Pensiya tizimidagi islohotlarni davom ettiramiz

 

Parlament va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovga ham oz fursat qoldi. Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturining mazmun-mohiyatini tushuntirish uchun 18-oktabr kuni Andijon viloyati markazidagi Iqtisodiyot va qurilish institutida pensioner va nuroniylar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Muloqotda pensioner va nuroniylardan tashqari jamoat faollari, faol yoshlar va ayollar, ijtimoiy soha vakillar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yetakchilari so‘zga chiqib, dasturning asosiy yo‘nalishlari va ularda aks etgan takliflarning dolzarbligini yig‘ilganlarga tushuntirib berishdi. Jumladan, sog‘lom qarish bo‘yicha strategiyani ilgari surish orqali barcha sohalarda keksa odamlarning faol ishtirokini rag‘batlantirish, sog‘liq uchun zararli mahsulot guruhlariga soliq yukini oshirish va shu orqali sog‘liqni saqlash sohasini qo‘llab-quvvatlash intensivligini oshirish, bolalarni internet tarmog‘ida xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha milliy strategiyani qabul qilish, kiberxavfsizlik asoslari, jumladan, onlayn firibgarlik, onlayn tahdidlarni aniqlash va ulardan himoya qilish bo‘yicha o‘quv dasturlarini joriy etishga bag‘ishlangan tashabbuslar o‘rin olgani aytib o‘tildi.

Xalq demokratik partiyasi barcha fuqarolar uchun pensiya va ijtimoiy nafaqalar insonning hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishga yetarli bo‘lishiga erishishni maqsad qilgani ta’kidlandi.

Bundan tashqari dasturda pensiyani yoshini o‘zgartirmasdan saqlab qolish bo‘yicha siyosatni davom ettirish aniq belgilab qo‘yilgani hammaga ma’qul keldi. Binobarin dunyoning eng rivojlangan davlatlarida ham pensiya yoshi o‘sib borayotgan bir pallada yurtimizda olib borilayotgan bu boradagi siyosat tahsinga sazovor. Buni chuqur anglab yetgan Xalq demokratik partiyasi ham bu siyosatdan og‘ishmay uni davom ettirishni maqsad qilgan.

Ishtirokchilarning aksariyati pensioner va nuroniylar bo‘lgani uchun takliflar yig‘ilganlarga ma’qul kelganini yashirib o‘tirishmadi. Bu ularga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Bir so‘z bilan aytganda dasturdan o‘rin olgan aholi ijtimoiy himoyasiga yo‘naltirilgan tashabbuslar, iqtisodiyotda davlatning faol rolini saqlab qolish, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquq-imkoniyatini ta’minlash, Kommunal xizmatlarni tartibga solish, tibbiyot, ta’lim sohasini isloh qilishga qaratilgan takliflar saylovchilarga manzur bo‘ldi.

Uchrashuv davomida faollar yig‘ilganlarni mamlakat hayotiga daxldor bo‘lgan yirik siyosiy jarayon – saylovda faol bo‘lishga, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va uning nomzodlarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Yig‘ilish yakunida saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mas’ullarga murojaat qilishdi hamda atroflicha javoblar olishdi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish