Elektorat vakillariga partiya g‘oyalari tushuntirilmoqda

 

Bugun Toshkent kimyo texnologiyalari universiteti Shahrisabz filiali (Qashqadaryo viloyati)da O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi rahbarlarining asosiy elektorat qatlami vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Saylovoldi tashviqoti munosabati bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda budjet va xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari, jurnalist va blogerlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad joriy yil 27-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligiga bo‘lib o‘tadigan saylovlarning avvalgi saylovlardan farqli jihatlari va o‘ziga xosligi, Xalq demokratik partiyasining saylovoldi platformasi, jumladan, partiyadan deputatlikka nomzod sifatida ko‘rsatilganlarning saylovoldi dasturlari bilan tanishtirishdir.

Yig‘ilishda ma’ruzachilar strategik ahamiyatga ega kompaniyalar ustidan davlat nazoratini saqlab qolish; ularni xususiylashtirishni qonun darajasida taqiqlash, vazirlik va idoralar tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish yoki jarima solish natijasida tushadigan barcha tushumlarni to‘liqligicha davlat budjetiga yo‘naltirish; o‘zini o‘zi band qilganlar va mehnat migrantlari uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, shu jumladan, o‘zini o‘zi band qilgan sifatida shug‘ullanish mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatini kengaytirish, tashkillashtirilgan va tartibli migratsiyani amalga oshirishga urg‘u berish masalalari xususida so‘z yuritdi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda O‘zbekiston Respublikasi “ijtimoiy davlat” ekani qat’iy mustahkamlandi. Bu yo‘nalishda belgilangan chora-tadbirlar ko‘p jihatdan Xalq demokratik partiyasining dasturi hamda maqsad va vazifalariga har tomonlama mos keladi. Jumladan, kam ta’minlangan, nogironligi bor fuqarolar, qarovchisiz qolgan yakka-yolg‘iz qariyalar manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish masalalarining qonun hujjatlarida mustahkamlanishiga erishish partiya ilgari surgan g‘oyalarga hamohang va uyg‘undir.

Partiya har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillari asosida munosib yashash sharoiti yaratish, ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish, kambag‘allikni qisqartirish, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash bo‘yicha samarali siyosat yuritish g‘oyalarini targ‘ib qiladi.

Davlatning iqtisodiyotdagi faol ishtiroki, ijtimoiy ne’matlarning teng taqsimoti, ishlab chiqarishda umumiy mulk ustuvorligini ta’minlashdan iborat g‘oyalarni ilgari suradi. Davlat boshqaruvi sohasidagi g‘oyalarida ijtimoiy tenglik va xalq hokimiyatchiligiga asoslangan ochiq, shaffof, xalqchil va demokratik davlat boshqaruvi tizimini joriy etish tarafdori.

Partiya qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash asosida fuqarolar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha sud mexanizmlarining maqbulligini ta’minlash, huquq, majburiyat va imkoniyatlar tengligiga qat’iy amal qilish g‘oyalarini ilgari suradi.

Uchrashuvda ana shular haqida so‘z borar ekan, bo‘lib o‘tadigan yangi usuldagi saylovning mazmuni, fuqarolarning hayotidagi tutgan o‘rni haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, elektorat vakillari tinglab, olgan xulosalari asosida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

 

 

 

 

 

Teglar

Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish