O‘zbekiston va Qirg‘iziston yaqin qo‘shni davlatlar sifatida uzoq yillik yagona tarix, o‘xshash madaniyat, mushtarak til va o‘zaro hamohanglik kasb etuvchi madaniy-ma’naviy qadriyatlar va an’analar uyg‘unligi bilan bir-biriga chambarchas bog‘langan.
Ma’lumki, ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar 1993 yil fevraldan boshlab, to shu kunga qadar yaqin birodarlik aloqalari asosida mustahkamlanib bormoqda. Ushbu o‘tgan davr mobaynida ikki davlat munosabatlari turli xil rivojlanish bosqichlaridan o‘tib, sayqallanib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan holda, aniq amaliy mazmun bilan boyidi.
Ayni paytda davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli tomonlar ko‘plab dolzarb masalalarni bartaraf etib, o‘zaro hamkorlik aloqalarining ijobiy o‘sish sur’atiga erishdi. So‘nggi yillarda, ayniqsa, O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi, hamkorlik ko‘lami barcha yo‘nalishlarda kengaydi.
Xabaringiz bor, o‘tgan haftada, ya’ni 18 iyul kuni davlatimiz rahbari taklifiga binoan Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi. Ushbu tashrif ham ikki davlatlararo munosabatlarning yanada mustahkamlanishida muhim siyosiy hodisa bo‘ldi, desak mubolag‘a sanalmas.
16 ta hujjat imzolandi
Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilindi, deya xabar berdi O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati.
Davlat rahbarlari keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladi. Tashrif davomida 16 ta hujjat imzolandi. Jumladan:
— Qirg‘iz Respublikasining Issiqko‘l viloyati hududida joylashgan kurort-hordiq xo‘jaligi obyektlari bo‘yicha hukumatlararo bitim;
— Fuqarolarning o‘zaro kelib-ketishlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;
— O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risida bayonnoma;
— Qurilish faoliyati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
— Mehnat, aholi bandligi va migratsiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
— Madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
— Davlat xizmati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
— 2024−2030 yillarda o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
— 2024−2026 yillarda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi;
— 2024−2026 yillarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»;
— 2024−2026 yillarda Toshkent va Bishkek shaharlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tashabbuslar milliy instituti o‘rtasidagi memorandum va boshqalar.
«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li quriladi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat hamkorligining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Bu galgi tashrif samarasi o‘laroq qayta tiklanuvchi energiya manbalari, avtomobilsozlik va to‘qimachilik sohalarida kooperatsiya loyihalari ishga tushiriladi.
Strategik ahamiyatga ega mintaqaviy loyihalarni, jumladan, "Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston" temir yo‘li va Qambarota GES-1 qurilishini tez fursatda amalga oshirish masalalariga ustuvor e’tibor qaratildi.
Transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyiha takliflari ko‘rib chiqildi.
Prezidentlar hududlararo hamkorlikni, jumladan, Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi doirasida yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.
Shuningdek, qishloq va suv xo‘jaligi, ekologiya, xavfsizlik va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Madaniy-gumanitar almashinuv faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bu hafta mamlakatimizda Qirg‘iziston madaniyati kunlari o‘tkazilmoqda. Kuni kecha Samarqandda ikkinchi Rektorlar forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Tomonlar kelgusi yillarga mo‘ljallangan madaniy tadbirlar taqvimini tayyorlashga kelishib oldilar.
Davlat rahbarlari mintaqaviy kun tartibidagi tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Qirg‘izistonlik mehmonlar qadimiy Xivani tomosha qildi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ikki mamlakat birinchi xonimlari bilan birgalikda Xiva shahridagi Ichan qal’a majmuasi va Nurillaboy saroy majmuasiga tashrif buyurdi.
Xiva shahri 1990 yilda YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, 1997 yilda uning 2500 yilligi nishonlangan. Shahar 2020 yilda Turkiy dunyoning madaniy poytaxti, 2024 yilda esa Islom dunyosining turizm poytaxti bo‘ldi.
“Ochiq osmon ostidagi muzey” sifatida tanilgan Xiva yaxlit yodgorlik sifatida Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan yagona shahar hisoblanadi. Bu yerda 120 dan ortiq me’moriy obidalar joylashgan.
Oliy martabali mehmonlar tanishuvni "Ota darvoza"dan boshlab, noyob "Ko‘hna ark" majmuasi, Sherg‘ozixon madrasasi, Juma masjidi, "Toshhovli" majmuasi va boshqa obidalarda davom ettirdi.
Mehmonlar sharafiga o‘zbek xalq qo‘shiqlari yangrab, teatrlashtirilgan tomosha namoyish etildi.
Shundan so‘ng Nurillaboy saroyiga tashrif buyurildi.
Saroy-bog‘ majmuasi XX asr boshlarida bunyod etilgan. Majmua madrasa, 100 dan ortiq xonalar, galereyalardan iborat. Saroy xonalarini bezashda xivalik mohir ustalar bilan birga chet ellik rassom-dekoratorlar ham ishtirok etganlar, ular saroyning sharqona qiyofasiga Yevropaning modern uslubini singdirganlar.
Xiva tarixi va uning fan rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, hududning boy madaniyati va san’ati haqidagi hikoyalar qirg‘izistonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Ikki kunlik tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi, ularning yakunida yetakchilar Keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.
Ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami qabul qilindi. Energetika, avtomobilsozlik va to‘qimachilik sanoatida yirik qo‘shma loyihalarga start berildi.
Umuman, Qirg‘iziston Prezidentining bu galgi tashrifi ham juda samarali va manfaatli yakunlandi. Muhimi, ikki mamlakat o‘rtasidagi izchil va do‘stona hamkorlik ikki qardosh xalqni bir-biriga yanada yaqinlashtirishga, birodarlik, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlari mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri
Laziza SHEROVA tayyorladi.
«O‘zbekiston ovozi», 24.07.2023, №29