Mamlakatlarni xavfsiz kelajak umidi birlashtiradi
Mamlakatlarni xavfsiz kelajak umidi birlashtiradi

 

O‘zbek va ozarbayjon xalqlarini umumiy tarixiy ildizlar, yagona din, o‘xshash madaniyat va urf-odatlar bog‘lab turadi. Keyingi yillarda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari tufayli xalqlarimiz yanada yaqinlashib, davlatlararo munosabatlar ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.

Ozarbayjon — O‘zbekiston munosabatlari bugun yangi davr voqeligiga mos ravishda jadal rivojlanmoqda. Davlatlarimiz o‘rtasida bugunga qadar imzolangan ko‘plab hujjatlar, jumladan, Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish deklaratsiyasi uni yanada rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi.

Bugungi kunda ikki tomonlama munosabatlar yangi dinamika va mazmunga ega bo‘lib bormoqda. Yuqori darajadagi aloqalar sezilarli darajada faollashmoqda. 2020-yilda ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari – O‘zbekiston Oliy Majlisi va Ozarbayjon Milliy Majlisida parlamentlararo hamkorlik guruhlari tuzilgani parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni rivojlantirishda ham jadal sur’atlar kuzatilmoqda. Masalan, keyingi besh yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobar, joriy yil boshidan buyon esa bu ko‘rsatkich yana 20 foizga oshdi.

Mamlakatimizda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 236 tadan ortiq korxona bo‘lsa, Ozarbayjonda 70 tadan ortiq o‘zbek kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Energetika, shaharsozlik, mashinasozlik, to‘qimachilik va ipakchilik sanoati, qishloq xo‘jaligi sohalarida ham faol hamkorlik qilinmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan ushbu mamlakatga amaliy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashda yangi sahifa ochadi.

Davlatimiz rahbari tashrif doirasida Boku shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi tadbirlarida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Xususan, keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan va ortga qaytmas tus olgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida to‘xtalib, global va mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan qator takliflarni ilgari surdi. Ushbu tashabbuslar dunyo hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etildi va qo‘llab-quvvatlandi.

Yurtboshimizning nafaqat O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi, balki zaminimiz uchun birdek muhim bo‘lgan dolzarb masalalarga e’tibor qaratgani diqqatga sazovor. Jumladan, mamlakatimiz rahbarining O‘zbekistonda o‘simliklarning iqlimga chidamliligini oshirish uchun Genetik resurslarning mintaqaviy bankini hamda dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun BMTning innovatsion agrosanoat xabini tashkil etish taklifi dolzarb ahamiyatga ega.

Bu o‘z navbatida, O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi va landshaftni barqaror boshqarishdan tortib energiya samaradorligi hamda chiqindilarni qayta ishlashgacha bo‘lgan faol chora-tadbirlari energiya ta’minoti, qurg‘oqchilik va suv resurslarining kamayishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga sodiqligini ko‘rsatadi.

Davlatimiz rahbarining iqlim o‘zgarishlaridan zarar ko‘rayotgan megapolis va shaharlarning barqaror rivojlanishi va yashash uchun qulay sharoitlar yaratish sohasida tajriba va bilim, eng yaxshi amaliyotlar transferi uchun Jahon iqlim poytaxtlari alyansini tashkil etish hamda uning birinchi forumini Toshkentda o‘tkazish tashabbusi ham sammit ishtirokchilari tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi. Bu O‘zbekistonning ushbu sohada mintaqaviy yetakchilikka intilishini aks ettiradi.

Shu o‘rinda xalqaro iqlim kun tartibini yangilash fonida O‘zbekiston tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan uzoq muddatli siyosat nafaqat mamlakat, balki butun mintaqada ekologik vaziyatni yanada yaxshilashga xizmat qilayotganini alohida qayd etish joiz.

Umuman olganda, mamlakatning ekologik xabardorlik va iqlim barqarorligiga asoslangan siyosati O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi ekologik muammolarga qarshi kurashda yetakchi davlatga aylantirmoqda. Boku sammitida ilgari surilgan muhim tashabbuslar esa O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga qarshi global kurashga sodiqligini yaqqol tasdiqlaydi.

 

Dilbar MAMAJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish