Joriy yilning 2 oktabr kuni O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi bosh shtabida partiya Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Vafoyev va partiya saylov shtabi mas’ullari MDH Bosh kotibi o‘rinbosari D.Trefilov, MDH Ijroiya qo‘mitasi Missiya shtabi rahbari Ye.V.Kozyak bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Markaziy Kengash raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Vafoyev xorijiy kuzatuvchilarga dastlab O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan bo‘lajak saylovlarda munosib ishtirok etish uchun amalga oshirilgan ishlar, jumladan, yangi saylovoldi dasturi va deputatlikka nomzodlarni shakllantirish jarayonlari haqida ma’lumotlar berdi. Shuningdek, ayni paytda qizg‘in pallaga kirgan saylovoldi tashviqotlarida partiya va nomzodlarning ishtirokiga to‘xtaldi.
Bu yil ilk bor aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilayotgan saylovlar xususiyatlaridan kelib chiqib, partiyaning ularda ishtiroki bilan bog‘liq faoliyatidagi o‘zgarishlar mehmonlarda qiziqish uyg‘otdi. O‘z navbatida, delegatsiya vakillari saylovlar bo‘yicha kuzatuv olib borish tartibiga to‘xtalib o‘tdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qildi.
Uchrashuv o‘zaro samimiy, do‘stona ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Xuddi shunday muloqot joriy yilning 27 sentabr kuni MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi bosh kotibi maslahatchisi S.Karavayev va MDH Parlamentlararo Assambleyasi ishtirokchi davlatlarida demokratiyaning rivojlanishi, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti eksperti S.Tkachenko bilan ham o‘tkazilgan edi.