Yaxshi qonun hammaga ma’qul
Yaxshi qonun hammaga ma’qul

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining faoliyatini kuzata turib, qiziq holatlarga duch keladi kishi. Ba’zi qonun loyihalari birinchi o’qishning o’zida bir necha marta qonun ijodkorlariga qaytarilsa, yana boshqalari har bir o’qishda katta muhokamalarga sabab bo’lib, uzoq tortishuvlar, fikr almashuvlar ostida keyingi bosqichga o’tadi. Lekin shunday qonunlar ham borki, bir yig’ilishning o’zida birdaniga uchta o’qishdan o’tib Senatga yuboriladi.

Qonunchilik palatasining navbatdagi yig’ilishida Oilaviy (maishiy) zo’ravonliklardan himoyalash choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokamasida shunday holat sodir bo’ldi.

 

Xo'sh, nega?

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, dunyodagi har uchinchi ayolga o'z umr yo'ldoshi tomonidan jismoniy tazyiq o'tkaziladi. Tazyiq va zo'ravonlik oqibatida ayollar o'limi bilan bog'liq holatlarning 38 foizida er yoki birga ro'zg'or qurib yashayotgan shaxsning aybi bo'ladi.

Mamlakatimizda 2023 yil va joriy yilning may oyiga qadar sodir etilgan 894 ta oilaviy (maishiy) zo'ravonlik bilan bog'liq jinoyatlarning 55,6 foizi, ya'ni 506 tasi taraflar yarashganligi munosabati bilan tugatilgan bo'lsa, qolgan 44,4 foizi, ya'ni 388 tasi bo'yicha sud tomonidan tegishli jazolar tayinlangan. Shu bilan birga bugun jamiyatimizda oilaviy zo'ravonliklardan bolalarni himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish ham kun tartibidagi masalalardan biriga aylangani sir emas.

Amaldagi normada er-xotin yoki oilada birga yashovchi boshqa shaxslarga nisbatan oilaviy (maishiy) zo'ravonlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan bo'lsa-da, bu harakatlarni bolaga nisbatan sodir etganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan edi.

Qonun loyihasida Jinoyat kodeksining oilaviy (maishiy) zo'ravonlik to'g'risidagi 126-1-moddasi bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo'ravonlik qilganlik uchun javobgarlik bilan to'ldirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 59-2-moddasi va Jinoyat kodeksining 126-1-moddasini bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo'ravonlik qilganlik uchun javobgarlik bilan to'ldirish hamda oilaviy (maishiy) zo'ravonlik bilan bog'liq jinoyat ishlari yuzasidan yarashuv to'g'risidagi arizani surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida emas, sud muhokamasi paytida berish tartibi joriy qilinmoqda.

Ya'ni, oilaviy (maishiy) zo'ravonlik bo'yicha jinoyat ishlari yuzasidan yarashuv to'g'risidagi ariza faqat ishni sudda ko'rish jarayonida, sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud maslahatxonaga kirishidan oldin berilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksda ham bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo'ravonlik qilganlik uchun javobgarlik aniq qilib ko'rsatilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi oilaviy (maishiy) zo'ravonlik bilan bog'liq jinoyat ishlari har tomonlama, to'liq va xolisona ko'rib chiqilishiga, bolalar va xotin-qizlarning tazyiqu zo'ravonliklarga uchrashining oldini olish samaradorligini oshirish hamda oilalardagi ma'naviy-axloqiy muhitni, xotin-qizlar huquqlariga oid xalqaro indekslarda mamlakatimizning o'rnini yaxshilashga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Xullas, loyiha uchta o'qishdan o'tib, Senatga yuborildi.

Buni kuzatgan kishi bir xulosaga kelishi mumkin. Demak, jamiyat uchun g'oyatda suv va havodek zarur, kechiktirib bo'lmaydigan qonunlarni xalq vakillari – deputatlar ham ortiqcha savol-javobsiz qo'llab-quvvatlaydi.

 

Yoshlar uchun mas’ulmiz

Shu kuni majlisda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari qo’mitasi tashabbusi bilan O’zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori A. Sa’dullayevning ''Yoshlarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilishga, shuningdek, ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo’yicha olib borilayotgan ishlar to’g’risida''gi axboroti ham eshitildi.

O’zbekistonda keyingi yillarda yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini yaratish maqsadida jami 200 ga yaqin qonunchilik hujjatlari qabul qilindi.

Yoshlarning haq-huquqlari va manfaatlarini kafolatlashga, ularning ijtimoiy-huquqiy himoyasini tashkil etishga, bandligini ta’minlashga hamda hayotda o’z o’rinlarini topishlari uchun zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan vazifalar belgilab berildi.

Axborotda keltirilishicha, 2021 yildan boshlab yoshlar muammolarini samarali hal etish va ularni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash maqsadida mutlaqo yangi tizim – ''Yoshlar daftari'' joriy etildi. Tizimni raqamlashtirish, ijtimoiy yordamlarning manzilli yetib borishini ta’minlash maqsadida ''yoshlardaftari.uz'' elektron platformasi ishga tushirilib, 25 ta vazirlik va idora tahlillari elektron platforma bilan integratsiya qilingani evaziga haqiqatda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar ro’yxatlari shakllantirildi.

''Yoshlar daftari'' orqali ushbu qatlam vakillarining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini bevosita mahallalarda hal etish imkoniyati yaratilib, murojaatlarni ko’rib chiqish muddati 30 kundan 5 kungacha qisqarib, ko’rsatiladigan yordam turlari soni 30 taga yetkazildi.

Bundan tashqari, Agentlik direktori xorijiy davlatlarga vaqtinchalik mehnat qilish uchun jo’nab ketgan yigit-qizlar bilan manzilli ishlash masalasi yoshlar yetakchilarining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilangani, xonadonma-xonadon xatlov ishlari orqali 268 ming nafar xorijdagi yoshlar balansi shakllantirilib, ular bilan doimiy muloqot o’rnatilganini qayd etdi.

''Kelajak kasblari'' loyihasi doirasida 1 ming 38 nafar nogironligi bo’lgan yoshlar zamonaviy kasblar, axborot texnologiyalari va xorijiy tillar bo’yicha o’quv kurslarida bepul o’qitildi.

Parlament eshituvida deputatlar oliy ma’lumotli yoshlarning doimiy ish bilan ta’minlanishi, iqtidorli yoshlarning ta’lim kreditiga ega bo’lishi, o’z yo’lini topa olmayotgan uka-singillarimizni kasb-hunarga qayta tayyorlash masalalarida yechimini kutayotgan muammolar mavjudligiga e’tibor qaratdi.

 

 

Anvarxon TEMIROV,

O’zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Respublikamiz ichida yoshlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlashimiz mumkin, lekin chet elda yurgan yigit-qizlar ham bor. Axborotingizda 268 mingdan ortiq shunday yoshlar bilan muloqot o’rnatildi, dedingiz. U yerdagi yoshlarga Agentlik tomonidan nima yordam ko’rsatilayotgani ochiqlanmagan. Qolaversa, siz aytgan ma’lumot o’tgan yilning noyabr oyiga tegishli. Bugungi kungacha nima ishlar qilingani haqida ma’lumot bersangiz?

Agentlik direktori ushbu deputat savoliga xorijdagi yoshlar orasida 1000 AQSH dollaridan kam daromad topayotganlariga yurtimizdan ish taklif qilinayotgani, qolaversa, joriy yilda o’zini o’zi band qilish va ish bilan ta’minlash maqsadida yer ajratilishi 30 mingga yaqin yoshlarimizning ona Vatanga qaytib kelishiga sabab bo’lganini aytib o’tdi.

Savol-javob va muhokamalarga boy bo’lgan parlament eshituvida deputatlar yoshlarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilishga, shuningdek, ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berishdi.

Mamlakatimiz aholisining ulkan qismini tashkil qiladigan yoshlar masalasini birgina Agentlikka yuklab qo’yish bilan kutilgan natijaga erishish qiyin. Demak, har birimiz, hechqursa, o’z farzandimiz, yaqinimiz haqida qayg’urishimiz, uni qo’llab-quvvatlashimiz lozim. O’zbekiston yoshlari uchun hammamiz mas’ulmiz. Shundagina yoshlar qo’lidagi kelajagimiz bugunimizdan-da yaxshiroq bo’lishiga umid qilish mumkin.

 

Ahmad QURBONOV

tayyorladi.

«O’zbekiston ovozi», 17.07.2023, №28

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish