Davlat xizmatlarini ko‘rsatish va jarimalar orqali davlat budjetiga tushadigan mablag‘lar mamlakatning iqtisodiy barqarorligi va ijtimoiy rivojlanishi uchun muhim omillardan hisoblanadi. Bu mablag‘larning to‘g‘ri va samarali boshqarilishi davlatning asosiy ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlariga erishishga ko‘maklashadi.
Shu bois, O‘zbekiston XDP vazirlik va idoralar tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish yoki jarima solish natijasida tushadigan barcha tushumlarni to‘liqligicha Davlat budjetiga yo‘naltirish tashabbusini ilgari surmoqda.
Xorijiy davlatlar tajribasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, aksariyat mamlakatlarda davlat xizmatlarini ko‘rsatish va jarima bo‘yicha tushumlar davlat budjetiga yo‘naltirishiga guvoh bo‘lamiz.
Norvegiyada davlat xizmatlari va jarimalardan tushadigan daromadlar to‘laligicha davlat budjetiga tushadi. Masalan, barcha yo‘l harakati jarimalari, ro‘yxatga olish yig‘imlari va shunga o‘xshash daromadlar budjetga o‘tkazilib, davlat dasturlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Bu jarayon “Davlat moliyasi to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinadi.
Finlandiyada davlat xizmatlaridan tushgan barcha daromadlar va jarimalar davlat budjetiga tushishini ta’minlash bo‘yicha qattiq nazorat o‘rnatilgan. Jarimalardan tushgan barcha daromadlar, masalan, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish yoki yo‘l harakati jarimalari davlat g‘aznasiga o‘tkaziladi. Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun bunday daromadlarni davlat budjetiga to‘liq o‘tkazish tartibini belgilaydi.
Tushumlarni to‘liq davlat budjetiga yo‘naltirish quyidagi jihatlari bilan muhimdir:
- davlat budjetiga tushadigan mablag‘lar ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirishda, masalan, sog‘liqni saqlash, ta’lim va infratuzilmani qo‘llab-quvvatlashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi;
- davlatning moliyaviy barqarorligi va ichki iqtisodiyotni rivojlantirishga yordam beradi;
- mablag‘lar budjetga to‘liq tushganidan so‘ng davlat yangi infratuzilmalar yaratish va mavjudlarini yaxshilashga sarmoya kiritish imkoniga ega bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, davlat xizmatlari va jarimalardan kelib tushadigan tushumlarni to‘liq davlat budjetiga yo‘naltirish mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Bu nafaqat davlat budjetining barqarorligiga yordam beradi, balki ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish, infratuzilmani yaxshilashga ham ko‘maklashadi.