Gazetamizning o‘tgan sonida Xalq demokratik partiyasi saylovoldi dasturida ilgari surilgan muhim g‘oya va tashabbuslar mohiyati, ahamiyati hamda hayotiy zarurati haqida deputatlikka nomzodlarning fikr-mulohazalarini bergan edik. Bugun ham bu an’anani davom ettiramiz.
Shunday qilib, XDPdan xalq vakilligiga ko‘rsatilgan nomzodlarga partiya elektorati, umuman olganda, yurtimizdagi har bir insonning munosib sharoitda yashashi, huquq va manfaatlari teng himoya qilinishi, jamiyatda ijtimoiy adolatni qaror toptirish shartlaridan kelib chiqqan holda navbatdagi besh yil uchun mo‘ljallangan ustuvor maqsadlar borasida yana yuzlanamiz.
Ehtiyojmand insonlar uchun bepul yuridik yordam
37-OKRUG, SIRDARYO
Shohista NAMOZOVA,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Qonunchilik palatasiga nomzod:
— Ijtimoiy adolat, manfaatlar tengligi, inson farovonligi – bu har bir davlat va xalqning ishlab chiqarish salohiyati rivojida ustuvor mezonlar hisoblanadi. Joylarda saylovchilar bilan uchrashganimizda, aholi murojaatlarini o‘rganganimizda shunga ko‘p marta guvoh bo‘lamizki, bepul huquqiy yordamga ehtiyoj sezayotgan insonlarning safi oz emas. Ayniqsa, qishloq tumanlarda. Qonunni bilmaslik yoki tushunmaslik, huquqiy axborot olish imkoniyatining yo‘qligi sababli ba’zan juda oddiy masalalarda ham idorama-idora sarson yurishga majbur qolayotganlarni uchratamiz. Puli bor odam-ku, huquqiy nizo yoki boshqa masalalarda advokat yollab, o‘z haq-huquqini himoya qila olishi mumkin, biroq qo‘l uchida kun ko‘radigan, kam ta’minlangan qatlam ham bor. Va ular uchun bepul, beg‘araz va ixtiyoriylik asosidagi huquqiy yordamlar ko‘rsatilishi shart. Bu har bir insonning konstitutsiyaviy huquq va manfaatlarini adolatli ta’minlashga xizmat qiladi.
Bepul yuridik yordam tegishli masala yoki holat bo‘yicha fuqaroga huquqiy maslahat, tushuntirish va axborot berishdan tashqari yurist-mutaxassisning huquqiy hujjatlarni tuzishda ko‘maklashishini ham nazarda tutadi. Bundan tashqari, fuqarolik, ma’muriy, ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda advokat ishtiroki davlat hisobidan ta’minlanadigan bepul yuridik yordam mavjud.
To‘g‘ri, o‘tgan yili “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Unda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolarga – ehtiyojmand shaxslarga bepul yuridik yordam ko‘rsatishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari belgilab berildi. Lekin bu mexanizmlarning amalda ishlashi uchun yuridik klinikalar soni va ish sifatini oshirishga talab paydo bo‘lmoqda.
Shu jihatdan XDP dasturida kam daromadli fuqarolar uchun yuridik klinikalar tarmog‘ini rivojlantirishga urg‘u berilayotgani ayni muddaodir.
Moslashuvchan mehnat bozori kerak
23-OKRUG, NAMANGAN
Anvarxon TEMIROV,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Qonunchilik palatasiga nomzod:
— Aholini ijtimoiy himoya qilish har qanday davrda davlat va jamiyat uchun eng dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Bandlikni ta’minlash esa ijtimoiy himoyaning asosiy yo‘nalishlaridan biridir.
Partiyamiz fikricha, ijtimoiy himoya tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, ehtiyojmand fuqarolar jamiyatda o‘z o‘rnini topadi. Masalan, inson ishlashi va o‘z yurtiga foyda keltirishi uchun ish o‘rinlari yaratish zarur. Nogironligi bor insonlarga sharoit yaratib bersangiz, ular jamiyatga moslashib, o‘z o‘rnini topa oladilar hamda mamlakat rivojiga hissa qo‘shish harakatida bo‘ladilar. Bandlik haqida so‘z borar ekan, o‘zini o‘zi band qilganlar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash masalasiga to‘xtalish joiz, albatta.
O‘z ishini o‘zi topib, uni o‘zi bajarish orqali daromad ko‘radigan insonlar o‘zini o‘zi band qilgan hisoblanadi. O‘zini o‘zi band qilish bilan bog‘liq faoliyat turining foydali jihatlari ko‘p. Avvalo, uyda ishlashning qonuniy imkoniyati yaratiladi. Bunda ularning ijtimoiy himoyasi ham ta’minlanadi, ya’ni, ular pensiya haqida qayg‘urmasa ham bo‘laveradi. Chunki bu turdagi faoliyat bilan shug‘ullangan davr ish stajiga qo‘shiladi. Ular uchun daromad solig‘i yoki boshqa yig‘imlar ham yo‘q. Faqat bir yilda BHMning bir baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘lansa, kifoya.
Hamyurtlarimiz orasida o‘ziga qulay ish topolmasligi natijasida mehnat shartnomasi, doimiy ish haqiga ega bo‘lmagan, biroq turli mavsumiy mehnat bilan band bo‘lgan yoki oilasida tomorqa bilan shug‘ullanib, daromad topadiganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Masalan, repetitorlar, enagalar, santexniklar, sartaroshlar, kuryerlar, avtomobil yuvuvchilari, hunarmandlar, farroshlar, tikuvchilar, dasturchilar va yana ko‘plab kasb egalari o‘zini o‘zi band qiluvchilar bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, qishloqlarda, chekka hududlarda uyida sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash, sotish yoki kulolchilik, gilam to‘qish, gips va ganchdan buyumlar yasash orqali daromad topayotganlar bor. Mehnatga layoqatli yoshdagi har bir kishi o‘z qiziqishi va qobiliyatiga qarab o‘zini o‘zi band qilishi mumkin. Ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari shart emas.
Xalq demokratik partiyasi o‘zini o‘zi band qilganlar uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilash va bunday faoliyat turlari ro‘yxatini davr talablari asosida kengaytirish taklifini Saylovoldi dasturiga kiritdi. Xo‘sh, nega?
O‘zini o‘zi band qilganlar uchun faoliyat turlarini kengaytirish yanada moslashuvchan mehnat bozorini yaratishga yordam beradi. Ushbu tashabbus har bir fuqaro o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi va mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan yanada inklyuziv va moslashuvchan iqtisodiyotni yaratishga qaratilgan. O‘zini o‘zi band qilganlar uchun sharoitlarni yaxshilash uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy farovonlikka olib keladi.
Farmatsevtika bozori tartibga solinishi zarur
11-OKRUG, ANDIJON
Shahnoza EGAMBERDIYEVA,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Qonunchilik palatasiga nomzod:
— Oxirgi bir yarim yil ichida farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, dori vositalari va tibbiy buyumlarning arzonligini va erkin muomalasini ta’minlashga qaratilgan o‘ndan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Farmatsevtika tarmog‘ining davlat boshqaruvi tizimi qayta ko‘rib chiqildi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
Biroq so‘nggi vaqtlarda jamiyatimizda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar farmatsevtika tizimini isloh qilish zarurligini ko‘rsatmoqda. Qalbaki dori-darmonlarning ishlab chiqarilishi, sotuvga qo‘yilishi, farmatsevtika bozoridagi narx-navo borasida odamlarimiz e’tiroziga sabab bo‘layotgan holatlar juda ko‘p. Shu nuqtai nazardan XDP Saylovoldi dasturida farmatsevtikada nazoratni kuchaytirish, “Dori-darmonlar va tibbiy vositalar narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish tashabbusi ham keltirilgani millatimiz genofondini saqlash, xalqimizning uzoq umr kechirishini ta’minlash, sog‘lom avlodni voyaga yetkazishdek strategik ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamizda 16 mingga yaqin dorixonalar mavjud bo‘lib, birgina poytaxtning o‘zida 2 mingdan ortiq dorixonalar xizmat ko‘rsatmoqda. Ya’ni, har qadamda dorixonaga duch kelamiz. Bu esa aholiga retseptsiz dori sotish holatlariga chek qo‘yish va nazoratni kuchaytirishni mushkullashtirmoqda. Bir turdagi dorining turli dorixonalarda turlicha narxda sotilishi, ayrim “uchar” tadbirkorlarning mavsumiy kasalliklar avj olgan pallada talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini qimmat narxlarda pullashi va bu aholining ehtiyojmand qatlami uchun og‘ir vaziyatni paydo qilayotgani ham haqiqat.
Mana shunday o‘zibo‘larchiliklarga barham berish uchun farmatsevtikada nazoratni kuchaytirish shart. Davlat farmatsevtika bozoridagi muammolarni tegishli qonun hujjatlari bilan tartibga solishi muhim.
O‘ylaymanki, partiyamizning mana shunday dolzarb masalalarga yechim sifatida taklif etayotgan g‘oyalari xalqimizni aslo befarq qoldirmaydi.
Inklyuziv jamiyatga xos
64-OKRUG, QASHQADARYO
Sharofiddin NAZAROV,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Qonunchilik palatasiga nomzod:
— Mamlakatimiz ijtimoiy siyosatida sezilarli qadamlar qo‘yilmoqda. Partiyamizning ijtimoiy ideali bo‘lgan ijtimoiy demokratik davlatni barpo etish tamoyili yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda muhrlandi. Davlatning bu sohadagi majburiyatlari uch baravarga oshdi. Davlat zimmasiga aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining hayoti sifatini oshirish, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish majburiyati yuklandi.
Minimal iste’mol xarajatlarini e’lon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari undan oz bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestr” axborot tizimi ishga tushirildi. Birlashgan Millatlar tashkilotining “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasi O‘zbekistonda ratifikatsiya qilindi. Bepul ijtimoiy xizmatlar ro‘yxati tasdiqlanishi va qo‘llanishiga erishildi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan aholining zarur tovar va xizmatlar uchun qilgan xarajatlariga qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarilishi joriy qilindi.
Xalq demokratik partiyasi har doim nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq-manfaatlarini qat’iy turib himoya qiladi. Bu bizning ijtimoiy adolat tamoyillariga sodiqligimizni bildiradi. Yangi Saylovoldi dasturimizda ham nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq-manfaatlariga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, parlament va mahalliy Kengashlarga saylovlarda hamda davlat fuqarolik xizmatida “nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kvota” joriy etish taklifi o‘rin olgan.
Bugungi kunda dunyoning rivojlangan davlatlarida inklyuziv jamiyat tushunchasi keng tarqalgan. Har qanday mamlakat yuksak taraqqiyotga erishishi uchun unda yashovchi har bir shaxs faol fuqarolik pozitsiyasini egallashi shart. Aynan shu me’yor nogironligi bo‘lgan shaxslarning ham jamiyatimizdagi faolligi yanada oshishida o‘z tasdig‘ini topadi.
Tabaqalashgan tariflar zarurati
60-OKRUG, XORAZM
Muqaddas MASHARIPOVA,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Qonunchilik palatasiga nomzod:
— Taraqqiyotga erishish, oldimizga qo‘ygan yalpi ichki mahsulot va eksport hajmini karrasiga oshirish, sanoatni, axborot texnologiyalarini jadal rivojlantirish, davlatni, xalqni boy qilishdek ulkan marralar ildizi maktablar bilan tutashdir. Chunki bugun maktablarda saboq chiqarayotgan ertamiz egalari timsolida mamlakatimiz taqdirini ko‘ramiz.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi rivojlanishda ijtimoiy ustuvorlikka urg‘u berib, ta’limda tenglikni ta’minlash orqali bolalarning konstitutsiyaviy huquqlarini kafolatlash yo‘lida muhim tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Bu masala 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturimizda ham o‘z ifodasini topgan.
Jumladan, maktab o‘quvchilariga jamoat transportidan foydalanishi uchun tabaqalashgan tariflarni joriy etish taklifi kiritilgan.
To‘g‘ri, bu tashabbusni ro‘yobga chiqarish oson kechmasligi mumkin. Ayniqsa, oqibatlarini oldindan prognoz qilish mushkul bo‘lgan hozirgi global iqtisodiy o‘zgarishlar davrida. Biroq shunday hayotiy faktorlar borki, maktab yoshidagi bolalarga istalgan jamoat transportidan foydalanishi uchun imkon qadar yengillik yaratish xomxayol emas, balki ayni zarurat ekani tobora ma’lum bo‘lib bormoqda. Bolalarni maktabga qatnashda turli ko‘ngilsizliklardan, falokatlardan asrash uchun ham kerak bunday imkoniyat.
XDPning yuqoridagi taklifi maktab yoshidagi bolalarni ijtimoiy himoyalash, ular hayotiga xavf soluvchi turli xatarlarning oldini olish maqsadlari bilan uyg‘undir. Qolaversa, ko‘p bolali, kam ta’minlangan oilalar uchun ma’lum darajada iqtisodiy madad bo‘lsa, yana bir tomondan va asosiysi, zamon talablariga mos ta’lim infratuzilmasini, farzandlarimiz uchun har tomonlama qulaylikni yaratishga xizmat qiladi.
Xalq hokimiyatchiligi
Odiljon IMINOV,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Qonunchilik palatasiga nomzod:
— Bugun mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida partiyalar, parlament, mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlarning o‘rni va ta’siri jonlanib, parlamentning, jamoatchilikning nazorat funksiyasi kuchayib bormoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq parlament palatalarining, ayniqsa, quyi palataning mutlaq vakolatlari ham oshirildi. Shuningdek, hokimlar va mahalliy Kengashlarning vakolatlari taqsimlanishiga asoslangan mahalliy davlat hokimiyatining yangi modeli joriy etildi. Unga ko‘ra, mahalliy davlat boshqaruvida vakillik va ijro etuvchi organlarning vakolatlari bir-biridan ajratildi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturini tayyorlash jarayonida ishchi guruh mamlakatimizning chekka hududlarigacha chiqib, xonadonma-xonadon yurib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, pensionerlar, nogironlar, ish topishda qiyinchilikka duch kelayotgan mehnat migrantlari bilan yuzma-yuz uchrashdi, ularning muammolari va takliflarini o‘rgandi. Shunga ko‘ra, davlat va jamiyatni rivojlantirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish yo‘nalishlarida qator taklif-tashabbuslar ishlab chiqildi.
Saylovoldi dasturimizda siyosiy partiyalar, ularning deputatlik birlashmalarining huquq va vakolatlarini yanada kengaytirish vazifasini qo‘ydik. Bu nimaga kerak? Bu, avvalo, davlat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlarining bevosita ishtirokini kengaytirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji uchun hayotiy tashabbuslar ko‘payishiga turtki beradi. Shu bilan bir qatorda xalq hokimiyatchiligining rivojiga xizmat qiladi. Bundan barcha fuqarolarning, jumladan, aholining ehtiyojmand qatlamlari ham vakillik demokratiyasi institutlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa nodavlat institutlar orqali keng ko‘lamli islohotlarda ishtirok etishini ta’minlash maqsadi ko‘zlangan.
Fikrimizcha, bu xalq hokimiyatchiligiga asoslangan demokratik boshqaruv tizimini isloh etishga zamin yaratadi. Muhimi, ijro hokimiyati tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish amaliyoti kuchayadi.
Kommunal xizmat va aholi manfaati
Jamol ACHILOV,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Qonunchilik palatasiga nomzod:
— Kommunal xizmat ko‘rsatishning rivojlangani nafaqat jamiyat madaniyati, maishiy turmush tarzi darajasini ifoda etadi, balki iqtisodiy salohiyat o‘sishi va investitsiyalar jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratishga ham xizmat qiladi. Aynan shuning uchun uy-joy va kommunal xo‘jaligi sohasidagi islohotlar ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarning uzviy tarkibiy qismi hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, Xalq demokratik partiyasi “Kommunal xizmatlar narxlari va tariflarni tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish taklifi bilan chiqmoqda.
Aytish kerakki, o‘tkazilgan tahlillar bu sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, uy-joy-kommunal tizimini rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini ko‘rsatmoqda. Kommunal xizmatlar sifati va tariflari nomutanosibligi aholi e’tirozlariga sabab bo‘layotgani ma’lum. Ayniqsa, havo harorati pasayib, kunlar soviganda bu mavzu yanada dolzarblashadi. Zero, kommunal soha aholining kayfiyatini belgilaydigan asosiy masalalardan biridir. Aholi turmush darajasi va sifatini yaxshilashda muhim rol o‘ynagani tufayli ham bu masala har doim kun tartibidan tushmaydi.
Albatta, tizimda barqarorlikni ta’minlash, kommunal xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, narxlar va tariflarni tartibga solish uchun sohaning huquqiy bazasini mustahkamlash talab etiladi. Boz ustiga tabiiy resurslarning cheklangani ularni tejash, oqilona foydalanish va samaradorligini oshirish choralarini ko‘rish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Istaymizmi-yo‘qmi, toza ichimlik suvi butun dunyoda yanada dolzarblashib boraveradi. Aholi sonining ortishi bilan kommunal, yashash ehtiyojlari uchun suv iste’moli yil sayin ortadi. Uylarda issiqlik energiyasining o‘rtacha iste’moli uchun katta gaz va elektr zaxirasi talab qilinadi. Narxlar va tariflarni odamlar uchun ham, davlat manfaatlari uchun ham muvofiqlashtirishni soha rivoji uchun katta da’vat va ulkan imkoniyat, deb bilamiz.
Bu sohada ishlab chiqiladigan yangi qonun hujjatlari yuqoridagi muammolar bilan birga, kommunal sohaga zamonaviy texnologiyalarni kiritishni yanada jadallashtirish, kommunal xo‘jaligi xizmatlarini tashkil etishda, kommunal xizmatlar narxlarining o‘zgarishi, xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida undirilishi kabi muammolarni samarali hal etishga qaratiladi.
Xalqaro talablarga mos kadrlarni tayyorlash yo‘lida
Liliya ACHILOVA,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Qonunchilik palatasiga nomzod:
— Bugungi jadal globallashuv davrida xorijiy tillarini mukammal bilish, raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirish zamonaviy inson hayotida va ish faoliyatida hal qiluvchi o‘rin tutmoqda. Shuning barobarida mamlakatimizning xalqaro hamkorlik aloqalari kun sayin kengayib borayotgani, jahon mehnat bozoriga integratsiyalashuvi chet tillarini puxta biladigan kadrlarga ehtiyojni oshirmoqda.
Zamonaviy axborot texnologiyalari ham shunday, ya’ni, bugungi kunning eng talabgir sohalardan biri. Chunki hech birimiz bu texnologiyalarsiz hayotimizni tasavvur qila olmaymiz. Aslida raqamli savodxonlik juda keng tushuncha. Bu axborot olish, bilim olish, kasb-hunar egallash, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish kabi inson hayotining muhim yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Ochig‘ini aytish kerak, maktablarda, ayniqsa, chekka hududlardagi ta’lim muassasalarida aynan ushbu masalada yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarimiz bor.
XDP Saylovoldi dasturida bu muammolarga yechim sifatida chet tillari hamda IT bo‘yicha mavzularni chuqurroq tushunish va teran o‘zlashtirish uchun maktablarda nazariy bilim hamda amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan o‘quv soatlarni, darslarni ko‘paytirish zarurati nazarda tutilgan. Shu orqali biz maktab bitiruvchilarining mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishimiz mumkin.
Ta’lim va taraqqiyot yonma-yon yuradi, ikkalasi bir-biriga xizmat qiluvchi drayver. Ta’lim sohasida hozirgacha ro‘y bergan o‘zgarishlar ulkan mehnat, katta e’tibor ortidan kelmoqda. Hali oldinda vazifa ko‘p. Ko‘zlangan marralarga erishilganida mamlakatimizning ilmiy va kadrlar salohiyati, inson kapitali yuksaladi, millat, xalq, davlat sifatida intellektual darajamiz rivojlanadi.
Yana bir gap. Chet tillarini, dasturlashni o‘rganish uchun maktabdan so‘ng o‘quv kurslariga, repetitorlarga borib, vaqt, pul sarflayotgan qancha yoshlarimiz bor. Shuning o‘zi ham umumta’lim maktablarida bu yo‘nalishlarda o‘qitishni yanada chuqurlashtirishga ehtiyoj borligini ko‘rsatadi.
Noqonuniy migratsiyaning samarali yechimi
Gulnoza SATTAROVA,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Qonunchilik palatasiga nomzod:
— Ma’lumki, yurtimizda keyingi yillarda aholi bandligi va iqtisodiy faolligini oshirish maqsadida yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va mavjud ish o‘rinlarining barqarorligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bunda asosiy e’tibor ishsizlikni kamaytirish, mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarning, ijtimoiy zaif qatlam, xususan, ayollar, nogironlar, jazoni o‘tab kelgan shaxslar, odam savdosi jabrdiydalari, tashqi migratsiya ishtirokchilari va boshqalarning bandligini oshirishga qaratilmoqda.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, ko‘pgina davlatlar mehnat resurslarining ma’lum bir qismi boshqa davlatlarda, asosan hududiy yaqin mamlakatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirishlari va mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya olib kirishlari kuzatiladi.
XXI asrda jahon iqtisodiyotining integratsiyalashuvi va liberallashuvi jarayonida ishchi kuchi migratsiyasining ahamiyati muntazam oshib bormoqda. Aynan shu bois ishchi kuchi migratsiyasining ijtimoiy-iqtisodiy mazmun va mohiyatini ochib berish uning qanchalik muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi. Shuni ta’kidlash kerakki, kishilar xorijda ishlashga faqat kambag‘al bo‘lganliklari yoki o‘z uylarida ish topa olmagani uchungina yoki faqat moddiy ta’minotni o‘ylab intilmaydilar. Dunyoda ishchi kuchi ko‘chib yurishi, mehnat almashinuvi obyektiv voqelik hisoblanadi. Unda asosan yangiliklarni bilishga, zamonaviy texnologiyalarda qatnashish, ilg‘or tajribalar orttirishga intiluvchi insonlar xorijda mehnat faoliyatini olib borishdan manfaatdordir.
Dasturimizda bu toifa shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham muhim vazifalar belgilangan.
Biz Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, agentlikning xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarimizni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’uliyatini oshirish tarafdorimiz. To‘g‘risi, ko‘p odamlarimiz hech qanday malaka talab qilmaydigan ishlarga o‘zlari mustaqil ravishda ketayapti. Ammo ular orasida mehnat va yashash sharoitlari yaxshi bo‘lmagan, kasbi, daromadi past joylarda ishlayotganlari, noqonuniy migratsiya tufayli insoniy huquqlariga daxl qilinayotgan holatlar ham bor. Demak, xorijda ishlash istagida bo‘lgan, ammo kasbiy malaka yoki chet tilni bilmaydigan fuqarolar bilan ko‘proq ishlashimiz kerak. Xorijga qonuniy ketish yo‘llari, ishchilarning haq-huquqlariga doir tushuntirish va targ‘ibot ishlarini yangicha yondashuvlarda yo‘lga qo‘yish lozim. Bu masalada, albatta, asosiy mas’uliyat Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga tushadi. Ularning faoliyatida ochiqlik va oshkoralik ta’minlansa, jamoatchilik va fuqarolar oldida hisobdorlik kuchayadi, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’uliyat oshadi, deb o‘ylaymiz. Bu adolatli, shaffof tizimni yaratishda muhim, albatta.
Tirbandlik jiddiy muammo tusini olmoqda
Shokirjon AHMEDOV,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Qonunchilik palatasiga nomzod:
— So‘nggi paytlarda odamlarimizda norozilik kayfiyatini paydo qilayotgan muammolardan biri – bu yo‘llarimiz bilan bog‘liq. Tobora tirbandlikning ortib borayotgani, haydovchilar va piyodalar uchun harakatlanishdagi noqulayliklar, mudhish yo‘l-transport hodisalarining yuz berayotgani, eng yomoni, YTH oqibatida bolalarning nobud bo‘layotgani chindan ham taassufli. Tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, bunday noxush holatlarga mavjud yo‘l infratuzilmasining talabga javob bermasligi ham sabab bo‘lmoqda. Qolaversa, mana shunday infratuzilma tufayli tirbandlik jiddiy muammo tusini olmoqda.
E’tibor bersak, yo‘llarimiz, ayniqsa, shahar ko‘chalari avtomobillar bilan juda tig‘iz bo‘lib boryapti. Statistikaga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan yengil avtomobillar soni 3,8 million donani tashkil etgan. Ya’ni, har ming kishiga 103 tadan avtomobil to‘g‘ri kelgan. O‘tgan to‘qqiz oy ichida bu raqam oshsa, oshganki, aslo kamaygani yo‘q.
Xullas, bugungi kunda shahar va qishloqlarimizda qurilish ishlari jadal sur’atga kirgan bir paytda aynan piyodalar va haydovchilar uchun erkin harakatlanishni ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratish vaqti keldi.
XDP Saylovoldi dasturining real hayotimizga, xalqimiz turmush tarziga yaqinligini hatto mana shu masalaga ham to‘xtalib o‘tilganidan bilsa bo‘ladi.
Partiyamiz qurilishga oid talablarni kuchaytirish, shu jumladan, qurilishlarda yashil zona, maktab, bog‘cha, poliklinika, avtoturargoh kabi talablarni inobatga olish, buni qonun darajasiga ko‘tarish taklifi bilan chiqyapmiz.
Qurilishning ko‘p bo‘lgani yaxshi. Ammo qachonki bu tartibli va sifatli bo‘lsa. Uy-joy qurilishida maktab, bog‘cha, poliklinika ehtiyojlari ham hisobga olinsa, bu odamlarning vaqtini tejaydi, yo‘llardagi tirbandliklar kamayadi, deb o‘ylaymiz.
Bundan tashqari, qurilishda avtoturargohlar muammosini ham hal qilish kerak. Avtoturargohlar kam bo‘lgani uchun odamlar duch kelgan joyda avtomashinasini qo‘yib ketadi, bu harakat uchun ko‘p noqulayliklar keltirib chiqaradi, xavfsizlikni ta’minlashga to‘siq bo‘ladi. Qolaversa, bu kabi muammolarning hal etilmay kelishi jamiyatning turli qatlamlari orasida norozilik kayfiyatini uyg‘otadi.
«O‘zbekiston ovozi», 9.10.2024, №41