Ta’kidlash lozim, ta’lim sifati nafaqat ta’lim tashkilotida yaratilgan sharoitlar, o‘qituvchilarning bilimi, malakasi, balki o‘quvchilar bilimini baholash tizimi, uni amalga oshirish usullari, vositalari bilan ham belgilanadi.
Shu sababdan ham ta’lim oluvchilarning o‘zlashtirishi, ko‘nikma va malakalarni tekshirish va baholash ta’limda zarur jarayon hisoblanadi. Shu bilan birga, o‘quvchilar bilimini baholash orqali ta’lim berish jarayonida oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga erishilganlik darajasini aniqlash sifatida qarash bolaning o‘zlashtirganligi, egallangan malaka va ko‘nikmalari nuqtai nazaridan har doim ham to‘g‘ri xulosalar chiqarishda xatoliklarga olib kelishi mumkin.
O‘zbekiston XDPning birinchi sinfga kech borgan bolalar uchun tezlashtirilgan ta’lim berish va o‘zining yoshiga mos yuqori sinfga o‘tkazish tartibini joriy etish tashabbusi ularning intellektual, ijtimoiy va emotsional rivojlanishi uchun qulay muhit yaratish zarurligi bilan asoslanadi. Ushbu yondashuv o‘quv jarayonini har bir o‘quvchining ehtiyojlari va xususiyatlariga mos kelishini ta’minlashga imkon beradi, bu esa ularning ta’lim natijalarini yaxshilashga va o‘quv jarayonidan umumiy qoniqishga olib keladi.
AQShda tezlashtirilgan ta’lim asosida iqtidorli bolalarni yuqori sinflarga o‘tkazish amaliyoti keng tarqalgan. Bunday o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan maxsus dasturlar, shu jumladan moslashtirilgan o‘quv dasturlari, malaka oshirish kurslari va moslashtirilgan o‘quv materiallari mavjud.
Eng yaxshi ta’lim tizimiga ega mamlakatlardan biri Finlandiyada ham bolalarni yoshi va tayyorgarlik darajasiga mos keladigan sinflarga o‘tkazish amaliyoti mavjud. Bu o‘quv natijalarini yaxshilashga va o‘quvchilarning maktabga yaxshiroq moslashishiga yordam beradi.
Ta’lim sohasidagi yuqori standartlari bilan tanilgan Singapurda ham o‘quv jarayonini optimallashtirish va iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun ularni yuqori sinflarga o‘tkazish tizimi qo‘llaniladi.
Albatta, partiyamizning ushbu tashabbusi ijobiy va yaxshi natijalar berishiga ishonamiz. Chunki bu tashabbus ustida anchadan beri ish olib boramiz.