Davlatning iqtisodiyotga ta’siri eng maqbul shaklda saqlab qolinishi kerak
Davlatning iqtisodiyotga ta’siri eng maqbul shaklda saqlab qolinishi kerak

 

Har bir mamlakatda iqtisodiyotga davlatning ma’lum darajada aralashuvi mavjud bo‘ladi. Tartibga solinmagan mutlaq erkin bozor mavjud emas. Davlat shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini hisobga olgan holda ma’lum mezonlar asosida iqtisodiyotga ma’muriy ta’sir ko‘rsatadi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston XDP Saylovoldi dasturida o‘z ifodasini topgan iqtisodiyotda davlatning faol roli va ishtirokini hamda strategik ahamiyatga ega kompaniyalar ustidan davlat nazoratini saqlab qolish, ularni xususiylashtirishni qonun darajasida taqiqlash to‘g‘risidagi tashabbusi muhim ahamiyatga egadir.

Partiyamiz tomonidan davlatning iqtisodiyotdagi faol ta’sirini saqlab qolishning asosiy sabablari quyidagilar bilan izohlanadi:

- energetika, transport va mudofaa sanoati kabi strategik muhim sohalar milliy xavfsizlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Bular ustidan davlat nazorati ularning milliy manfaatlarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan xorijiy yoki xususiy manfaatlar nazorati ostiga tushishiga yo‘l qo‘ymaydi;

- davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki, ayniqsa, inqiroz davrida ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga ko‘maklashadi. Bunga bandlikni qo‘llab-quvvatlash, asosiy tovarlar va xizmatlar narxlarini tartibga solish hamda aholining zaif qatlamlarini himoya qilish kiradi;

- davlat nazoratini belgilash monopollashtirish, suiiste’mol qilishning oldini olish va adolatli raqobatni ta’minlash uchun asosiy tarmoqlarni yaxshiroq tartibga solish imkonini beradi;

- davlat nazorati infratuzilma, yangi texnologiyalarni tadqiq etish va rivojlantirishga uzoq muddatli investitsiyalar jalb etilishini osonlashtirishi mumkin, bu masala xususiy sektor uchun ustuvor ahamiyatga ega emas.

Xalqaro tajribani ko‘radigan bo‘lsak, ko‘plab mamlakatlarda mazkur masala qonunchilik darajasida belgilangan.

Masalan, Rossiyada davlat energetika, transport va mudofaa sohalaridagi yirik kompaniyalarga egalik qilish orqali iqtisodiyotda faol ishtirok etadi. Qonunchilik darajasida Gazprom va Rosneft kabi strategik muhim kompaniyalarni xususiylashtirish mumkin emasligi belgilangan.

Xitoyda davlat iqtisodiyotda, ayniqsa, bank, energetika va telekommunikatsiya kabi strategik sohalarda yetakchi rol o‘ynaydi. Davlat kompaniyalari iqtisodiyotning tayanchi bo‘lib, ushbu tarmoqlarda xususiylashtirish qat’iy tartibga solinadi.

Fransiyada xususiylashtirish mumkin bo‘lsada, bu strategik sohalarda ehtiyotkorlik bilan amalga oshiriladi. Strategik ahamiyatga ega kompaniyalar, ayniqsa, EDF kabi energetika sohasidagi kompaniyalarda davlat nazorati saqlab qolingan.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Saylov Partiya munosabati Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish