Saylovlar va ayollar
Saylovlar va ayollar

 

Shu yilning 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan Parlament va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovining eng asosiy ishtirokchilari hisoblangan siyosiy partiyalar yakunlangan haftada o‘z Saylovoldi dasturlarini e’lon qildilar. Ayni bir paytda Parlament quyi palatasi deputatligiga har tomonlama munosib deb bilgan nomzodlarni ilgari surishdi.

Aytish o‘rinliki, Saylov kodeksiga amal qilingan holda beshala partiyadan ham ko‘rsatilgan nomzodlarning 40 foizdan ortig‘i ayollardan iborat bo‘lmoqda. Yanada e’tiborlisi, Xalq demokratik partiyasidan Qonunchilik palatasi deputatligiga ayol nomzodlarning ulushi boshqa partiyalarga qaraganda nisbatan ko‘proq, ya’ni, 47,4 foizni tashkil etayotir.

Mamlakatimizda gender tenglik siyosati, opa-singillarimizning davlat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini faollashtirish sohasida olib borilayotgan dadil islohotlarga uyg‘un bu ko‘rsatkich alohida e’tirofga loyiq. Biroq jamiyatimizda ayollarga nisbatan shakllangan shunday stereotiplar hamon mavjudki, bu xotin-qizlarning qonun bilan mustahkamlab qo‘yilgan saylanish huquqiga bevosita yoki bilvosita daxl qilmasmikan, degan ishtibohni ham uyg‘otadi. Binobarin, “Ayolning o‘rni – oilada. Uning vazifasi – farzand tarbiyalash”, degan qarashda AYOL atalmish xilqatning onalik, bekalik missiyalarini bajarishi barobarida liderlik qobiliyatini, siyosiy irodasi va shijoatini namoyon eta olishiga, qat’iyat va faolligiga shubha bilan boqadigan insonlar yon-atrofimizda yo‘q, deb aytolmaymiz. Bu esa qator savollarni keltirib chiqaradi.

Xo‘sh, jamiyatimizda ayol deputatlarga ishonch qay darajada? Xalq vakili bo‘lish – bu juda katta mas’uliyat, tinimsiz mehnat, fidoyilik, elu yurt uchun yonib yashash degani. Opa-singillarimiz bu vazifani qanday uddalashmoqda? Ular deputatlik faoliyatida biror to‘siqqa duch kelishmadimi? Umuman, qonun chiqaruvchi bo‘g‘inda ayollar ulushini oshirishga qanaqa zarurat bor? Dunyo tajribasida bu masalada umummanzara qanday?

Quyida shular haqida fikrlashamiz.

 

O‘zbekiston – besh mamlakat qatorida

Mamlakatimizda xotin-qizlar soni joriy yil 1-yanvar holatiga 18 mln 274 ming 800 nafarni, ya’ni, aholining 49,7 foizini tashkil qilgan. Ta’kidlash joizki, so‘nggi besh yilda xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoyalash hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 80 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. 2019-yilgi saylovda parlamentning quyi palatasiga 48 nafar ayol deputat saylanib, deputatlar umumiy sonining 32 foizini, Senatda esa 25 foizini tashkil etdi. Darvoqe, O‘zbekiston milliy parlamenti xotin-qizlar soni bo‘yicha "Siyosatdagi ayollar" reytingida 190 davlat ichida 52-o‘rinda bormoqda.

Jahon banki indeksida esa O‘zbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan beshta mamlakat qatorida qayd etildi. Gender siyosat sabab so‘nggi yetti yilda O‘zbekistonda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 27 foizdan 35 foizga ko‘tarildi. Tadbirkor ayollar safi karrasiga ko‘payib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan opa-singillarimiz 205 mingdan oshdi. Yuz minglab ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilmoqda. Cog‘liqni saqlash va ta’lim sohasida band bo‘lgan aholi o‘rtasida xotin-qizlar ulushi 77 foizni, iqtisodiyot va sanoat sohasida 46 foizni tashkil etmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan qizlar soni 6 barobarga ko‘paygan.

Bularning bari nimadan dalolat? Tabiiyki, xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikka erishish, ayollarning faqat oilada emas, balki jamiyatda ham mavqeini yuksaltirish, barcha jabhada o‘z salohiyati va layoqatini namoyon etishiga imkoniyat yaratish yo‘lidagi tizimli ishlar natijasidir.

Ayollarning parlamentga kelishi esa hamma davlatda va hamma davrda, ta’bir joiz bo‘lsa, ijtimoiy-siyosiy fenomen sifatida juda katta rezonans bergan.

 

Yangilanayotgan dunyoda ayollar vakilligi ortmoqda

2024-yil insoniyat tarixida saylovlar yili bo‘lishi kutilmoqda. Aniqrog‘i, 60 dan ortiq mamlakatda Prezident va parlament saylovlari o‘tkazilishi, sayyoramiz bo‘ylab 2 milliarddan ortiq odam ovoz berishda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. BMT Ayollar tashkilotining yangi hisobotida keltirilishicha, hozir jahondagi 26 davlatni ayol rahbar boshqarmoqda. 140 dan ortiq mamlakatdagi vazirlik lavozimlarining 23 foizini ayollar egallagan. Yangilanayotgan dunyoda ayollar vakilligi sekin-asta bo‘lsa ham ortib borayotgani ijobiy tendensiya, albatta. Shu bilan birga “Ayollar siyosiy yetakchilari-2024” hisobotida eslatib o‘tilganidek, ko‘plab davlatlarda xotin-qizlar hali ham ma’muriyat va diplomatiyadan chetda qolmoqda. “Biz ayollar asosiy rulda bo‘lsa, dunyo yanada yaxshiroq bo‘lishiga ishonamiz. Bu yil ko‘plab davlat fuqarolari saylovda qatnashayotgan ekan, biz ayollarni hokimiyatning eng cho‘qqisiga qo‘yishimiz kerak. Ayollarning boshqaruv va yetakchilikdagi teng ishtiroki barcha uchun hayotni yaxshilashning kalitidir”, deydi “BMT-ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Sami Baxus xonim.

Bugungi kunda dunyo davlatlarining katta qismida ayollarning saylov va saylanish huquqi amal qiladi. Tarixga nazar tashlasak, Yevropada birinchi bor bunday huquqqa 1906-yilda Finlandiya ayollari ega bo‘lgan. Saylov tizimida gender adolatining g‘alaba qozonishi Ikkinchi jahon urushidan keyin ro‘y berdi.

Parlamentlararo ittifoqning so‘nggi hisob-kitoblariga ko‘ra, jahon parlamentlarida ayollarning ulushi 26,9 foizga yetdi. Bu hisob-kitob 2023-yilgi parlament saylovlari natijalari va 52 mamlakatdagi tayinlovlarni o‘z ichiga olgan yangilangan ma’lumotlarga asoslanadi. Butun dunyoda yangi saylangan deputatlarning 27,6 nafari ayollardan iborat. Ayol parlamentariylar soni bo‘yicha Ruanda (parlamentdagi o‘rinlarning 61,3 foizini ayollar egallagan), so‘ng Kuba (55,7 foiz) va Nikaragua (53,9 foiz) yetakchilik qilmoqda. Andorra, Meksika va Birlashgan Arab Amirliklarida ayol va erkak deputatlar soni bir xil.

Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya umume’tirof etilgan ayollar huquqlarini himoya qilish va gender tengligiga erishish borasida “jahonning global konstitutsiyasi” sanaladi. Bu konvensiya qoida va shartlarining amaliy tasdig‘ini topishi, gender tenglik va genderga nisbatan sezgir parlamentlarni yaratish uchun ham ko‘plab davlatlarda ayol deputatlar safi kengaymog‘i hayotiy zarurat bo‘lib qolmoqda.

 

Faol, shijoatli, fidoyi

Xotin-qizlar jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami hisoblanadi. Oiladagi iliq ma’naviy-ruhiy iqlim, bolalar tarbiyasi birinchi galda onaga bog‘liq bo‘lgani kabi jamiyat hayotining barcha jabhasida umuminsoniy qadriyatlar ustun bo‘lishi, millat genofondining sog‘lomligi, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning samaradorligi ayollar faolligini, inchunun, siyosiy jonbozligini talab qiladi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, mamlakatimizda ayollarga davlat va jamiyat taqdiriga daxldor qarorlarni hayotga tatbiq etish, xususan, qonunlarni ishlab chiqish, qabul qilish, yangi islohotlarni ro‘yobga chiqarish jarayonlarida bevosita qatnashishlari uchun keng yo‘l ochildi. Xususan, 2019-yilgi parlament saylovlari natijasiga ko‘ra, mahalliy Kengashlar deputatlarining 31 foizi jonkuyar, fidoyi opa-singillarimiz hissasiga to‘g‘ri keldi. Oilalar bilan ishlash, ishsiz xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va qashshoqlikning oldini olish, ijtimoiy daftarlardagi ayollarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash dasturlarining manzilliligi va samaradorligini oshirishda mahalliy Kengashlardagi ayol deputatlarning muhim o‘rnini inkor etib bo‘lmaydi. Buni, ayniqsa, Xalq demokratik partiyasining Saylovoldi dasturidagi xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish bilan bog‘liq keng ko‘lamli va izchil vazifalarni amaliyotga yo‘naltirishda, bu yo‘nalishdagi qonunchilik tashabbuslarida ayol deputatlarning faol ishtiroki misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

 

Munira ISOMOVA,

O‘zXDP Farg‘ona viloyat Kengashi Yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash bo‘lim boshlig‘i:

– Ayol zoti tabiatan shundayki, har qanday masalaga ko‘proq yurakdan his qilib yondashadi, dilidan o‘tkazib qarorlar qabul qiladi. Siyosiy hayotda faol bo‘lgan xotin-qizlarimiz aynan mana shu xislatlari tufayli qonunlarning yanada hayotiy bo‘lishi uchun kurashadilar, xalq dardi, xalq muammosiga aylangan ijtimoiy masalalarning insonparvar, aniq yechimlarini topish uchun jon kuydiradilar.

Hozirda viloyatimizda mahalliy Kengashlardagi ayol deputatlar soni 26 nafar (19 foiz)ni tashkil qiladi. Milliy mentalitetimizga ko‘ra, oilada ro‘zg‘ordagi saranjomlikdan tortib bolalar parvarishigacha bo‘lgan barcha mas’uliyatni ayol zimmasiga oladi. Erkak asosan oilaning boquvchisi sifatida ko‘riladi. Agar ayol deputatlik lavozimida ishlasa-chi? Shubhasiz, uning zimmasidagi mas’uliyat va vazifalar bir necha barobar oshadi. Bugun partiyamizning ayol deputatlari bu vazifalarni sharaf bilan uddalayapti, deb bemalol ayta olaman. O‘tgan besh yil davomida ular xalq vakili sifatida joylarda odamlarni o‘ylantirayotgan va tashvishga solayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni o‘rganish, yechim topish, deputatlik nazoratini kuchaytirish orqali elektorat ishonchini oqlashga harakat qildilar. Shunisi aniqki, bu ularning hech biri uchun oson kechmadi.

Yangi saylovlar arafasida turibmiz. Partiyalardan, jumladan, XDPdan ham deputatlikka ko‘rsatilgan nomzodlar orasida xotin-qizlar ulushi avvalgi saylovlardan sezilarli oshgan. Ularning qanchasi elektorat tomonidan deputatlikka loyiq ko‘riladi, bu endi elak suvdan ko‘tarilgach, saylov kuni aniq bo‘ladi.

Tan olish kerak, xotin-qizlar huquq va manfaatlarini kafolatlash sohasida erishilayotgan shuncha yutuqlarga qaramay, haliyam mehnat bozoriga kirish, ayollarning oila va jamiyatdagi o‘rni haqidagi tasavvurlar va ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlarida gender tengsizlik to‘la barham topganicha yo‘q. Ayol deputatlarimiz safi qancha kengaysa, jamiyatimizda xotin-qizlar duch kelayotgan bu kabi muammolarning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, qonun loyihalarini ishlab chiqish, ramziy qilib aytganda, ayollarning ham ovozini eshitish imkoniyati shuncha ortadi.

 

Robiya KAZIMOVA,

O‘zXDP Buxoro shahar Kengashi raisi, xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashi deputati:

– Har qanday davlatning madaniy darajasi ayollarga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik bilan o‘lchanadi. Ko‘ngilni ko‘taradigan jihat shuki, jamiyatimizda ayol deputatlarga nisbatan ishonch ham, hurmat-ehtirom ham yuqori darajada. Buni o‘zim va safdoshlarim faoliyati misolida aytyapman. Saylovchilar huzuriga borganimizda, murojaatlarni o‘rganganimizda, ayniqsa, hayotda qiynalgan xotin-qizlar bilan muloqot qilganimizda, ularning ko‘zidagi umidvorlik va ishonchni yaqqol ko‘rib turamiz.

Lekin deputatlik faoliyatim davomida, ayollar va oilalar bilan ishlashda so‘nggi paytlarda odamni ranjitadigan bir holatga duch kelayotganimizni ham gapirib o‘tishni istardim.

Yaqinda kasbimiz taqozosi bilan fuqarolar murojaatlarini o‘rganish yuzasidan Buxoro shahridagi bir mahallaga bordik. O‘rganishimiz chog‘ida ma’lum bo‘lishicha, fuqarolardan biri kommunal to‘lovlardan qarzi ko‘payib ketgach, moddiy yordam so‘rab mahalla fuqarolar yig‘iniga ariza bilan murojaat qilgan. Mahalla raisi esa bu fuqaroga moddiy yordam bera oladigan homiy topish uchun Xalq demokratik partiyasining Buxoro shahar Kengashiga murojaat bilan chiqadi. Deputatlarning sa’y-harakati bilan mazkur oilaga 2 million 500 ming so‘m pul saxovat qilinadi. Fuqaro esa pulni oladi-yu, yana mahalla ham alohida yordam berishi kerak, deb MFY raisini tinch qo‘ymaydi. Maqsadi hosil bo‘lmay, rad javobini olgan fuqaro bu borada boshqa tashkilotlarga shikoyat qiladi. Xullas, u yog‘i “yozdi-yozdi” boshlanadi.

Yana bir fuqarodan kelgan murojaatni jamoatchilik asosida o‘rgandik. Murojaatda yozilishicha, oila moddiy jihatdan juda qiynalgan, uylari ta’mirtalabligi bois amaliy yordam so‘ralgan.

- Erim hech qayerda ishlamaydi, chunki o‘qimagan, - deydi uy bekasi. - Men uyda bolalarga qarayman. Ishlashga imkonim yo‘q. Moddiy tomondan juda qiynalib qolganmiz. Uyimizni ta’mirlashimiz kerak.

Xonadonga razm solamiz, unchalik ham ta’mirtalab emas, nari borsa uyning erkagi qo‘l kuchi bilan bir kunda qilinadigan ish, ammo, nazarimizda, oila boshlig‘ida buning uchun hafsala yo‘q. 35 yoshlardagi, tog‘ni ursa talqon qiladigan erkak xotini orqali moddiy yordam olmoqchi.

Achchiq bo‘lsayam, haqiqat shuki, ish yo‘qligini niqob qilib, uydan chiqmay, ahli ayolini moddiy yordam uchun turli idoralarga yuborishdan tap tortmayotgan erkaklarimiz bor. Sharoiti og‘ir bo‘lmasa ham, “Nega meni “Temir daftar”ga kiritmadinglar?” deb janjal qiladigan ayollarimiz soni ham, afsuski, oz emas. Bu toifadagi opa-singillarimiz bilan ishlash, xotin-qizlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaqindan o‘rganish va yaxshilash, jamiyatning bosh bo‘g‘ini – oila institutini mustahkamlash uchun ham xalq vakillari orasida ayollarning bo‘lishi juda muhim.

 

Xulosa o‘rnida

O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasiga ko‘ra, 2030-yilga borib xotin-qizlarning ulushini siyosiy partiyalarda 50 foizga, vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda 15 foizga, boshqaruv lavozimlarida 30 foizga oshirish maqsad qilingan.

Demak, xalqimizning turmush farovonligini yuksaltirish, iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, turli sohalarda oddiy odamlar duch kelayotgan muammolarni, qonun bo‘shliqlarini bartaraf etish, barcha jabhada “Inson qadri - ustun” tamoyilini qaror toptirishdek ezgulik yo‘lida munosib hissa qo‘shadigan bag‘rikeng, mehnatkash, zukko, fahm-farosatli, oqila, mehribon opa-singillarimiz safi yanada kengayishi muqarrar.

 

Farida MAHKAMOVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 11.09.2024, №36

 

 

 

 

 

 

Teglar

«Faol ayollar» qanoti Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Saylov Partiya munosabati Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish