Yangi O‘zbekistonda kambag‘al oilalarni keskin kamaytirish uchun tarixiy qadam qo‘yildi. Hech kimga sir emaski, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda belgilangan normalarni hayotga tatbiq qilish jadallik bilan davom ettirilmoqda.
Endilikda ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning a’zolaridan kamida bir nafari oliy ma’lumotli bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida kambag‘allikdan chiqarish uchun muhim yo‘nalish bo‘lmoqda.
Yangi O‘zbekistonni barpo etishda kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarni og‘ir vaziyatdan chiqarish eng asosiy vazifalardan biri sifatida belgilanib, natijaga qaratilgan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida kambag‘allikni qisqartirish ishlarini keyingi sifat bosqichiga olib chiqish masalalari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu masalaga alohida e’tibor qaratildi. Prezident har bir kambag‘al oilada, ayniqsa, xotin-qizlar orasidan kamida 1 nafar oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun sharoit yaratilishini ma’lum qildi.
Quvonarlisi oliygoh, kollej va texnikum talabalarining o‘zlashtirish ko‘rsatkichi kamida 80 foiz bo‘lsa, ularga keyingi o‘quv yili uchun foizsiz ta’lim krediti beriladigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, moliyaviy mustaqil bo‘lgan oliygohlarni har biri yiliga kamida 1 milliard so‘mlik grant e’lon qilish, ushbu grantlar hisobidan, fanlarni o‘zlashtirishidan kelib chiqib, kambag‘al oila farzandlari kontraktining 20 foizdan 80 foizgacha qismi qoplab berilishi ta’kidlandi.
O‘ylaymanki, insonni eng og‘ir vaziyatlardan ilm, bilim, hunar qutqaradi. Bu nafaqat iqtisodiy balki, millat uchun tarbiyaviy ahamiyatga ega. Ilmga intilgan yoshlarimizni moddiy qo‘llab quvvatlash kelajakda raqobatbardosh kadr bo‘lib yetishishiga imkoniyat beradi. Shuning bilan birga, mehnat bozorida kuchli kadrlar, ertangi kunga ishongan, oldinga intiluvchi yoshlarni tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur sayi-harakatlar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining eng asosiy maqsadlaridan biri bo‘lgan ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik, barcha uchun teng imkoniyatlarni yaratish g‘oyalariga to‘liq mos keladi.
Kambag‘al oilalar farzandlarining bog‘cha, maktab, texnikum va oliygohlarda sifatli ta’lim olishini tashkil qilish, ularga har tomonlama ko‘mak berish masalalarini muvofiqlashtirish Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yuklatilganligi, bosh islohotchi bo‘lgan davlatning halq farovonligi yo‘lidagi katta maqsadlari uchun dadil qadami bo‘ladi.
Yorqin kelajak sari, ilm ortidan intiladigan yoshlarimizdan bu imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanishlarini so‘rab qolaman.
Shohista Turg‘unova
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi