O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan deputatlikka ko‘rsatilgan nomzodlar joylarda turli uchrashuvlar va tadbirlar o‘tkazish bilan birga, xonadonma-xonadon yurib, odamlarni saylovga targ‘ibot qilmoqda.
Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod Mansurbek Zaylobidinov Andijon tuman “Baxt” va “Kengash” MFY hududidagi xonadonlarga kirdi. Odamlarga saylovning ahamiyati haqida tushuntirdi.
Ta’kidlandiki, saylov bu – xalq irodasining tanlovi, fikrlar, qarashlar, g‘oyalar kurashidir. Har bir fuqaroning o‘z kelajagi, vatan ravnaqi, xalqining farovonligini ta’minlab berish borasidagi siyosiy jarayondir. Shundan kelib chiqib, saylovchilar ovoz berishda faol ishtirok etishi zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod Xolisxon Maqsudova, viloyat Kengashiga nomzodlar Muqaddas Sultonova, Bahrom Qurbonov, Inoyatxon Hoshimova ham o‘z okruglaridagi saylovchilar bilan muloqot qildi. Fuaqrolarga bu yilgi saylovlar birinchi marta yangicha, proporsional va majoritar tizimda o‘tayotgani va bu nafaqat nomzodga, balki proporsional saylovda u o‘zi ma’qul deb topgan siyosiy partiyaga, ya’ni g‘oyaga ovoz berishi kerakligi tushuntirildi.
Nomzodlar ushbu o‘zgarishlar siyosiy hayotda fikrlar pluralizmining rivojlanishiga turtki berishi ta’kidladi. Partiya ilgari surayotgan tashabbuslar, uning maqsad va vazifalari haqida fikr yuritildi.
Xalq demokratik partiyasining boshqa partiyalardan farqi nimalarda ekaniga e’tibor qaratildi. Uning dasturidagi asosiy yo‘nalishlar, umuman yurtimizdagi har bir fuqaro erkin va farovon yashashi uchun partiya qanday ishlarni amalga oshirishni maqsad qilgani haqida atroflicha ma’lumot berildi.