Insonning o‘z boshpanasi, uy-joyiga ega bo‘lishi hayotining tinch va osoyishtaligida muhim o‘rin tutadi. Mamlakatimizda keyingi yillarda jadallashib borayotgan keng ko‘lamli turarjoylar qurilishi natijasida yuz minglab oilalar uy-joy bilan ta’minlandi.
Biroq, bu jarayonda quruvchi kompaniyalar tomonidan sifatsiz bino qurilishi yoxud qurilish muddatlarining kechikishi, ayrim hollarda esa majburiyatlar umuman bajarilmasligi holatlari ham kuzatilmoqda.
Misol uchun, o‘tgan yili poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi qurilishi rejalashtirilgan ko‘p qavatli uylardan kvartira sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgan hamda bir yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tganiga qaramay qurilish ishlari hali boshlanmaganidan shikoyat qilgan fuqarolar murojaati ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqagan edi. Keyinchalik bu masala yuzasidan hukumat komissiyasi tuzildi. Quruvchi kompaniyadagi mansabdor shaxslarning firibgarligidan Izzat ko‘chasida qurilayotgan va qurilishi mo‘ljallangan boshqa uylar bo‘yicha jami 2668 nafar fuqaroda muammoband masalalar yuzaga kelgan. 1513 ta xonadondan 1409 tasi bo‘yicha fuqarolar bilan shartnomalar tuzilgan bo‘lib, atigi 260 nafar fuqaroga kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilgan xolos. Qolgan 1162 ta xonadon muammoli bo‘lgan.
Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Shu bois, O‘zbekiston XDP Saylovoldi dasturida ulush kiritish asosida uy-joy qurilayotganda uy-joy uchun qilingan to‘lov uy-joy bitganidan keyin to‘lanadigan tizimga o‘tish (escrow) tashabbusi ilgari surildi.
Taklif etilayotgan tizimga muvofiq, uy-joyni sotib oluvchi o‘z pullarini maxsus bank hisobvarag‘ida (escrow hisobvarag‘i) saqlaydi. Escrow hisobvarag‘i ulush kirituvchi fuqarolarning pullari saqlanadigan bank hisobvarag‘i bo‘lib, xaridor uy-joy uchun pulni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotuvchiga o‘tkazmaydi, balki uy-joy quruvchi kompaniya boshqara olmaydigan hisob raqamiga o‘tkazadi. Bu hisob raqamidan foydalanish imkoni uy-joy quruvchi kompaniyada mavjud bo‘lmaydi, demak, toki uy-joy bitmagunicha kompaniya pulni sarf qila olmaydi.
Escrowning mohiyati shundaki, quruvchi kompaniya uy-joyni to‘liq xaridorga topshirmaguncha pulni ololmaydi. Shunday qilib, quruvchi kompaniyaning bankrotligi yoki firibgarligi tufayli pul yo‘qotish xavfi kamayadi, aldangan ulushdorlar muammosi hal qilinadi. Shu bilan birga, quruvchi kompaniya qurilish uchun pulni ulushdorlardan emas, balki bankdan oladi.
XDPning ulush kiritish asosida uy-joy qurilayotganda uy-joy uchun qilingan to‘lovni uy-joy bitganidan keyin to‘lash tizimiga o‘tish (escrow) taklifi amalga oshirilsa fuqarolarimiz uy-joy sotib olishda turli firibgarlik va nayranglar qurboni bo‘lmasligi ta’minlanadi.
Bundan tashqari, quruvchi kompaniyalarning ham o‘z majburiyatlarini vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha mas’uliyati oshadi.