayotgan bunday yoshlar uchun katta imkoniyatlar ochib beriladi.
Xususan, 1 avgustdan boshlab, bu sohada o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga IT-park rezidenti maqomi beriladi. Ular uch yil muddatga barcha soliqlardan ozod qilinadi. IT-park tomonidan ularga tibbiyot, sport va ofisdan foydalanishi uchun «ijtimoiy karta» beriladi.
Yoshlarni katta daromad keltiradigan kasblarga o‘rgatish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan loyihalarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi Yoshlar agentligi tizimiga o‘tkaziladi. Loyihaning tayyor biznesga aylanib, daromad keltirishgacha barcha jarayonda ko‘maklashiladi. 14 ta tuman tanlab olinib, «to‘rtinchi sanoat» kasblariga o‘qitish markazi ochiladi.
Jamg‘arma tomonidan hududlardagi Yoshlar sanoat zonalarida binolar qurilib, «sanoat ipotekasi» asosida yuqori qiymat yaratadigan loyihalar uchun yoshlarga 7 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladi. Bunda birinchi yili to‘lov undirilmaydi.
Har bir viloyatdagi bittadan Barkamol avlod markazida «Kreativ sanoat parklari» tashkil qilinib, ularga IT-park rezidentlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi. Bu joylar yosh tadbirkorlar, ilm va biznes o‘rtasida muloqot maydonchasi bo‘ladi. Jamg‘arma bu yerdagi yoshlarning «startaplari»ga uch yilga 100 million so‘mgacha ssuda beradi.
Magistral yo‘llar bo‘yida 50 mingta ko‘chma savdo nuqtalari tashkil qilinib, yoshlarga ijaraga beriladi. Bunda dastlabki 6 oyda yoshlar ijara haqi va soliq to‘lamaydi. Shuningdek, mehnat yarmarkalari tashkil etish orqali 350 ming yoshlar ishga joylashtirilib, 100 ming nafari qurilish ishlariga jalb qilinishi orqali bandligi ta’minlanadi.
Kelajak avlod tarbiyachilari
XX asr boshlarida ma’rifatparvar jadidlarimizdan Abdulla Avloniy «Qizlar bilim olishga hammadan ko‘proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar», degan edi. Xuddi shu ma’noda yurtimizda aynan qizlarning uzluksiz ta’lim olishi, kasb-hunarli bo‘lish, turli jabhada iqtidorini namoyon etishi uchun ko‘maklashishdek ezgu maqsad yo‘lida davlat tomonidan tizimli chora-tadbirlar ro‘yobga chiqarilmoqda. Oliy o‘quv yurtlarida qizlar uchun maxsus kvotalar ajratilayotgani, kerak bo‘lsa, shartnoma to‘lovlari davlat budjetidan qoplab berilayotgani, imtiyozli kreditlar ajratish orqali qo‘llab-quvvatlanayotgani tahsinga loyiq. Raqamlardan ko‘rinadiki, bugungi kunda respublikamizdagi OTMda ta’lim olayotgan 1 million 300 ming nafarga yaqin talabaning yarmidan ko‘pi qizlardan iborat va ularda aniq fanlarga, zamonaviy kasblarga bo‘lgan qiziqish ortayotgani alohida e’tirof etilyapti. O‘zbek qizlari bugun rivojlangan davlatlardagi nufuzli oliygohlarda ilmiy izlanishlar olib borayotir.
Yoshlar bilan muloqotda qizlarga ko‘maklashish, sharoitlarini yaxshilashga e’tibor davom etishi ma’lum qilindi. Og‘ir sharoitga tushib qolgan xotin-qizlar uchun barcha hududlarda bir xonali ijtimoiy uylar quriladigan bo‘ldi. Ular ishga joylashib, «oyoqqa turib olgunga qadar», ushbu uylarda uch yil davomida bepul yashaydilar. Sog‘ligi tufayli ishga qatnay olmaydigan qizlar kasanachilik yoki masofaviy ish bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, uch yoshgacha farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.
Yig‘ilishda yurtimiz hududlaridan qatnashgan va xorijda o‘qiyotgan yoshlar o‘z taklif-mulohazalarini bildirdi.
«Yoshlarimiz hayotda munosib o‘rnini topishi uchun bundan keyin ham bor kuch va imkoniyatlarni to‘liq ishga solamiz. Sizlar mamlakatimizning ishonchi va tayanchi, kelajagimiz bunyodkorlarisiz», dedi ularga qarata davlat rahbari.
Muxlisa G‘ANIYEVA,
XDP Markaziy Kengashi konsultanti:
– Har bir davlat va jamiyat o‘z ertasini, taqdirini yoshlari timsolida ko‘radi. Ilmli, zamonaviy kasb-hunarlarni egallagan, qalbida vatanparvarlik tuyg‘usi kuchli, shijoatli va tashabbuskor farzandlari bor yurtning iqboli porloqdir.
Prezidentimiz raisligida faol yoshlar vakillari ishtirokida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida navqiron avlod manfaatlarini ta’minlash qamrovini kengaytirish yuzasidan yana bir qancha ustuvor vazifalar belgilab berildi. Bu g‘oya-tashabbuslarning amalga oshishi, aniqki, biz yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, yangi zafarlar sari rag‘batlantiradi.
Bilamizki, davlatimizning yoshlarga oid siyosati bugun xalqaro miqyosda birdek tan olinmoqda. Masalan, o'tgan yili Yoshlar taraqqiyoti indeksiga ko'ra, O'zbekiston yoshlar siyosati sohasida eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri, deb e'tirof etildi. Shuningdek, BMT tomonidan ''Yoshlar strategiyasi – 2030''ni namunaviy tarzda amalga oshirish bo'yicha tanlab olingan 10 ta mamlakatdan bir ham aynan O'zbekistondir. 2022 yilda ko'hna Buxoro shahri – Turkiy dunyo yoshlari poytaxti, 2024 yilda esa azim Toshkentimiz – Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi mintaqasida birinchi yoshlar poytaxti deb e'lon qilindi.
Bularning bari manzilli va keng qamrovli yoshlarga oid davlat siyosatining tizimli amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.
Muhsiddin NIZOMIDDINOV,
XDP Markaziy Kengashi Yoshlar sektori rahbari:
– Davlatimiz rahbari Yoshlar kuni munosabati bilan yo'llagan bayram tabrigida so'nggi yillarda yurtimizda yoshlar bilan ishlash bo'yicha dunyoda o'xshashi kam bo'lgan vertikal boshqaruv tizimi yaratilgani ta'kidlab o'tildi. Mahallalardagi yoshlar yetakchilari orqali yuzlab, minglab yigit-qizlarni kasb-hunarga o'qitish, bandligini ta'minlash, bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bilan bog'liq dolzarb masalalar quyi bo'g'inning o'zida hal qilinayotganiga e'tibor qaratildi. Ayniqsa, «Yoshlar daftari», «Yoshlar balansi» platformasi asosida olib borayotgan keng ko'lamli ishlar qanchadan-qancha tengdoshlarimiz hayotida yangi sahifa ochmoqda. Hech bir yigit-qiz o'zini davlat va jamiyat e'tiboridan chetda his qilmayapti.
Yashirishning hojati yo‘q, qishloq yoshlari orasida ishsizlik muammosi anchayin dolzarb. Tayinli ishi va daromad manbai yo‘q bu yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilingani, bu yilning o‘zida «mahalla yettiligi» tavsiyasi bilan 156 ming yoshga 60 ming gektar yer maydoni 30 yil muddatga ijaraga berilgani ayni muddao bo‘lmoqda.
Prezidentimiz turli sohalarda yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan tengdoshlarimiz haqida so‘z yuritar ekan, «Yangi O‘zbekiston yoshlari» degan sharafli nomga har tomonlama munosib bo‘lgan bunday yigit-qizlar bizning bebaho boyligimiz, oltin fondimizdir» deya yuksak ishonch bildirdi. Mana shunday ishonchga munosib bo‘lish har birimiz uchun vijdon va g‘urur ishiga aylanmog‘i kerak.
Farida MAHKAMOVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 3.07.2023, №26