Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqishdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashish, inson huquqlari va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishga, xususan odam savdosidan jabrlanganlarning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Biroq, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar hamon sodir etib kelinmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2019-yilda 94 ta, 2020-yilda 93 ta, 2021-yilda 162 ta, 2022-yilda 165 ta, 2023-yilda 144 ta, 2024-yil 5 oyida 90 ta odam savdosi bilan bog‘liq holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Binobarin, bugungi kunda insonlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq masalalarda, jumladan, odam savdosi jinoyati uchun mutanosib sanksiyalar belgilanmagan.
Shuningdek, Odam savdosi uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddaning ikkinchi qism «a» bandida nazarda tutilgan belgilar bo‘yicha, ya’ni o‘g‘irlash, zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qo‘llash orqali sodir etish uchun jazo chorasi amaldagi JKning 137-moddasi ikkinchi qismi sanksiyasiga muvofiq emas. Vaholanki, ushbu jinoyatlarning subyektiv belgilari bir-biriga yaqin va ijtimoiy havfliligi tengdir.
Qolaversa, odam savdosi jinoyati obyekti bo‘yicha og‘irlashtiruvchi bandlar sifatida homilador ayolga nisbatan sodir etish belgisi mavjud emas. Shunga ko‘ra, odam savdosi uchun javobgarlikni differensiatsiya qilishda yuzaga kelgan masalalarni bartaraf etish maqsadida 2-qismga og‘irlashtiruvchi holat sifatida «homilador ayolga nisbatan» degan band bilan to‘ldirish taqozo etilmoqda.
Bundan tashqari, amalda moddaning uchinchi qismi sanksiyasida 8 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Bunda ushbu qism «og‘ir» yoki «o‘ta og‘ir» jinoyat turkumiga kirishi masalasida huquqni qo‘llash amaliyotida muammolar mavjud.
Shu sababdan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga ushbu qilmishlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan og‘irroq jazo choralarni belgilovchi o‘zgartirishlarni kiritish ko‘zda tutilmoqda.
Qonun loyihasi yuzasidan deputatlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirar ekan, uning naqadar muhimligini, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, himoya qilishda asos bo‘lishini alohida ta’kidlashdi. Hujjatni yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar berilib, 1-o‘qishda konseptual jihatdan ma’qullandi.
Yig‘ilishda shuningdek, «Davlat boji to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga sug‘urta qildiruvchilarni majburiy sug‘urta shartnomalaridan kelib chiqadigan da’volar bo‘yicha davlat bojini to‘lashdan ozod etishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda sug‘urta xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tartibini mustahkamlash yuzasidan bir qator institutsional chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga sug‘urta qildiruvchilar tomonidan majburiy sug‘urta shartnomalaridan kelib chiqadigan da’volar bilan sudlarga murojaat qilinganda, ulardan davlat boji undirilishi qo‘shimcha moliyaviy xarajatlarga olib kelmoqda. Shu munosabat bilan «Davlat boji to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga sug‘urta qildiruvchilarni majburiy sug‘urta shartnomalaridan kelib chiqadigan da’volar bo‘yicha davlat bojini to‘lashdan ozod etishni nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ushbu Qonun sug‘urta xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishi inobatga olinib, deputatlar tomonidan ma’qullandi.