Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, aholisining daromadi past va o‘rta bo‘lgan mamlakatlarda muomalada bo‘lgan har o‘nta tibbiy mahsulotdan bittasi sifatsiz yoki soxtalashtirilgan. Bu esa, o‘z navbatida, bemorlar tomonidan kasalliklarni davolash yoki oldini olish uchun samara bermaydigan dori-darmonlar qabul qilinishini bildiradi. JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, qalbaki va qo‘lbola dorilar aholining eng zaif qatlamlariga kuchli ta’sir qiladi va natijada jiddiy kasallik yoki o‘limga sabab bo‘ladi.
Shu maqsadda, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi farmatsevtika sohasida davlat nazoratini kuchaytirish tashabbusini ilgari surmoqda.
Bu sohadagi nazoratni kuchaytirish, uning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida “Dori-darmonlar va tibbiy vositalar narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida” Qonun qabul qilinishi fuqarolar salomatligini muhofaza qilish, dori vositalarining mavjudligi va sifatini ta’minlash, shuningdek, jamiyatda ijtimoiy adolat va barqarorlikni saqlashdagi zarur chora-tadbirlardan hisoblanadi.
Ta’kidlash joiz, davlat nazoratini kuchaytirish odamlar salomatligi va hayotiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarining bozorga kirib kelishining oldini olishga yordam beradi. Davlat nazorati bozordagi barcha dori vositalarining belgilangan sifat standartlariga javob berishini va zarur tekshiruvlardan o‘tishini ta’minlashga ko‘maklashadi.
Statistika ma’lumotlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bugungi kunda O‘zbekistonda 2 373 turdagi dori vositalari ishlab chiqaradigan 152 ta mahalliy korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Shunga qaramay, iste’mol qilinadigan farmatsevtika mahsulotlari hajmining asosiy qismi (qariyb 1,3 mlrd dollar yoki 82 %) import qilinadi. Shu bois ularning farmatsevtik talablarga javob berishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarur. Aks holda qalbaki va kontrafakt dorilar insonlar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bundan tashqari, “Dori-darmonlar va tibbiy vositalar narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi shaffof va adolatli narxlarni belgilash qoidalarini belgilaydi, bu esa, ayniqsa, talab yuqori bo‘lgan davrda chayqovchilik va dori-darmon narxlari keskin o‘zgarishining oldini oladi.
AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy, Italiya, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarda dori vositalari va tibbiy buyumlar harakatlanishining monitoringini olib borishni nazarda tutuvchi axborot tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgan. Sifatsiz dori vositalari muomalasiga chek qo‘yilgan. Dori vositalarining ishlab chiqarilgan yoki import qilingan vaqtdan boshlab iste’molchiga yetib borgan vaqtigacha harakatlanishini kuzatish imkoni yaratilgan.
Xulosa qilib aytganda, partiyamizning ushbu tashabbusi inson salomatligini saqlash va sifatli tibbiy vositalar bilan ta’minlash nuqtai nazaridan dolzarb ahamiyatga ega.