Xalq demokratik partiyasi 2019-yili Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari oldidan 12 qadamni o‘zida mujassam etgan, 82 banddan iborat siyosiy-ijtimoiy maqsadlarni qamrab olgan Saylovoldi dasturini qabul qilgan edi. O‘rganishlar ko‘rsatmoqdaki, hozirga qadar ularning 70 dan ortig‘i amalga oshdi. Eng muhimi, partiyaning ijtimoiy ideali bo‘lgan ijtimoiy demokratik davlatni barpo etish tamoyili Konstitutsiyada muhrlandi. Xabaringiz bor, dastur ijrosi doirasidagi amaliy ishlar haqida gazetamizning har bir sonida ma’lumot berib boryapmiz. Bu gal ham ayni an’anani davom ettiramiz.
Jamiyatning har bir a’zosi teng huquqlidir!
Huquqlar va imkoniyatlar tengligiga erishish insonparvar jamiyat uchun asosiy mezondir. Ushbu mezon oliy maqsadga aylangan mamlakat hamma davrda barqaror rivojlangan.
Huquqlar va imkoniyatlar tengligini nogironligi bo‘lgan insonlarning manfaatlari himoyasida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Zotan, har bir shaxs jismoniy, ijtimoiy-iqtisodiy holatidan qat’i nazar, jamiyatda teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi muhim. Bu Xalq demokratik partiyasi ilgari surgan pozitsiyalardan biri.
Sir emaski, yaqin-yaqingacha nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan “muammo” sifatida, “mehnatga layoqatsiz” deb achinish hissi bilan qarashdek noto‘g‘ri munosabatga duch kelar edik. Bunday insonlarning manfaatlarini qat’iy turib himoya qilish Xalq demokratik partiyasi deputatlari va faollari faoliyatida ustuvorlik kasb etdi. Bundan tashqari, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasini ratifikatsiya qilish, milliy qonunchilikni BMTning nogironlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha me’yoriy qoidalariga muvofiqlashtirish masalalari ham diqqat-e’tiborda bo‘ldi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 1 milliarddan ortiq odamda nogironlik qayd etilgan. Bu dunyo aholisining taxminan 15 foizini nogironligi bor shaxslar tashkil etadi, degani. O‘zbekistonda ham shu toifadagi insonlar soni qariyb 1 millionga yaqin.
Ma’lumki, yurtimizda har yili nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun davlat budjetidan katta mablag‘ ajratiladi. Maqsad esa ularni jamiyatning faol qatlamiga aylantirish uchun imkoniyat yaratishdir. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarning jamiyatga integratsiyasini tezlashtirib, ularning iqtisodiy faolligini oshirish uchun amalda “to‘siqsiz muhit”ni qaror toptirish har qachongidan dolzarb.
Xo‘sh, o‘tgan besh yil davomida bu borada qilingan ishlar va real natijalar haqida nima deyish mumkin?
2020-yilda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Qonun bilan O‘zbekistonda ijtimoiy adolat tamoyiliga amal qilish, yordam va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, birinchi navbatda jismoniy imkoniyati cheklangan odamlarga to‘laqonli hayot kechirish uchun sharoit yaratish masalasiga alohida ahamiyat qaratildi.
Qonunning 6-moddasida nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishga yo‘l qo‘ymaslik tamoyili aks ettirilgan. Unga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qo‘yish, istisno etish, chetlatish, cheklash yoki afzal ko‘rish holatlari, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning obyektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishni rad etish taqiqlandi.
Buning mantiqiy davomi sifatida 2021-yilda “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani (Nyu-York, 2006-yil 13-dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun imzolandi.
Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining xalqaro norma va standartlarga moslashishi, bu yo‘lda xalqaro tashkilotlarning maqsadli resurslarini jalb qilish imkoni kengayishi hamda mamlakatimizning xalqaro imiji yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.
2023-yil 27-fevralda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori imzolandi.
Qarorda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining kafolatlarini mustahkamlash, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishini ta’minlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotining barcha sohasida ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsad qilingan.
Jumladan:
– nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash va ularga yuridik yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish,
– «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan hamda I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni son protezi, boldir protezi va oyoq kamari ortoped apparatlari bilan bepul ta’minlash,
– 2023-yil 1-sentabrdan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlashda nogironligi bo‘lgan shaxslardan tibbiy xulosa talab etishni bekor qilish kabi huquqiy kafolatlar, bepul ijtimoiy yordam va ularni ortiqcha ovoragarchilikdan xalos qiluvchi masalalar ko‘zda tutilgan.
Protez-ortopediya vositalari bilan ta’minlashdagi imtiyozlar
O‘zXDP Saylovoldi dasturida tegishli sohalarda samarali deputatlik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish orqali aholining alohida toifalariga ajratiladigan dori vositalari, protez-ortopediya vositalari va boshqa tibbiy-ijtimoiy yordamni imtiyozli taqdim etish tizimini takomillashtirishga ko‘maklashish vazifasi belgilangan edi.
Ushbu vazifa ijrosi haqida partiyaning parlamentdagi fraksiyasi a’zosi Mavjuda Hasanova quyidagilarni gapirib berdi:
– Ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish, kafolatlash, ularga teng imkoniyat yaratish bo‘yicha qonunchilikning ham milliy, ham xalqaro asoslari yaratilmoqda. BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasi ratifikatsiya qilinishi davlat va jamiyat zimmasiga katta mas’uliyat olganini anglatadi. Shu bilan birga Konvensiya, qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar qabul qilish vaziyat birdaniga tubdan o‘zgarib ketadi degani emas, albatta. Huquqiy asoslarni mustahkamlash birlamchi muhim qadam edi.
Davlatimiz rahbarining 2023-yil 11-sentabrda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, 2024-yil 1-yanvardan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya hamda dori vositalari bilan ta’minlash ishlari «vaucher» tizimi asosida bosqichma-bosqich tashkil etiladigan bo‘ldi. Bunda nogironligi bor shaxslarga tovar va xizmatlarni o‘zlari tanlagan yetkazib beruvchidan xarid qilish imkoniyati yaratiladi va ularning xarajatlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Binobarin, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslarning sifatli va zamonaviy protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlanish darajasini yuz foizga yetkazish nazarda tutilgan.
Yana bir e’tiborga molik muhim jihatga to‘xtalsam. Bugungi kunda keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni har yili bepul tibbiy-ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish ko‘lami 80 ming nafardan 120 ming nafarga ortdi. “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida davlat ta’minotiga olingan shaxslar soni 14 foizga oshib, 9,3 ming nafarni tashkil etmoqda. Reabilitatsiya texnik vositalari va protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlash deyarli karrasiga ko‘paydi. Muhtoj fuqarolarning o‘zi tanlagan ishlab chiqaruvchidan ushbu mahsulotlarni olishlarini ta’minlovchi tizim joriy qilindi.
Ta’lim olishga to‘sqinlik qiluvchi har qanday harakatlar taqiqlandi
Inklyuziv ta’lim mohiyatan nogironligi bor bolalar ham sog‘lom tengdoshlari bilan bitta maktabda, bitta sinfda o‘qishini anglatadi. Ya’ni, u barcha uchun mo‘ljallangan ta’lim. Bu maktabgacha, o‘rta va oliy ta’limni qamrab oladi. Inklyuziv ta’lim nogironligi bo‘lgan o‘g‘il-qizlarga nisbatan har qanday kamsitishni istisno etadigan, barcha uchun teng muomalani ta’minlaydigan, maxsus ta’lim ehtiyojiga ega bolalar uchun zarur sharoit yaratadigan mafkuraga asoslanadi.
Tahlillarga ko‘ra, agar maktablarda inklyuziv ta’lim bilan qamrab olish uchun sharoit yaratilsa, nogironligi bor 16 yoshgacha bolalarning 80 foizidan ortig‘i bemalol maktabga bora oladi. Shunda nogironligi bor bola tengdoshlaridan o‘zini ayro his qilmaydi, ishonchi oshadi, intilishi kuchayadi.
Shundan kelib chiqib, partiyamiz Saylovoldi dasturida inklyuziv ta’limni yanada rivojlantirish va shu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilarga imtiyozlar taqdim etish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan edi. Xususan, bunda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus adabiyotlarni, jumladan, ovoz jo‘rligidagi Brayl alifbosi asosida chop etish va xarid qilish, ushbu maqsadlar uchun xarajatlarni davlat budjetidan moliyalashtirishni ta’minlashga erishish qayd etildi.
Bevosita elektoratimiz manfaatlari bilan bog‘liq ushbu vazifalar ijrosi bo‘yicha XDP faollariga yuzlandik.
– Ta’lim muassasalarida sifatli ta’lim olish va malaka oshirish uchun teng imkoniyatlar yaratilmoqda, – deydi partiya Markaziy Kengashi sho’ba mudiri Bahodirxon Kamolov. – Xalq ta’limi tizimida inklyuziv ta’lim yo‘lga qo‘yildi. Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni barcha darajada sifatli ta’lim olishi uchun teng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Fraksiya a’zolari va xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunidagi tegishli me’yorlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi ustidan tizimli ravishda parlament va deputatlik nazorati amalga oshirildi. 2020-yil 23-sentabrda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga ilk bor inklyuziv (uyg‘unlashgan) ta’lim tushunchasi kiritildi.
O‘zbekiston umumta’lim maktablarida inklyuziv ta’limni joriy etish rejasi belgilab olindi. Unga ko‘ra, 2025-yilgacha alohida ta’limga ehtiyoji bor bolalarning 40 foizi odatiy maktablarga jalb qilinishi ko‘zda tutilgan. Buning uchun jadal amaliy harakatlar qilinyapti. BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyalari xalqaro tajribani uyg‘unlashtirishda qo‘l kelmoqda. Davlatimiz rahbarining BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida bildirgan imkoniyati cheklangan shaxslarning o‘z qobiliyatini to‘la ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha mintaqaviy kengash tuzish borasidagi taklifini esa nogironligi bo‘lgan kishilar himoyasiga qaratilgan yana bir katta tashabbus, deyish mumkin.
Hayot uchun kerak
Bepul ijtimoiy xizmatlar ro‘yxati tasdiqlanishi va qo‘llanishiga erishilgani partiya qo‘lga kiritgan yana bir zalvorli natijalardan deyish mumkin. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan aholining zarur tovar va xizmatlar uchun qilgan xarajatlariga qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarilishi joriy etildi. Natijada 2 mln.dan ortiq oilaga yengillik yaratildi.
Maqsad har bir insonning hayotiy zarur ijtimoiy xizmatlardan bepul foydalanishini qonunchilik darajasida va real hayotda kafolatlanishiga muvaffaq bo‘lish edi. Xususan, fuqarolarning ta’lim olish, ijtimoiy himoya, malakali yuridik xizmatdan foydalanish huquqlarini kafolatlash ayni zarurat hisoblanadi.
– Bugungi kunda ijtimoiy xizmatlar sohasi zamonaviy fuqarolik jamiyatining o‘ziga xos instituti sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ijtimoiy xizmatlarning institutlashuvi masalasi xorijiy davlatlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish konsepsiyalarida ham o‘z aksini topmoqda, – deydi partiya Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i Abror Qurbonov. – Davlat va odamlar o‘rtasidagi munosabatlar keyinchalik professional xarakterga ega bo‘lgan ijtimoiy xizmatlarga aylanadi. Ijtimoiy xizmatlar, deb asosan sog‘liqni saqlash, fan, ta’lim, madaniyat kabi sohalarda ko‘rsatiladigan xizmat turlariga aytiladi. Ular ochiqlik, shaffoflik, oshkoralik tamoyillariga tayanadi.
Ijtimoiy xizmatlardan bepul, bemalol foydalanish imkoniyatini yaratish degani hamma narsa tekin bo‘lsin degan mazmundan, ojiz mafkuradan butunlay yiroq. Bu o‘rinda asosiy masala fuqarolarning ijtimoiy holati, kelib chiqishi, iqtisodiy imkoniyatlaridan qat’i nazar, ularga Konstitutsiyadagi huquqlarini amalga oshirish uchun sharoit yaratilishi bilan bog‘liqdir.
Masalan, bola qanday oilada tug‘ilmasin, boshlang‘ich va maktab ta’limini olishi zarur, buni davlat kafolatlaydi. Inson bemor bo‘lib, hayotiga xavf yuzaga kelganda, davlat sog‘liqni saqlash tizimi orqali uni himoyalash choralarini kafolatlashi muhim. Inson sha’ni, qadr-qimmatini asrash, o‘zini himoya qilishga muhtoj bo‘lib qolganda, ijtimoiy, iqtisodiy holatidan qat’i nazar, uning ustuvor huquqlari ta’minlanishi kerak.
Boshqachasiga aytganda, davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar davlat va jamiyatni o‘zaro ishonch, mas’uliyat bilan bog‘lab turuvchi muhim institutlardan biridir. Xalq demokratik partiyasi ko‘zlagan maqsad huquqlar va imkoniyatlar tengligi degan hayotiy tamoyilga, xalqimizning tarixiy turmush tafakkuriga asoslangani yaqqol tushunarli.
Ijtimoiy xizmatlar bo‘yicha davlat rahbarining 2020-yil 4-avgustda “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da ro‘yxatga olingan oilalarga bepul yoki imtiyozli shartlarda qator ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida ota-onalar to‘lovidan ozod etish, maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘rnatilgan miqdorlarda ota-onalar to‘lovini to‘lash, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida darsliklar ijara to‘lovlaridan ozod etish, umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari uchun qishki kiyim-bosh berish belgilandi. Kam ta’minlangan oilalarning nogironligi bo‘lgan a’zolarini protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlash nazarda tutildi. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida bepul maxsus (ambulator yoki kunduzgi) tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yo‘llanma (order) olish kabi ijtimoiy xizmatlar belgilandi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi nafaqat ijtimoiy xizmatlar va yordamning manzilliligini oshirish imkoniyati, balki har qanday murakkab sharoitda ham aholining ehtiyojmand qismini qisqa muddatlarda aniqlash, ularni davlat tomonidan manzilli qo‘llab-quvvatlashning shaffof va samarali vositasiga aylanib boryapti.
Umuman olganda, ijtimoiy xizmatlar sohasining tashkiliy-huquqiy asosini takomillashtirish keyingi 4-5 yil ichida sezilarli jonlandi. Asosiysi, endilikda muhtoj odamlar kerak paytda zarur xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu davlatning nafaqat mas’uliyati, balki iqtisodiy kuch-qudrati ham xalqimiz ehtiyojlariga munosib darajada oshayotganini bildiradi.
Fakt va dalillar Xalq demokratik partiyasi dasturida belgilab olgan har bir insonning hayotiy zarur ijtimoiy xizmatlardan bepul foydalanishini qonunchilik darajasida va real hayotda kafolatlash maqsadiga bosqichma-bosqich erishilayotganini tasdiqlaydi. Bu butun davlat va jamiyatimizning salmoqli yutug‘idir.
Laziza SHEROVA,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 18.09.2024, №37