Xalq demokratik partiyasi yetakchilari 2024-yil 11-oktabr kuni Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi san’at saroyi maydonida ochiq osmon ostida 1000 nafarga yaqin saylovchilar bilan ommaviy tadbir, yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazdi.
Ko‘tarinki ruhda boshlangan ommaviy tadbirda Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov va bir guruh faollar partiya Saylovoldi dasturidan o‘rin olgan g‘oya va tashabbuslarning mazmuni, ular nimaga xizmat qilishini sodda va ravon tilda tushuntirib berishdi.
Partiyaning asosiy maqsadi har bir inson uchun munosib sharoit yaratish, ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish, kambag‘allikni qisqartirish, barqaror daromad manbai bilan kafolatlash ekani qayd etildi.
Saylovoldi dasturida 15 qadamni o‘z ichiga olgan 150 dan ortiq yangi g‘oya va tashabbuslar ilgari surilayotgani haqida aytilib, ayrimlari haqida kengroq ma’lumot berildi.
Xususan, partiya har bir shaxsning Konstitutsiya bilan kafolatlangan ijtimoiy huquqlarini samarali amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Ijtimoiy kodeksni qabul qilishga erishmoqchidir. Bu hujjat ijtimoiy sohadagi qonunchilikni yagona tizimga keltirishga xizmat qiladi hamda ijtimoiy yordam va nafaqalarning yanada adolatli taqsimlanishiga, jamiyatda barqarorlikni mustahkamlash uchun asos bo‘ladi.
Shuningdek, partiya har bir insonning birlamchi hayotiy ehtiyojlari uchun muhim hisoblangan “Eng kam iste’mol xarajatlarini belgilash tartibi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilishga intilamiz. Bu eng kam iste’mol xarajatlari miqdori yangilanib, ortib borishining kafolati bo‘ladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash partiya uchun ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.
Xalq demokratik partiyasi pensiya yoshini o‘zgartirmaslik tarafdori bo‘lib, davlat pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish, pensiya va ijtimoiy nafaqalar insonning hayotiy ehtiyojlariga yetarli bo‘lishi uchun intilmoqda.
Saylovchilar, ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami manfaatlariga xizmat qiladigan tashabbuslar ma’qul kelganini, shuningdek, odil sudlovni ta’minlashga qaratilgan hakamlar hay’ati instituti va viloyat, tuman (shahar) sudlari raislarini rotatsiya qilish amaliyotini joriy etish tashabbuslari sudlar faoliyatidagi odillikka xizmat qilishi haqidagi fikrlarni qo‘llashdi.
Shu bilan birga, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, agentlikning xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni ijtimoiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish haqidagi taklifga katta qiziqish bildirishib, farmetsevtika sohasini tartibga solishga qaratilgan takliflarga ham hayrihoxlik ko‘rsatishdi.
Muloqotda partiya elektorati vakillari ham so‘zga chiqib, dasturdagi takliflar ularning oilasi, yaqinlari, faoliyati, hayotiga yaqin ekanini ta’kidlashdi.
Ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy himoya va pensiya kabi yo‘nalishlardagi taklif-tashabbuslar xususida fikr bildirishdi. Xalq demokratik partiyasi saylovga yangicha yondoshuvlar bilan kirib kelgani, ommaviy tadbirlar, yuzma-yuz uchrashuvlar siyosiy partiya va saylovchilar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishini, yangi taklif-tashabbuslar ahamiyati o‘zaro muloqotda yaxshiroq anglashilayotganini ta’kidlashdi.
Saylov tizimidagi yangiliklar, Xalq demokratik partiyasi faoliyati, Saylovoldi dasturidagi g‘oya va takliflar haqida qisqa savol-javob viktorinasi o‘tkazildi, faollik ko‘rsatgan ishtirokchilarga targ‘ibotga qaratilgan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Qo‘shni hududlar Qashqadaryo va Samarqand viloyatlaridan ham partiya faollari, xayrixoh saylovchilar ishtirok etgani ommaviy tadbirga yanada ko‘tarinkilik ulashdi. Har bir inson farovonligiga xizmat qiladigan g‘oya va tashabbuslar atrofida birlashgan turli soha hamda yoshlar vakillari siyosiy jarayonlarda yuqori hamjihatlik namunasini ko‘rsatishdi. Vohaga kelgan mehmonlar ham Surxondaryoning qaynoq, mehrli taftini his qilishdi.
Tadbir yakunida saylovlarning mamlakat ravnaqi uchun ahamiyati, demokratik jamiyat qurishdagi o‘rni va har birimizning hayotimizga ta’siri haqida so‘z yuritilib, Xalq demokratik partiyasiga, uning nomzodlariga ovoz berishga chaqiriqlar yangradi.
Xalq demokraktik partiyasi
Matbuot xizmati