XDPdan “Faol keksayish” strategiyasi
XDPdan “Faol keksayish” strategiyasi

 

Keksalar salomatligining sifat ko‘rsatkichlari (kasallanish, o‘lim, nogironlik) ijtimoiy himoya qilish tizimining samaradorligi bilan bevosita bog‘liq. Ularning ijtimoiy ahvoli esa ko‘p holatlarda o‘z salomatligini muhofaza qilish, shoshilinch va malakali tibbiy yordamlardan foydalanish uchun imkoniyati bor yoki yo‘qligida yaqqol ko‘rinadi.

Shu nuqtai nazardan partiyamiz keksalarga sifatli tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini modernizatsiya qilish va rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Keksalar uchun tibbiy-ijtimoiy xizmatlar kunduzgi parvarish qilish markazlari, shifoxonalar, ambulatoriyalar, uyda tibbiy xizmat ko‘rsatish kabi keng tarmoqni o‘z ichiga olishi lozim. Bu borada sog‘liqni saqlash infratuzilmasini barcha zarur jihozlar hamda maxsus mutaxassislar bilan ta’minlash muhimdir.

Fikrimizcha, sog‘liqni saqlash tizimi keksalar kasallanishlari profilaktikasiga jiddiy e’tibor qaratishi kerak.

Keksalikda, ya’ni, taningdan kuch, ko‘zingdan nur ketganda insonning yolg‘iz qolishi juda og‘ir. Ustiga-ustak fiziologik qarish jarayoni ayrim surunkali kasalliklarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Bunday vaziyatda inson uchun ijtimoiy, tibbiy va psixologik ko‘mak, g‘amxo‘rlik har qachongidan kerak. Dunyo tajribasiga razm solsak, bu vazifani xospislar muvaffaqiyatli bajarayotganini ko‘rish mumkin.

Xospislarning qariyalar uylaridan farqi katta. Bunday muassasalarga biriktirilgan shifokorlar va hamshiralar keksa yoshdagi bemorlarga o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan bir vaqtda ularning jismoniy va ruhiy og‘riqlarini yengishiga yordam beradilar. Taqdir sinovlari tufayli yolg‘iz qolgan, parvarishga muhtoj keksa yoshdagilar uchun ham ijtimoiy ko‘mak markazlari, ya’ni, xospislarni ko‘paytirish jamiyatimiz uchun suv va havodek zarur. Binobarin, mamlakatimizda joriy yil avgust holatiga ko‘ra yalg‘iz yashovchi keksalar soni 7 ming 939 nafarni tashkil etmoqda. Bu kichkina raqam emas.

XDP dasturida xospislar faoliyatini kengaytirish, “Xospis xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlash chiqish tashabbusi shu jihatdan maqsadga muvofiq.

Bundan tashqari, faol qarish bo‘yicha strategiyani ilgari surish orqali barcha sohada keksa odamlarning faol ishtirokini rag‘batlantirish masalasiga ham diqqat qaratilgan.

Faol qarish – bu juda keng tushuncha. Bilamizki, yosh o‘tishi bilan insonda tabiiy biologik jarayon – keksayish kuzatiladi. Bu jarayondagi o‘zgarishlar nafaqat tashqi qiyofada zuhur bo‘ladi, balki jismoniy faollik cheklanadi, ko‘pincha yurak, qon-tomir va asab tizimida turli xastaliklar yuzaga kela boshlaydi.

Mutaxassislar sog‘lom turmush tarzi, mehnat hamda dam olishni to‘g‘ri shakllantirish, sog‘lom ovqatlanish, doimiy harakat va hatto yon-atrofdagi insonlar bilan olijanob munosabatlar faol qarish asosi ekanini ta’kidlaydilar. Xalqona aytganda, keksalikka bo‘yin egmagan insonlar hayotga qiziqishini va ijtimoiy faoliyatini so‘ndirishmaydi. Oilada ham, jamiyat hayotida ham faol bo‘ladilar.

XDPning faol qarish bo‘yicha strategiyasi orqali keksalarimizning barcha sohada o‘rni va obro‘sini oshirish taklifi zamirida chinakam insonparvarlik tamoyili mujassamligini ortiqcha ta’rif etishga hojat bo‘lmasa kerak.

Bugun davlat va jamiyat rivoji uchun yoshlar bilan baravar bel bog‘lagan keksa avlod vakillarining manfaatlarini himoya qilish, buning uchun tibbiy yordam, moliyaviy ko‘mak va ijtimoiy integratsiyaga qaratilgan kompleks choralarni amalga oshirish partiyamizning dasturiy maqsadlariga uyg‘undir.

Yoshi ulug‘ insonlar – betakror qadriyatlarimiz va ma’naviy-madaniy merosni asrab yurgan xazina misoli. Ularni qadrlash, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish pirovardida xalqimizning madaniy taraqqiyotiga xizmat qiladi.

 

Shohrux O‘KTAMOV,

Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilayotgan nomzod.

«O‘zbekiston ovozi», 18.09.2024, №37

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Saylov Partiya munosabati Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish