So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish, inklyuziv jamiyatni rivojlantirish, aholining barcha qatlamlari uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xalq demokratik partiyasi bu islohotlarning davomi o‘laroq, vakillik organlarida, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun alohida kvota joriy etishni ilgari surmoqda. Ushbu taklif partiyaning siyosiy maydondagi spektriga mos bo‘lgani holda u ijtimoiy adolatni ta’minlashga xizmat qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo aholisining 1 milliard yoki 15 foizini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etadi. Mamlakatimizda 1 millionga yaqin nogironligi bo‘lgan fuqarolar mavjud.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun parlament va mahalliy Kengashlarga saylovlarda, shuningdek, davlat xizmatida kvotalarning joriy etilishi inklyuzivlik va ijtimoiy tenglik yo‘lida tashlangan muhim qadam bo‘ladi. Bunday yechim nogironligi bo‘lgan shaxslarning siyosiy hayotda va davlat xizmatida ishtirok etishini ta’minlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, qarorlar qabul qilish jarayonida ularning manfaatlari va ehtiyojlarini hisobga olishga ko‘maklashadi.
YEXHTning bir qator hujjatlarida ishtirokchi davlatlar inson huquqlariga, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlariga urg‘u bergan. Xususan, 2018 yildagi YEXHT Parlament assambleyasining Berlin deklaratsiyasida “EXHT mintaqasidagi parlamentlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning vakillik darajasi juda ham past bo‘lib qolayotgani” ta’kidlanib, YEXHTning barcha ishtirokchi davlatlari “nogironligi bo‘lgan shaxslar ijtimoiy-siyosiy hayot sohalaridagi qonunchilik yoki siyosiy choralarni ishlab chiqishning barcha bosqichlarida ishtirok etishini” ta’minlashga da’vat etildi.
Xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlili rivojlangan mamlakatlarda ham nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun alohida kvota ajratilganini ko‘rsatadi. Xususan, Italiya va Fransiyada siyosiy partiyalardan nogironligi bo‘lgan shaxslar nomzodlarini partiya ro‘yxatiga kiritishni talab qiladigan qonun mavjud. Bu parlament va mahalliy hokimiyat organlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning vakilligini oshirishga yordam beradi.
Umuman olganda, parlament va quyi vakillik organlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kvota ajratilishi ushbu shaxslarning ham davlat va jamiyat ishlarida ishtirok etishini ta’minlashga hamda ularning faolligini oshirishga xizmat qiladi.