Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari Oilaviy (maishiy) zo‘ravonliklardan himoyalash choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonun loyihasini ko‘rib chiqishdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi ayolga o‘z umr yo‘ldoshi tomonidan jismoniy tazyiq o‘tkaziladi. Tazyiq va zo‘ravonlik oqibatida o‘lim kelib chiqqan hollarning 38 foizida uning turmush o‘rtog‘i yoki u bilan birga ro‘zg‘or qurib yashayotgan shaxsning aybi bo‘ladi. Shuningdek, bolalarga nisbatan kuch ishlatish holatlari ham ko‘p uchraydi.
Mazkur Qonun loyihasi bilan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 592-moddasi va Jinoyat kodeksining 1261-moddasini bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo'ravonlik qilganlik uchun javobgarlik bilan to'ldirish hamda oilaviy (maishiy) zo'ravonlik bilan bog'liq jinoyat ishlari yuzasidan yarashuv to'g'risidagi arizani surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida emas, sud muhokamasi paytida berish tartibi joriy qilinmoqda. Ya'ni, oilaviy (maishiy) zo'ravonlik bo'yicha jinoyat ishlari yuzasidan yarashuv to'g'risidagi ariza faqat ishni sudda ko'rish jarayonida, sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud maslahatxonaga kirishidan oldin berilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Deputatlar qonun loyihasini muhokama qilar ekan, uning muhimligini, unga bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo'ravonlikka uchrashini oldini olish choralarining samaradorligini oshirish hamda oilalardagi ma'naviy-axloqiy muhitni yaxshilashda alohida o'rin tutishini ta'kidlab o'tishdi. Qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Taklif va tavsiyalar berilib, hujjat ma'qullandi.
Mazkur Qonun loyihasining qabul qilinishi oilaviy (maishiy) zo'ravonlik bilan bog'liq jinoyat ishlarini har tomonlama, to'liq va xolisona ko'rib chiqilishiga, tazyiq va zo'ravonlik sodir etgan shaxsning xulqiga ko'rsatiladigan ijobiy ta'sirning kuchi yanada ortishiga xizmat qiladi.
Fraksiya yig'ilishida shuningdek, ''O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) to'g'risida''gi O'zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokama qilindi. Loyiha 9 bob va 56 moddadan iborat bo'lib, Ombudsman o'z oldida turgan vazifalarini moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun qo'shimcha kafolatlar hamda uning huquqlari, sha'ni va qadr-qimmatini ishonchli himoya qilish choralari belgilanmoqda.
Shuningdek, ushbu qonun loyihasi bilan O'zbekiston Respublikasining ikkita kodeks va beshta qonun hujjatlarini ''O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) to'g'risida''gi qonun loyihasiga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o'zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bunda Ombudsmanning daxlsizligi, nazorat funksiyalari va Ombudsman ma'ruzalarining Oliy Majlis palatalari tomonidan ko‘rib chiqish tartib-taomillari ochib berilmoqda. Taklif va mulohazalardan so'ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma'qullandi.