Ma’lumki, kommunal xizmatlar fuqarolarning farovon va qulay hayot kechirishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Suv, isitish, elektr energiyasi, gaz ta’minoti, kanalizatsiya, chiqindilarni yig‘ish kabi inson uchun zarur hayotiy ehtiyojlarni qondirishga yo‘naltirilgan xizmatlarga doimiy ehtiyoj mavjud.
Shu bois, kommunal xizmatlar va tariflar aholi uchun qulay va adolatli bo‘lishi maqsadga muvofiq, deb bilamiz.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyamiz bu yo‘nalishdagi faoliyatni huquqiy asosda tartibga solishni nazarda tutuvchi “Kommunal xizmatlar va tariflarni tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish zarur, deb hisoblaydi.
Mazkur hujjatni qabul qilish zarurati quyidagilar bilan izohlanadi:
- kommunal xizmatlar uchun belgilanadigan tariflar adolatli va iqtisodiy asoslangan bo‘lishini ta’minlash, xizmatlar va tariflarning narxini belgilash jarayonida aholining turmush darajasini hisobga olish;
- ijtimoiy zaif qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular uchun maxsus imtiyozli tariflarni joriy etish;
- kommunal xizmatlar sohasida xususiy sektorning faol ishtirokini rag‘batlantirish orqali yangi sarmoyalarni jalb etish;
- xizmat ko‘rsatuvchilar uchun sifat standartlarini ishlab chiqish va unga rioya qilinishi ustidan samarali nazorat tizimini joriy etish.
Bu qonunning qabul qilinishi kommunal xizmatlar sifatini yaxshilash va ularni fuqarolar uchun iqtisodiy jihatdan maqbul narxlarda taqdim etish, tariflarni belgilashda shaffoflik, xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar faoliyati ustidan samarali nazorat o‘rnatish mexanizmlarini joriy etishga xizmat qiladi.
Xorijiy davlatlar tajribasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya, Rossiya kabi davlatlarda kommunal xizmatlar va tariflarni tartibga soluvchi qonunlar mavjudligini ko‘ramiz.
Partiyamiz tashabbusi bilan mazkur qonunning qabul qilinishi kommunal xizmatlar samaradorligini oshirish, ularning sifatini yaxshilash va tariflarni barqaror ushlab turish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, bunday qonun energiya tejaydigan texnologiyalar va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantiradi.
Sh.Xo‘jayev,
Toshkent davlat yuridik universiteti kafedra mudiri, yu.f.n., dotsent.