2024 yil 6 sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining XIV Qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Partiya a’zolari tomonidan hududlardan saylangan delegatlar, partiya Markaziy Kengashi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya faollari, ekspertlar va OAV vakillari ishtirok etgan qurultoyda Xalq demokratik partiyasining saylovda qatnashishi va yangi Saylovoldi dasturi to‘g‘risidagi muhim masalalar muhokama qilindi.
Dastlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlarda partiyaning munosib va faol ishtirokini ta’minlash borasidagi dolzarb vazifalar to‘g‘risida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov ma’ruza qildi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasining 2019-2024 yillardagi faoliyati yuzasidan tayyorlangan hisobotlar qurultoyda atroflicha muhokama etildi. Partiya 82 banddan iborat maqsadlarni belgilab olgan bo‘lib, hozirga qadar ularning 70 dan ortig‘i amalga oshgan.
Qurultoyda ta’kidlanganidek, aynan Xalq demokratik partiyasi tashabbusi va takliflari bilan minimal iste’mol xarajatlarini e’lon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari undan oz bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi.
Shuningdek, aholining kam daromadli qatlami uchun qurilayotgan arzon uy-joylar soni ko‘paytirildi, ushbu sohada imtiyozli ipoteka krediti ajratish amaliyoti takomillashtirildi. Uy-joy olishni subsidiyalash tizimi yo‘lga qo‘yilishi natijasida hududlarda 6 mingta ko‘p qavatli uy barpo etilib, 250 ming oila boshpanali bo‘ldi.
Qurultoyda partiya Markaziy Kengashi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi faoliyati haqidagi hisobotlar chuqur va tanqidiy-tahliliy muhokama etildi. Partiyaning 2019-2024 yillarga mo‘ljallangan dasturi samarali amalga oshayotgani ta’kidlandi.
Shundan so‘ng Xalq demokratik partiyasining bu yilgi saylovda ishtiroki bilan bog‘liq eng muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga saylovlar munosabati bilan 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan yangi Saylovoldi dasturi delegatlar e’tiboriga taqdim etildi.
Dasturda davlat va jamiyatni rivojlantirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritishga qaratilgan 10 ta yo‘nalish, 15 qadamni o‘zida mujassam etgan 100 ga yaqin taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Xususan, dasturning ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha adolatli davlat pensiya ta’minoti tizimini joriy qilish, aholida doriga qaramlikni kamaytirish, maktablarda chet tillar va IT o‘quv soatlarini keskin ko‘paytirish, o‘zini band qilganlar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, ulush kiritish asosida uy-joy qurilayotganda xaridorlarni kafolatli himoya qilish bo‘yicha yechimlar taklif etilgan.
Qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘nalishida esa davlat budjeti hisobidan qimmatbaho sovg‘alar hadya qilishni taqiqlash, budjet mablag‘larini samarasiz ishlatganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, sohaviy nazorat organlariga respublika hokimiyat organlarining ta’sirini kamaytirish bilan bog‘liq takliflar delegatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Partiya yangi dasturida shuningdek, davlat va jamiyat qurilishi yo‘nalishida ham qator tashabbuslar joy olgan.
Partiyaning ustuvor maqsad, g‘oyalari hamda ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi manfaatlari bilan bog‘liq takliflar joy olganini hisobga olib, qurultoy delegatlari Xalq demokratik partiyasining yangi Saylovoldi dasturini tasdiqladi.
Qurultoyda saylov har bir partiya uchun keng imkoniyat va albatta katta mas’uliyatligi, ayniqsa, bu yilgi yangicha, aralash tizimda o‘tadigan saylovlardan xalqimizning umidi kattaligi ta’kidlandi. Shu bois, Xalq demokratik partiyasi parlament quyi palatasi deputatligiga nomzodlar ilgari surish masalasiga ulkan mas’uliyat bilan yondoshganligi aytib o‘tildi.
Qurultoyda partiya Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov uchun tashkil etilgan bir mandatlik 75 ta okrugdan 75 nafar nomzod ilgari surdi, shuningdek, proporsional tizim bo‘yicha 100 kishilik partiyaviy ro‘yxat ham taklif etildi.
Nomzodlarning 47,4 foizi ayollardan iborat bo‘lib, barcha 175 nafar nomzod oliy ma’lumotga ega, ularning 8 foizini huquqshunoslar, 13 foizini iqtisodchi, 6 foizini muhandis, 9 foizini tibbiyot, 31,4 foizini pedagoglar, 32,6 foizini boshqa soha vakillari tashkil etadi. Shuningdek, nomzodlarning 18 nafarida fan nomzodi (PhD) va 15 nafarida fan doktori (DSc) ilmiy darajasi mavjud.
Delegatlar nomzodlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi tajribasi, turli sohalardagi fidoyi mehnati, yuqori malakali mutaxassis, partiyaning asosiy g‘oyasi huquq va imkoniyatlar tengligi uchun kurasha oladigan shaxslar ekanini qayd etib, deputatlikka nomzodlarni qo‘llab-quvvatlash haqida yakdil qaror qabul qilishdi.
Qurultoyda Xalq demokratik partiyasining parlament va mahalliy kengashlarga saylovda faol ishtirok etishi, yuqori natijalarga erishishi yo‘lida muhim qarorlar qabul qilindi.
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi
Axborot xizmati