Ma’lumki, ijtimoiy adolat, manfaatlar tengligi, inson farovonligini ta’minlash maqsadi har bir davlat va xalqning ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirishdagi ustuvor mezon hisoblanadi.
Davlat xaridlari davlat, jamiyat va biznes o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning sifatini aks ettiradigan jarayon sanalgani holda bunda davlat organlari va muassasalari aholi hamda jamiyat manfaatlarini ko‘zlab budjet mablag‘laridan maksimal darajada samarali foydalanishi lozim.
Bugungi kunda jahondagi rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, davlat xaridlari tizimini takomillashtirmay turib iqtisodiy samaradorlikka, biznes subyektlari o‘rtasida halol raqobatga, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda sezilarli natijaga erishish g‘ayri imkon.
Mamlakatimizda so‘nggi sakkiz yil ichida davlat xaridlari tizimini ochiqlik va shaffoflik tamoyiliga muvofiqlashtirish, shu orqali korrupsiya va uning oqibatlariga, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish chora-tadbirlari yangi bosqichga chiqdi. Shu bilan birga, amaliyotda davlat xaridlarini amalga oshirishda raqobatga asoslangan xarid usullarini chetlab o‘tib, miqdoriy mezonlarga rioya qilmasdan yoki ta’sischisi aynan bitta shaxs bo‘lgan yetkazib beruvchilar bilan bitimlar tuzish, xaridlar bo‘yicha texnik topshiriqlarni ekspertizadan o‘tkazmaslik, yetkazib berilgan tovar yoxud xizmatlarni soliq idoralariga topshirilgan hisobotlarga kiritmaslik singari qonunbuzilishi hollari uchrab turgani hech kimga sir emas.
Bunday vaziyatlarning oldini olish, shaffoflik bo‘lishi uchun davlat xaridlari sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish ko‘lamini yanada kengaytirish, shuningdek, mazkur jarayonda ishtirok etuvchi taraflarning shartnoma majburiyatlariga rioya etilishini monitoring, puxta tahlil va nazorat qilishning raqamli texnologiyalarga asoslangan kompleks tizimini yaratish eng maqbul choralardan sanaladi, albatta. Shu bilan birga, sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish ham davlat xaridlari jarayonidagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga qulay sharoit yaratadi. Buyurtmachilarga zarur bo‘lgan tovarlar, ishlar, xizmatlarning maxsus axborot portalida e’lon qilinishi natijasida ularga bo‘lgan takliflar soni keskin oshadi, raqobat muhitining mavjudligi tovar, ish, xizmatlar narxining tushishiga olib keladi, sifat talablariga rioya qilish ko‘rsatkichi oshadi. Natijada xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mazkur tovar, ish, xizmatlar uchun ajratilgan pul mablag‘lari tejaladi. Tejalgan mablag‘lar esa korxona yoki tashkilot xodimlarini ijtimoiy rag‘batlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishga yo‘naltiriladi.
Ko‘rib turganimizdek, bir-biriga zanjir halqalaridek bir-biriga chambarchas bog‘langan bu jarayonlar alal-oqibatda ijtimoiy himoya tizimining samaradorligiga olib keladi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi aholi keng qatlamining manfaatlarini himoya qilish yo‘lidan borar ekan, iqtisodiyotni tartibga solishda, davlat xaridlari tizimida mablag‘larni talon-taroj qilish, o‘zlashtirish yoki korrupsiya holatlarining oldini olish uchun birinchi galda shaffoflikni hamda jamoatchilik nazorati kuchaytirilishini o‘ta muhim vazifa, deb hisoblaydi. Mazkur tashabbus partiyaning joriy yil 27 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlar oldidan e’lon qilgan Saylovoldi dasturida o‘z aksini topgan.