O‘limga sabab bo‘lish ehtiyotsizlik emas
O‘limga sabab bo‘lish ehtiyotsizlik emas

 

15 aprel kuni G‘allaorol tumanida katta yo‘l bo‘ylab xotirjam maktabga ketayotgan 14 va 12 yoshli uch o‘smirni katta tezlikda kelayotgan «Lasetti» urib yubordi, bolalar hodisa joyida halok bo‘ldi.

4 iyun kuni Nurobod tumani Mehnatkash mahallasi hududidan o‘tuvchi «Samarqand-G‘uzor» avtomobil yo‘lining 35-kilometrida 25 yoshli haydovchi «KamAZ» yuk avtomashinasida piyodalar yo‘lakchasida harakatlanayotgan yosh onani va uning 2 nafar bolasini urib yubordi, hali ona suti og‘zidan ketmagan go‘daklar g‘ildiraklar ostida qolib, nobud bo‘lishdi.

1 iyul kuni Xatirchi tumanida 2 ta BYD krossoveri o‘zaro poyga o‘ynab, aholi yashash punktida 142 km/soat tezlikda harakatlanib, piyodalar yo‘lagidagi 8 yoshli qizchani bosib o‘tib ketdi. Qizcha vafot etdi.

3 iyul kuni Samarqand tumanida «Neksiya 2» avtomashinasi yo‘lni kesib o‘tayotgan 7 yoshli bolakayni urib, uchirib yubordi.

Ertalab o‘zi uyg‘ongan, choyini ichib, qiqirlab, kulib uyidan chiqqan, ne bir shirin orzular olamida uchib yurgan sog‘lom farzandni kutilmaganda yo‘qotishdan mushkulroq g‘am bo‘lmasa kerak bu olamda. Onalar o‘zini qanday kechiradi? Otalarning ich-eti kuyib kul bo‘lmaydimi?..

Tongda ostonadan xo‘shlashib, avtomashinasida chiqib ketgan dadasining avariyada bo‘laklarga bo‘lingan tanasini ko‘rsatishmagani bois, mitti qalbidagi umidni so‘ndirmay, eng aziz insoni eshikdan kirib kelishini oylab, yillab kutayotgan qancha bolajonlar bor.

Raqamlarga e’tibor qiling. Mamlakatimizda 2023 yilda yo‘l harakati bilan bog‘liq jami 16 milliondan ortiq qoidabuzarlik qayd etilgan. Sodir etilgan 9 ming 839 ta YTH oqibatida 9 ming 209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 ming 282 nafar kishi halok bo‘lgan. Bolalar bilan bog‘liq 1 ming 794 ta YTH tufayli 1 ming 568 nafar o‘g‘il-qiz jarohatlangan, 263 nafar bola esa hayotdan ko‘z yumgan.

Joriy yilning besh oyida voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq 359 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar bola nobud bo‘lgan, 294 nafar bola turli darajada tan jarohatlari olgan. Ular orasida nogironlik aravachasiga mixlanib qolganlar bor.

Besh oy ichida mamlakat bo‘yicha qayd etilgan umumiy yo‘l-transport hodisalarining soni har 100 ming aholiga 7,2 tani tashkil qilgani holda ushbu salbiy ko‘rsatkich Toshkent shahrida 12,8 ta, Toshkent viloyatida 12,2 ta, Namangan viloyatida 9,1 ta va Farg‘ona viloyatida 8,4 taga yetgan.

O‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining salmog‘i Samarqand, Toshkent (80 tadan), Farg‘ona (69 ta), Qashqadaryo va Surxondaryo (53 tadan) viloyatlarida yuqoriligicha qolmoqda.

 

O'limga olib keluvchi 5 ta asosiy sababdan biri

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti hisobotiga ko'ra, Yer yuzida bir daqiqada 2 nafardan ortiq va kuniga 3 ming 200 dan ziyod kishi yo'l-transport hodisalari sabab halok bo'lmoqda. Umumiy hisobda yiliga 1,19 million inson avto avariyalarda olamdan o'tmoqda. Tahlillar jahon miqyosida YTH 5 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan bolalar va yoshlar o‘limining asosiy sababi bo‘lib qolayotganini ko'rsatayotir (O‘zbekistonda esa yo‘l-transport hodisalari o‘limga olib keluvchi 5 ta asosiy sababdan biri hisoblanadi).

Tahlillardan oydinlashadiki, dunyo bo'ylab yo'l-transport hodisalarida kuzatilayotgan har 10 o'limdan 9 tasi past yoki o'rta daromadli mamlakatlar hissasiga to'g'ri kelyapti. ''Past daromadli mamlakatlarda dunyo avtomobillarining atigi bir foizi mavjud bo'lsa-da, ularda YTH tufayli o'lim xavfi yuqori daromadli mamlakatlarga qaraganda uch baravar ko'p'', deyiladi hisobotda.

JSST Bosh direktori, doktor Tedros Adxanom Gebreyyesus bu vaziyatga baho berar ekan, ''Yo'llarimizda ko'p sonli hayot yo'qotishlarining oldini olish mumkin. Biz barcha mamlakatlarni transport tizimlari markaziga avtomobillarni emas, balki insonlarni qo'yishga, bolalar, piyodalar, velosiped va mototsikl haydovchilar, nogironlar kabi himoyasiz yo'l harakati qatnashchilarining xavfsizligini ta’minlashga chaqiramiz'', deya jahon afkor ommasi diqqatini ushbu muammoga qaratdi.

Hisob-kitoblar 2030 yilga borib sayyoramizdagi global avtomobil parki ikki baravar ko'payishidan dalolat bermoqda. Shunday bir sharoitda ko'plab davlatlarda yo'l infratuzilmasi xavfsizligida jiddiy bo'shliqlar mavjud. Faqatgina BMTga a'zo davlatlarning 51 tasida yoki to'rtdan birida barcha yo'l harakati qatnashchilariga nisbatan xavfsizlikni tartibga soluvchi qonunlar amaliyotga kiritilgan.

 

Xavfsiz yo'llar kerak

Shu yilning may oyida BMT O'zbekistonda yo'l harakati xavfsizligi bo‘yicha olib borgan tadqiqot natijalarini e'lon qildi. Unga ko'ra, yo'l-transport hodisalari bilan bog'liq iqtisodiy xarajatlar har yili O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 2,8 foizini tashkil etmoqda. Bu mamlakat taraqqiyoti va sog‘liqni saqlash uchun jiddiy muammodir.

Keltirilishicha, aynan YTH mamlakatda o'limning asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolayotgani milliy yo'l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirishga zarurat borligini ko'rsatadi. Binobarin, o'lim va jarohatlarning taxminan 50 foizi piyodalar hissasiga to'g'ri kelmoqda. Yo'llardagi o'limlarning 30 foizi haydovchilarning tezlikni oshirishi oqibatida yuz bermoqda.

 

Jazo

2024 yil 1 yanvar holatiga O'zbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli bo'lgan yengil avtomobillar soni 3,8 million donani tashkil etgan.

Ya'ni, har ming kishiga 103 tadan avtomobil to'g'ri kelgan.

Hozirda ko'plab rivojlangan davlatlarda piyodalar zonalari, istirohat bog‘lari va boshqa jamoat joylarini tashkil etish hisobidan avtoyo‘llarni qisqartirish tendensiyasi kuzatilayotgan bir paytda bizda, ayniqsa, shahar joylarda piyodalar ko‘cha-ko‘yda bemalol yura olmay qolgan.

Bugun lug'atimizga ''avtoterrorist'' degan so'z qachon va qaysi manba tomonidan kirib keldi, aniq aytolmaymiz-u, lekin kunda-shunda yo'llarimizda sodir bo‘layotgan baxtsiz hodisalar, dahshatli fojealar, jamiyatimizdagi ayrim faollar ta’biricha, insoniyatga qarshi jinoyatlar yo‘l qoidasini mensimay, umrlarni zavol qilayotgan haydovchilarning beliga mina bog‘lagan xudkushdan aslo kam emasligiga ishora qiladi.

Qonunchiligimizda bunday qonunbuzarliklarga nisbatan jazo choralari belgilangan. Yo'l qoidalarini bepisandlik bilan muntazam buzadigan haydovchilarga nisbatan keskinroq jazo turlarini amaliyotga kiritish, o'limga sabab bo'layotgan holatlarda esa muayyan huquqlardan mahrum qilish jazolarini qayta ko'rib chiqish zaruratini tobora chuqur his qilmoqdamiz.

 

 

 

O‘zXDP faollarida taklif bor

Abror QURBONOV,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i:

– Yaqin insonlarimiz, farzandlarimiz yo‘lga chiqsa, xavotirlanadigan bo‘lganmiz, sog‘-omon kelsin, deb. Bu juda yomon signal. Jamiyat hayotining barqarorligiga, jamoatchilikka yomon ta’sir qilayotgan jiddiy muammo.

Qonunchiligimizga binoan, transport vositasida odam urib yuborish Jinoyat kodeksining 266-moddasiga ko‘ra javobgarlikni keltirib chiqaradi. JKning ayni shu moddasi esa ehtiyotsizlik orqasidan sodir etiladigan jinoyatlar turkumiga kiradi.

Davlat va jamiyat hayotida ijtimoiy barqarorlik tarafdori bo‘lgan Xalq demokratik partiyasining saylovoldi dasturida yo‘l-transport qoidalarini buzib, bir yoki bir necha insonlar umriga zomin bo‘lish holatlarini qasddan odam o‘ldirishga tenglashtirish, jazo choralarini keskinlashtirish masalasini muhokamaga qo‘yish vaqti keldi, deb hisoblaymiz.

Har bir haydovchi aholi yashash punktidan o‘tgan yo‘llarda, piyodalar yo‘lakchasiga yaqinlashayotganda tezlikni oshirishni, yo‘l qoidalarini buzishni xayoliga keltirishdan ham qo‘rqishi kerak. Aholi zich yashaydigan, piyodalar faol harakatlanadigan joyda tezlikni haddan tashqari oshirish insonning, ayniqsa, bolalarning hayotiga qasd qilish bilan barobardir.

 

Saidkamol TURSUNOV,

O‘zbekiston XDP faoli:

– Yo‘llarimizda sodir bo‘lgan bolalar o‘limi bilan bog‘liq oxirgi mudhish voqealar asosan piyodalar o‘tish yo‘laklari tartibga solinishi, hech bo‘lmasa tugmali svetoforlar o‘rnatilishi qanchalik muhimligini ko‘rsatdi.

Xatirchidagi YTH sabablari o‘rganilganida qiziq bir faktga duch kelingan. 8 yoshli qizaloq halok bo‘lgan piyodalar o‘tish joyiga Xatirchi tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan tugmali svetofor qurilmasi o‘rnatilmagan. Bunga mablag‘ ajratilmagan. Ushbu muassasa direktori nomiga Navoiy viloyati YHXB tomonidan joriy yilda bir emas, ikki marta tugmali svetofor o‘rnatish yuzasidan taqdimnoma kiritilgani aytilmoqda.

Jarimalardan tushayotgan mablag‘ning qat’iy belgilangan, yarmidan oz bo‘lmagan qismi piyodalar yo‘laklarini tartibga solishga yo‘naltirilishi majburiy bo‘lishi zarur. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati piyodalarning ehtiyojini tushunishga qiynaldi, ehtimol bu vazifani tashkilotchi, harakatda mashinadami, piyodami – hamma ishtirokchilarning huquqlari teng ekanini tabiiy qabul qiladigan boshqa vazirlik zimmasiga olishi to‘g‘riroq bo‘lar. Balki, bu boradagi javobgarlik va vakolatlarni Adliya vazirligiga o‘tkazish vaqti kelgandir. Yoki Buyuk Britaniyadagi kabi Transport vazirligi bu xizmatni o‘z zimmasiga olar. Soha tamomila yangi strategiyaga muhtoj.

 

Farida MAHKAMOVA,

«O‘zbekiston ovozi» sharhlovchisi.

«O‘zbekiston ovozi», 10.07.2023, №27

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish