Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi parlament quyi palatasiga kelib tushgan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini keskin bahs-munozara, tortishuvlar bilan tanqidiy ko‘rib chiqdi.
Gap shundaki, amaldagi “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 1285-moddasiga ko‘ra, ko‘k yoki ko‘k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va maxsus tovushli ishoralarini yoqqan holda yaqinlashib kelayotgan tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari to‘siqsiz o‘tib ketishiga xalaqit bergani uchun haydovchilarga javobgarlik belgilangan. Jarima – bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning besh baravari, ya’ni 1 115 000 so‘m. Qonun loyihasida ushbu jarima miqdorini BHMning o‘n baravari miqdoriga (2 230 000 so‘mga) oshirish taklif qilinyapti.
Huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan taqdirda, jarimani bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari darajasida belgilash taklifi berilyapti.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlari jarimani oshirishga qarshi ekanliklarini bildirdi. Ular buni jarimalar miqdori aholining real daromadlariga keskin nomuvofiq bo‘lgan taqdirda qonundan ko‘zlangan chora foyda bermasligi bilan izohlashdi.
Deputat Dilorom Imomova jarima miqdori oshirilishi kutilayotgan natijani bermasligi, aksincha, transport vositalari haydovchilarining yana bir noroziligiga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Deputat Firdavs Sharipov amaldagi jarima miqdori 1 million so‘mdan ortiq ekani, bazaviy hisoblash miqdori oshishi bilan shundog‘am jarima oshib borayotganini bildirdi.
Fraksiya a’zosi O‘rol O‘rozboyev jarima miqdori oshirilishi Xalq demokratik partiyasi elektorati, kam daromadli yurtdoshlarimiz manfaatlariga zid ekaniga, hozir davlat tomonidan aholi daromadlarini ko‘tarish bo‘yicha keng qamrovli islohotlar o‘tkazilayotgan paytda jarimalar oshishi odamlarning ishchanlik kayfiyatiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligiga e’tibor qaratdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, maxsus avtotransport vositalariga yo‘l bermagani uchun 2017-2019-yillarda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1285 – moddasi 1-qismi bilan 738 nafar haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Lekin bu huquqbuzarliklarga jarima miqdorining kamligi sabab bo‘layotgani haqida hech qanday asoslar yo‘q.
Sherbek Bo‘ronov, fraksiya a’zosi:
– Poytaxtimizda, tuman va shahar markazlarida avtomobil yo‘llari talab darajasida emasligi, respublikamizning barcha hududlarida transportlar serqatnovligi ko‘paygani, yo‘llar bunday yuklamaga tayyor emasligi sababli tirbandliklar yuzaga kelmoqda. Majburiy tirbandlik holatlarida haydovchilar qanday qilib maxsus transport vositalariga yo‘l berishi mumkin? Bu haydovchining aybi emasku?..
Keyingi masala: qonun tashabbuskorlari xorij davlatlari, jumladan, Singapurda jarimalar bizdagidan yuqori ekanini payqabdi. Lekin u davlatda aholining o‘rtacha daromadi qancha-yu bizda qancha?..
Maxsus transport vositalariga yo‘l bermaganlik uchun jarima miqdori Rossiya Federatsiyasida 10 baravarga oshirilgan (750 ming so‘mga to‘g‘ri keladi), ammo bizda amalda bo‘lgan eng kam jarimadan ham (1 mln115 ming so‘m) oz. Bunday huquqbuzarlik uchun jarima miqdori Fransiya va Germaniya kabi davlatlarda ham bizdagidan kam. Qozog‘iston, Moldova va Ozarbayjonda esa jarima miqdori bizdagidan qariyb 2 barobar kam. Mana shu davlatlardagi jarimalar tahlil qilinsa, jarimalar miqdori aholi daromadiga uzviy bog‘liq ekani ko‘rinadi.
Qonun tashabbuskorlari xorijiy tajribani o‘rganish deganda faqat jarima summalaridagi farqlarga e’tibor qaratgan chog‘i. Fikrimizcha, boshqa jihatlarga ham e’tibor qaratish kerak edi.
Fraksiyaning boshqa a’zolari ham jarima miqdori oshirilishini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi haqida tanqidiy fikr bildirdi.
Fraksiya a’zosi O‘rol O‘rozboyev masalaning boshqa jihatiga e’tibor qaratdi. Aytaylik serqatnov chorrahada to‘xtab turgan haydovchi ortidan kelgan maxsus transport vositasiga yo‘l berishi uchun yashil chiroq yonib turgan tomondan kelayotgan avtomashinalarga xalaqit berishga majbur bo‘ladi, oqibatda avtohalokat sodir bo‘lishi ehtimoli ortadi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlari yo‘l qoidalarini buzganlik uchun amaldagi jarimalar miqdorlari shundog‘am baland ekani, hozir oshirish haqidagi takliflarga umuman o‘rin yo‘qligini ta’kidladi.
Xalq demokratik partiyasi
Axborot xizmati.