Har bir inson farovonligi uchun!

 

Xalq demokratik partiyasi va uning nomzodlariga ovoz bering!

Mamlakatni har tomonlama taraqqiy ettirish, xalq farovonligiga erishish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishda saylovlar muhim ahamiyat kasb etadi. Dunyo davlatchiligi, kuchli jamiyatni rivojlantirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlashdek umuminsoniy g‘oyalarga tayangani uchun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining g‘oyalari har doim ustuvor va dolzarb bo‘lib kelmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlarga saylovoldi targ‘ibot uchrashuvlari Surxondaryo viloyatida ham faol olib borilmoqda.

Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida bo‘lib o‘tgan, partiya faollari, a’zolari, Oliy Majlis hamda mahalliy kengashlar deputatligiga nomzodlar, yoshlar, xotin-qizlar hamda OAV vakillari ishtirok etgan uchrashuvda partiyaning yangi saylovoldi dasturi hamda partiyadan deputatlikka ko‘rsatilgan nomzodlar xalqqa tanishtirildi.

Partiya iqtisodiyot rivojlanishi, aholining kayfiyati, hayotga munosabatini belgilashda kommunal soha, energetika holati muhim ahamiyatga ega, deb biladi. Shu maqsadda partiya tomonidan energetika va moddiy resurslarning katta yo‘qotishlariga yo‘l qo‘ymaslik, kommunal xizmatlar yetkazib beruvchilarining monopoliyasiga barham berish ko‘zlangan. Kommunal xizmatlar va uy-joy fondidan foydalanish bo‘yicha xizmatlar narxlari va tariflarni belgilashni tartibga solish uchun “Kommunal xizmatlar narxlari va tariflarni tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish taklif etilmoqda. Qonunda ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarish va unga xizmat ko‘rsatish usullarini qayta ko‘rib chiqish, ko‘p kvartirali uylarning joylashuvi, muhandislik-kommunikatsiyalariga ulanganlik holati, kommunal infratuzilma obyektlari va obodonlashtirish elementlarining mansubligiga qarab xizmat ko‘rsatishni tashkil etish, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari xodimlarini, birinchi galda, rahbar xodimlarni malaka oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish nazarda tutiladi.

Shuningdek, ko‘p qavatli uylarga tutash bo‘lgan joylarda zamonaviy bolalar maydonchalarini qurish, rekonstruksiya qilish va saqlash uchun Uy-joy mulkdorlari shirkatlari va boshqaruv servis kompaniyalarini mas’ul etib belgilash, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatiga qo‘yilgan talablarni kuchaytirish, ularni aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishi, shaffoflik, hisobdorlik darajasini, kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish salohiyatini oshirish, fuqaro kommunal xizmatlardan asossiz yoki ta’minotchining aybi bilan uzilgan taqdirda ta’minotchi tomonidan fuqaroga kompensatsiya to‘lash tizimini joriy etish bo‘yicha ham tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Muloqotda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, o‘z fikr-mulohazalarini ham bildirishdi. Uchrashuv davomida saylovchilardan siyosiy jarayonlarga befarq bo‘lmaslik, yurt kelajagi, ravnaqiga hissa qo‘shish uchun faol bo‘lish va O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va uning nomzodlariga ovoz berishga chaqirildi.

 

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish