“Men deputat bo‘ldim...”
“Men deputat bo‘ldim...”

 

Shu yilning 27-oktabri mamlakatimiz yangi tarixida muhim sanalar qatoridan o‘rin oldi. Ilk marotaba aralash saylov tizimi asosida bo‘lib o‘tgan Parlament saylovlarida saylovchilar Konstitutsion huquqlaridan foydalangan holda ovoz berishdi, o‘zlari munosib ko‘rgan nomzodlarni deputatlikka saylashdi. Bunda deputatlarning 75 nafari bevosita majoritar tizim, ya’ni, saylovchilar xohish-irodasiga ko‘ra, qolgan 75 nafari esa proporsional tizim bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylandi.

O‘zbekiston milliy saylov tarixida birinchi marotaba barcha deputatlik o‘rinlariga 5 ta partiya tomonidan 100 foiz nomzodlar ko‘rsatildi. Har bir deputatlik o‘rni uchun qizg‘in kurash bo‘ldi, siyosiy partiyalar faol targ‘ibot olib bordi, raqobat kuchaygandan-kuchaydi. Siyosiy partiyalar o‘z g‘oya va tashabbuslarini saylovchilarga yetkazishi uchun keng hamda teng imkoniyatlarga ega bo‘ldi.

Xalq demokratik partiyasi, albatta, o‘tgan saylovlarda bo‘lgani kabi bu gal ham o‘z g‘oyalari bilan faol ishtirok etdi. Bu jarayonlar partiyaning siyosiy tajribasini yanada oshirdi, mafkuraviy, tashkiliy va uslubiy jihatdan mustahkamladi.

Saylov natijalariga ko‘ra, yagona saylov okrugi bo‘yicha partiyamiz 13 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi. Qonunchilik palatasiga jami 20 nafar nomzod deputatlikka saylandi.

Qonunchilik palatasidagi 20 nafar saylangan deputatlarning 40 foizi ayollardan iborat bo‘lib, barcha 20 nafar nomzod oliy ma’lumotga ega, ularning 4 nafarini huquqshunos, 6 nafarini iqtisodchi, 3 nafarini muhandis, 2 nafarini tibbiyot, 4 nafarini pedagog va bir nafarini boshqa soha vakili tashkil etadi. Shuningdek, nomzodlarning 4 nafari fan nomzodi (PhD) va 3 nafari fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga 149 nafar XDP deputatlari saylangan bo‘lsa, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga 1023 nafar deputat saylanib, 5 ta siyosiy partiya orasida XDP o‘z pozitsiyasini mustahkamladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga yetarlicha o‘rin olinib, deputatlik guruhlari tuzishga erishildi.

Bu raqamlar Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish, xalqimizni o‘ylantirayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha tashabbuslar bilan chiqishda Xalq demokratik partiyasi katta imkoniyatni qo‘lga kiritganini anglatadi. Va o‘z o‘rnida partiya dasturining xalqchil ekanligini bildiradi.

Parlament va mahalliy vakillik organlariga saylangan deputatlar, albatta, birgalikda katta siyosiy kuch. Biroq, tan olish kerakki, demokratiya instrumentlari quyi tizimlarda yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Aynan tuman va shahar Kengashlarining sessiyalari odatda tanqidiy ruhda, keskin bahslar, murosasiz tortishuvlar bilan o‘tadi.

Saylov o‘tdi, munosib nomzodlar saylandi. Albatta, endi galdagi muhim vazifa yangidan shakllanayotgan deputatlik birlashmalarining faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishdir. Xo‘sh, deputatlar bugun nimalar haqida o‘ylayapti? Ularning ayni kayfiyati haqida nima deyish mumkin? Rejalari haqida-chi? Shu savollar bilan deputatlarimizga murojaat qildik.

 

 

Aisha RUIDDINOVA,

Bektemir tuman Kengashiga 18-Barkamol saylov okrugidan saylangan deputat:

– Yoshligimdan siyosatga qiziqardim. Katta minbarlarda turib gapirayotgan siyosatchilarga havas qilardim. Bu qiziqish meni jurnalistika tomon yetakladi. Bir necha yildan buyon “Mening yurtim” telekanalida faoliyat yuritaman. Jurnalistik faoliyatimda ijtimoiy-siyosiy sohani ko‘proq yoritdim.

Qalban odamlar tomon oshiqardim, ular bilan yelkama-yelka turishga, muammolari haqida gapirishga harakat qilganman. Qiziqishim, maqsadlarim meni deputatlik tomon yetakladi. Katta umid va ishonch bilan nomzodimni qo‘ydim va saylovchilar tanloviga ko‘ra, xalq deputatlari Bektemir tuman kengashiga O‘zXDPdan deputat bo‘ldim.

Bilasizmi, hozir ich-ichimdan ham quvonyapman, ham zimmamda katta mas’uliyat turganini his qilyapman. Bu orqali o‘zimda yengilmas jo‘shqinlikni, kuchni sezyapman. Jurnalist, deputat sifatida xalq koriga yarashdek imkoniyatga ega bo‘lganimdan faxrlanib, ko‘nglim to‘lib-toshib ketadi. Rejalarim juda katta.

Faoliyatim davomida aholining turli qatlami bilan uchrashib, ularning qiziqishlari, o‘y-xayollari va xohish-istaklarini o‘rgandim. Natijada jamiyatda ijtimoiy masalalar ustuvorlik kasb etishiga yana bir bor amin bo‘ldim. Ayniqsa, ijtimoiy zaif qatlam, ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand kishilar dardini tinglab, ularga yechim topish kerak, degan xulosaga keldim. Pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan ota-onalar, ko‘p bolali ayollar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, yolg‘iz keksalar va aholining boshqa zaif qatlamlari manfaatlari qonunchiligimizda batafsil aks etishida tashabbuskor bo‘lish niyatidaman.

Yaqinda xalq deputatlari tuman Kengashining ilk sessiyasini o‘tkazdik. Tumanimizdagi faollar, deputatlarning qat’iyatini, shijoati va g‘ayratini ko‘rib, biz ham kuch oldik. Hududimizda mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning samarali hal qilinishida bizga ishonch bildirildi. Endi xalqimiz ishonchiga munosib bo‘lishga harakat qilamiz.

 

 

Almaxon SADEKOVA,

Qo‘ng‘irot tuman Kengashiga 9-Turkistan saylov okrugidan saylangan deputat:

– Bu yilgi saylovlarda ikkinchi marotaba deputat bo‘ldim. Bundan avvalgi saylovda ham xuddi shu okrugdan saylangan edim. Albatta, bu odamlarimizning menga nisbatan ishonchi balandligini anglatadi.

Mustaqil hayot ostonasida kelajagim haqida ko‘p ikkilanardim. Sportchi bo‘lolmayman, san’atga, madaniyatga qobiliyatim yo‘q. Ammo bolaligimdan yon-atrofdagi o‘zgarishlarga, insonlar, yurt taqdiriga daxldorlik hissi kuchli bo‘lgan. Meni deputatlikka yetaklagan narsa shu, desam ham bo‘ladi.

Deputat bo‘lib, hududimizdagi muammolarni hal qilish, odamlarimizni o‘ylantirib kelayotgan masalalarga yechim topishga harakat qildim. Eng muhimi, bu ishdan zavqlanardim. Ayniqsa, qandaydir muammoni hal qila olsak, odamlarning quvonchi menga yanada kuch, yanada rag‘bat berardi. Bu orqali ozgina bo‘lsa-da, elektorat oldidagi majburiyatimni bajardim, deya ichki xotirjamlikni tuyardim.

Bundan avvalgi deputatlik guruhimiz bilan aholi bandligini ta’minlash, tez tibbiy yordamdan foydalanish, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, kam daromadli oilalar manzilli ijtimoiy himoyasi samaradorligini oshirish bo‘yicha bir qator tashabbuslar bilan chiqdik.

Shu kabi ezgu ishlarimiz va amaliy tashabbuslarimiz yana davom etadi. Deputatlikka saylandim, elektoratimiz, saylovchilarim manfaati uchun qattiq bel bog‘lab ishga kirishdim. Masalan, kam ta’minlangan oilalar a’zolari, jumladan, ishsizlar, mehnatga layoqatli nogironlar, ayollarning tadbirkorlik sohasidagi faolligi hamda kasanachilikni davlat va davlat-xususiy sheriklik asosida rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish bugungi kunning dolzarb vazifasidir. Agar ular o‘z ishini yo‘lga qo‘yib, barqaror daromad manbaiga ega bo‘lsa, ijtimoiy himoya uchun budjetdan pul ajratishga hojat qolmaydi. Aksincha, ularning o‘zi taraqqiyotga hissa qo‘shuvchiga aylanadi. Bu aholi o‘rtasida boqimandalikni yo‘qotishga xizmat qiladi.

 

 

Xurshida YAXSHIYEVA,

Muborak tuman Kengashiga 9-Sariq saylov okrugidan saylangan deputat:

– 2016-yilda Qarshi davlat universitetining ingliz tili yo‘nalishini tamomladim. Ilk faoliyatimni maktabda o‘qituvchi sifatida boshladim. Hozir Muborak tumanidagi 13-maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori vazifasida ishlayman.

Mahallamizda bo‘ladigan saylovoldi tadbirlarda, deputatlar bilan uchrashuvlarda ko‘p qatnashardim. Deputatlikka qiziqishim o‘sha paytlari boshlangan. Boshida hali yoshman, eplay olamanmi, deputatlik ortida katta mas’uliyat, saylovchi oldida burchli va hisobdor bo‘lish vazifasi turibdi, deb biroz cho‘chidim. Ammo ich-ichimdan deputat bo‘lish ishtiyoqi, istagi juda kuchli bo‘lgan. Ishga borayotganimda yo‘l-yo‘lakay muammolarga ko‘zim tushsa, deputat bo‘lsam, shu muammoni bartaraf etaman, deb o‘ylardim. Qarang, xohish kuchli, niyat xolis bo‘lgan ekan, ikkilanishni yengdim, deputatlikka nomzodimni qo‘ydim. Eng muhimi, menga saylovchilar ishonch bildirishdi.

5 yillik dasturimizda saylovchilarimiz manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan bir qator vazifalar belgilangan. Xususan, o‘z biznesini boshlash niyatida yurgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularga sharoit yaratish, kam ta’minlangan oilalar farzandlarini oliy ta’limga keng jalb etish masalasi dolzarb bo‘lib turibdi. Shuningdek, aholining ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish, turmush darajasini oshirish, ehtiyojmand qatlamlarning manfaatlari va axloqiy qarashlariga ta’sir ko‘rsatadigan ortiqcha xarajatlarning oldini olish ham muhim. Ya’ni, nikoh to‘ylari, yubileylar, dafn marosimlari va boshqa oilaviy tadbirlarni o‘tkazishda ortiqcha xarajatlardan, dabdabalardan tiyilish, bu borada tarixan shakllangan madaniy qadriyatlar va an’analarimizning asl mazmuni hamda ahamiyatiga doir targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirishni rejalashtirdik.

 

 

Nortoji RAHMONBERDIYEVA,

Chirchiq shahar Kengashiga 24-Sharq saylov okrugidan saylangan deputat:

– Chirchiq shahrida 174 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi, ularning 105 mingdan ko‘prog‘i saylov jarayonlarida faol qatnashdi. Xalq deputatlari Chirchiq shahar Kengashiga O‘zbekiston XDPdan 6 nafar deputat saylandi. Yaqinda xalq deputatlari Chirchiq shahar Kengashi deputatlar ishchi guruhi shakllandi va tasdiqlandi.

Mening nomzodim Chirchiq shahridagi 24-Sharq saylov okrugidan qo‘yildi. Partiya meni xalqqa tanitdi. Deputat bo‘ldim, aslida bu eng katta sharaf. Chunki ko‘pchilikning, xalqning mehrini, ishonchini qozonish – bu katta baxt.

Bilamizki, partiyamiz o‘z dasturiy maqsadlarini, avvalo, ijtimoiy himoya, ijtimoiy tenglik va ijtimoiy adolat tamoyillari doirasida davlatning tegishli ijtimoiy majburiyatlarini samarali amalga oshirish kabi umummilliy manfaatlar ustuvorligiga asoslanib belgilaydi.

Saylov kampaniyasi davrida men saylovchilarim bilan uchrashuvda partiyamizning saylovoldi dasturidagi ezgu tashabbus-takliflarini yetkazishga harakat qildim. O‘z navbatida bu uchrashuvlardan katta ruh, motivatsiya oldim. Odamlarimiz islohotlarga befarq emasligini yana bir bora angladim. Fuqarolarimizda siyosiy ong yuksalgan, siyosiy madaniyat ancha o‘sgan, o‘z haq-huquqlarini yaxshi biladi. Ular beradigan savollar bizni o‘ylantirib qo‘ygan paytlar ham bo‘ldi. Bu nimani anglatadi? Bizni ana shunday faol, dunyoqarashi keng saylovchilar sayladi, demak, shunga munosib bo‘lishimiz kerak. Biz ularning oldida hisobdormiz, yorug‘ yuz bilan saylovchilar huzuriga borish uchun ishni bugundan, kechiktirmasdan boshlash kerak.

Fikrimcha, jamiyatda barqarorlikni saqlash uchun ijtimoiy keskinlikni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan muammolarni tezkor aniqlash va hal etishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish maqsadga muvofiq. Ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni va elektorat kayfiyatini tizimli monitoring qilib boradigan mahalliy va boshlang‘ich tashkilotlari bu mexanizmning muhim tarkibiy qismlari bo‘lishi lozim.

Men ham o‘z deputatlik faoliyatimda bilimim, ko‘p yillik tajribamdan foydalangan xolda saylovchilarimni ijtimoy-iqtisodiy sohalarda qo‘llab-quvvatlab, ularning haq-huquqlari himoyasi yo‘lida vijdonan xizmat qilaman.

 

***

Ochig‘i, bugun odamlarimizga, jamiyatimizga kuchli parlament, kuchli Kengashlar kerak. Odamlarni o‘z ortidan ergashtirib, katta va ezgu maqsadlar sari boshlashga qodir, dadil parlament va mahalliy vakillik organiga ehtiyoj bor. Demokratiyaning eng muhim talabi ham shu aslida. Chunki busiz jamiyat ham, odamlar ham o‘zgarishi qiyin.

Mahalliy Kengashlar hayotiga nazar tashlasangiz, ulardagi sharoit, muhit, ish tartibi avvalgisidan o‘zgarganini ko‘rasiz. Yangi demokratik sharoitda ishlayotgan deputatlarning dunyoqarashi, fikri ham kechagidek emas. Eng muhimi, yangi tarkibdagi deputatlar siyosiy maydonga kuchga to‘lgan, shijoati baland holda, xalqchil siyosiy platformasi takomillashgan holda kirib kelmoqda. Bu o‘z natijasini ko‘rsatadi, degan umiddamiz!

 

Laziza SHEROVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 13.11.2024, №46

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Yoshlar qanoti Saylov Bizning deputat Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish