XDP ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti tarafdori

 

Shu kunlarda respublikamiz bo‘ylab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar saylovlariga saylovoldi tashviqotlari avjiga chiqqan.

“Har bir inson farovonligi uchun!” shiori ostida saylovoldi targ‘ibotini faol olib borayotgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Jizzax viloyati kengashi tomonidan ham joylarda asosiy elektorat vakillari ishtirokida ko‘plab muloqotlar o‘tkazilyapti. Xususan, viloyatning Zafarobod tumanidagi Barkamol avlod bolalar maktabida O‘zXDPdan deputatlikka ko‘rsatilgan nomzodlar Nuriddin Xolmatov hamda Feruza Quliyevalar saylovchilar bilan uchrashdi.

Tadbirda partiyaning yangi saylovoldi dasturida belgilangan maqsad va vazifalar haqida atroflicha so‘z yuritilib, davlat va jamiyatni rivojlantirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritishga oid ko‘plab taklif va tashabbuslar ilgari surilgani to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tildi. Partiya o‘z dasturiy maqsadlarga erishish yo‘lida keyingi besh yillik uchun 10 ta yo‘nalish 15 ta strategik qadamdan iborat ustuvor vazifalar belgilab olingani ta’kidlandi.

Masalan, partiya ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti tarafdori bo‘lib, iqtisodiy siyosatning ijtimoiy samaradorligini ta’minlash, iqtisodiyotda davlatning asosiy tartibga soluvchi rolini kuchaytirish zarur, deb hisoblaydi. Iqtisodiyotda davlatning faol roli va ishtirokini saqlab qolish, kambag‘allikni qisqartirish, soliq qonunchiligini takomillashtirish hamda bank-kredit sohasini rivojlantirishga intiladi. Shu maqsadda strategik ahamiyatga ega kompaniyalar ustidan davlat nazoratini saqlab qolish, ularni xususiylashtirishni qonun darajasida taqiqlash, ishsizlik bo‘yicha majburiy ijtimoiy sug‘urta milliy modelini joriy etish, mahalliy investorlarni qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, ularga xorijiy investorlar bilan bir xil imtiyozlar berish, vazirlik va idoralar tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish yoki jarima solish natijasida tushadigan barcha tushumlarni to‘liqligicha Davlat budjetiga yo‘naltirish kabi taklif va tashabbuslar bilan chiqmoqda.

Targ‘ibot tadbirlarida partiya g‘oyalarining asl maqsadi ijtimoiy tenglik, ijtimoiy adolat prinsiplari asosida ishlab chiqilgani, aholining barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qilishi ta’kidlanmoqda.

Saylovchilar bilan muloqotlar chog‘ida yurt kelajagi, ertangi kunga befarq bo‘lmaslik, farovon, demokratik davlatni barpo etishda aholining, jamoatchilik vakillarining faol bo‘lishi katta ahamiyatga ega ekanligi tushuntirilmoqda. Xalq demokratik partiyasi nomzodlari, uning dasturi va albatta, partiyaga ovoz berishga chaqirilmoqda.

 

 

 

 

 

Teglar

Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish