Dunyo shitob bilan o‘zgarib bormoqda. Xalqining ozod va farovon hayotini saqlash yo‘lida sobitqadam davlat borki, bunday shiddatli zamon silsilasida global iqtisodiy buhronlar oqibatlarini yumshatish, xalqaro maydondagi geosiyosiy tahdidlardan himoyalanish, insonparvarlik hamda ijtimoiy adolat tamoyillari asosida islohotlarning jadal sur’atini ta’minlashga intilayotir. Shu bilan birga, insoniyat uchun hayot-mamot masalasiga aylanib borayotgan jiddiy xatar – iqlim o‘zgarishlari ta’siri va xavflarini minimallashtirish uchun bel bog‘lab kurashmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ijtimoiy rivojlanish komissiyasi tomonidan sentabr oyida e’lon qilingan “2024-2026-yillarda jahondagi ijtimoiy himoya” hisobotida keltirilishicha, sayyoramizdagi turli inqirozlar ko‘plab davlatlarning ijtimoiy siyosatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.
Dunyo aholisining yarmidan ko‘pi, ya’ni, 52,4 foizi ijtimoiy himoyaning u yoki bu turi bilan qamrab olingan bo‘lsa-da, ayni paytda 3,8 mlrd odam davlat kafolatlashi kerak bo‘lgan ijtimoiy ko‘maklardan bebahra qolayotgani ham haqiqat.
“Ijtimoiy himoya iqlim o‘zgarishlariga moslashishning asosi hisoblanadi, chunki u qashshoqlikka qarshi kurashish, ijtimoiy inklyuzivlikni rag‘batlantirish va tengsizlikni kamaytirish orqali insonlar hayotini yengillashtiradi”, deyiladi mazkur hisobotda.
Darvoqe, xalqaro ekspertlarning o‘rganishicha, hozirda dunyoda yuqori daromadli mamlakatlar(85,9 foizi)da ijtimoiy islohotlar sustlashgan bo‘lsa, o‘rta (71,2 foiz) va undan past daromadli (32,4 foiz) davlatlar bu sohada mavjud bo‘shliqlarni to‘ldirishda sezilarli yutuqlarga erishmoqdalar. Umuman olganda, 2015-yildan buyon jahon miqyosida aholining ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy himoya bilan qamrab olish 26,7 foizdan 37,3 foizga ko‘tarilgan.
Bizda-chi?
Bugun Yangi O‘zbekistonning erkin bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida ijtimoiy adolat va ijtimoiy barqarorlikka asoslangan xalqparvar siyosati xalqaro minbarlarda e’tirof etilayotgani kishiga mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda bu sohada muhim qadamlar tashlandi. Odamlarning umumkayfiyatiga ta’sir etuvchi muammolarni aniqlash va hal etish, ijtimoiy kafolatlarni, aholini har tomonlama himoyalash choralarini ko‘rish davlatimizning ustuvor vazifalaridan bo‘lib kelmoqda.
Xususan, o‘tgan yili yangilangan Konstitutsiyamizda O‘zbekistonning ijtimoiy davlat sifatidagi maqomi mustahkamlanib, davlatning bu sohadagi majburiyatlari qariyb uch barobarga ko‘paytirildi. Aholining ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash, fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish, kafolatlangan tibbiy yordamga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish, ta’limning barcha shakllariga g‘amxo‘rlik qilish, hamma uchun teng imkoniyatlar, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga oid davlat majburiyatlari Asosiy qonunimizda aniq belgilab qo‘yildi.
Shunday qilib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosat aholi turmush darajasini yuksaltirish, daromadlar va yashash tarzida keskin tafovutlarning, tengsizlikning oldini olish, har bir inson davlatning e’tibori va g‘amxo‘rligidan chetda qolmasligini kafolatlash maqsadlarini izchil ro‘yobga chiqarmoqda.
Misol uchun, pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmagan darajaga olib chiqildi. Agar 2017-yilda yurtimizda 500 ming ehtiyojmand oila ijtimoiy yordam olgan bo‘lsa, bugunga kelib ushbu raqam 2,3 milliondan oshdi. Hozirda har bir kam ta’minlangan oila davlat budjeti va ijtimoiy daftarlar orqali moddiy yordam olmoqda.
Birgina joriy yilning o‘zida davlat budjeti jami xarajatlarining qariyb 50 foizi ta’lim, sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, ehtiyojmandlarni uy-joy bilan ta’minlash singari ijtimoiy tadbirlarga yo‘naltirilgani ham davlatning bu sohadagi majburiyatlarini uddalayotganidan dalolat beradi.
Avval qiyin edi, hozir iloji bor
Mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi salmoqli o‘zgarishlar haqida so‘z yuritganda, kambag‘allik darajasini qisqartirish chora-tadbirlari haqida to‘xtalib o‘tish joiz. Respublikamizda barqaror va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari ta’minlanishi kambag‘allik darajasini 2019-yildagi 23 foizdan 2023-yilda 11 foizga qisqartirishga imkon yaratdi. 2025-yil yakuni bilan kambag‘allikni 6 foizgacha kamaytirish maqsad qilindi.
Kambag‘allikka tushib qolish xavfi mavjud qatlamlar - yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning birinchi galda tobora raqobat muhitiga kirib borayotgan mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish, buning uchun ularni talabgir kasblarga o‘qitish borasidagi ijtimoiy dasturlar o‘z samarasini bera boshladi. Mehnatga layoqatli aholi o‘rtasida ishsizlik darajasi respublikamizda 2024-yilning boshiga nisbatan 1 foiz punktga yoki 6,8 foizdan 5,8 foizga kamaygani bunga yaqqol dalildir.
Xuddi shunday, nogironligi bo‘lgan 1 millionga yaqin hamyurtlarimiz (16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar soni esa 100 mingdan ortiq) uchun ta’lim, bandlik, tadbirkorlik, sog‘liqni saqlash va boshqa jabhalarda teng imkoniyatlarni yaratish, ularni jamiyatimizning to‘laqonli a’zosi, deb tan oluvchi ijtimoiy norma amaliy tasdig‘ini topishi yo‘lida qilinayotgan ishlarning ham qamrovi keng. Yoki keksa avlod vakillarining hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilash, moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishni takomillashtirishga ustuvor e’tibor qaratilayotganini hammamiz aniq-ravshan ko‘rib turibmiz.
Kambag‘allikdan farovonlik sari
Fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid huquqlarini so‘zsiz ta’minlash va ijtimoiy xizmatlar sifatini tubdan oshirish hamda mazkur sohaga ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan mutlaqo yangi boshqaruv tizimini joriy qilish maqsadida davlatimiz rahbarining o‘tgan yili 1-iyundagi farmoniga muvofiq Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. 2023-yil oktabr oyidan boshlab esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar)larda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari ochila boshladi.
Ma’lumotga ko‘ra, mamlakatimizda og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan 30 ta toifadagi insonlar bor. Nogironligi bor shaxslar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotganlar, oilada zo‘ravonlikka uchragan ayollar shular jumlasidandir. Turli vazirliklar tomonidan tarqoq holda amalga oshirib kelingan ijtimoiy xizmatlarning birlashtirilishi, sohada yagona davlat siyosatini yurituvchi organning tashkil qilinishi ana shu ehtiyojmand insonlarga zarur yordamlarni ko‘rsatishni yangi bosqichga olib chiqdi.
Atigi bir yil ichida joylarda ochilgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari mahalla darajasida har bir xonadon ahvolini o‘rganib, oilalardagi haqiqiy holatni hamda ularning ijtimoiy xizmatlar va yordamga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash, oilalarning ijtimoiy pasportlarini shakllantirish borasida yutuqlarni qo‘lga kiritdi.
Prezidentimizning shu yil 23-sentabrdagi farmoni bilan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi qabul qilinishi esa Ijtimoiy himoya agentligi va joylardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyatida yangi sahifa ochdi, desak yanglishmaymiz.
Demak, 2024-yil 1-noyabrdan boshlab yuqorida keltirilgan dasturni “Kambag‘al oilalar uchun yettita imkoniyat va mas’uliyat” tamoyili asosida amalga oshirishga kirishildi. Shuning hisobidan joriy yilning qolgan davrida 500 ming, 2025-yilda 1 million nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish mo‘ljallanmoqda. Bunda mahallalarda tadbirkorlikni va tomorqa dehqonchiligini rivojlantirishdan tortib, kambag‘al oilalar farzandlarining zamonaviy bilimlarni egallashi va kasb-hunar o‘rganishi uchun imkoniyatlar yaratish, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishgacha bo‘lgan aniq maqsadlarni amaliyotga yo‘naltirish ko‘zda tutilyapti.
Hech bir bola taqdiriga befarq bo‘lolmaymiz
Aynan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturida ijtimoiy yetimlikning oldini olish, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga individual yondashuv asosida oilaga yaqin muhitda g‘amxo‘rlik ko‘rsatish hamda tarbiyalash vazifalari ham belgilandi.
Prezidentimizning o‘tgan haftada ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni tarbiyalash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishuvi chog‘ida ushbu vazifalarning ijrosini kechiktirmaslik zarurati ta’kidlandi.
Akmal Umaraliyev,
O‘zXDP Toshkent viloyat kengashi raisi:
- Xalqimiz tiynatidagi bolajonlik bugunga kelib davlatimiz olib borayotgan ijtimoiy siyosatda o‘z ifodasini topayotganini faxr bilan ayta olamiz. Bolaparvarlik, ya’nikim, bolalarni har qanday vaziyatda va har tomonlama himoya qilish, bu borada milliy, umuminsoniy qadriyatlarni amaliyotga tatbiq etish qonun hujjatlarimizda ham, davlatni rivojlantirish dasturlarida ham aks etmoqda. Har qanday soha istiqbolini belgilashda aynan o‘sib kelayotgan avlod – bolalar manfaati nuqtai nazaridan haqchil yondashuvlar mavjudligini ko‘ramiz.
Biroq bugungi kunda ko‘plab mamlakatlarda ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirilgan bolalar soni ko‘payib borayotgani va ular bu muassasalarda zo‘ravonlikning turli shakllariga duch kelayotgani yoxud e’tiborsiz qolayotgani sir emas. Bolalarning oilaviy muhitga bo‘lgan huquqlarini kafolatlash naqadar dolzarb ekani sababi ham shunda. Chunki oila bola uchun eng ishonchli qo‘rg‘ondir.
Jamiyatimizda turli sabablarga ko‘ra o‘z farzandini ijtimoiy muassasalarga topshirayotgan, boshqacha aytganda, bolasidan voz kechadigan ota-onalar ham, afsuski, yo‘q emas. Va ko‘p hollarda bu ota-onalar ayni qilmishiga kambag‘allik vajini keltiradilar.
Prezident huzurida o‘tkazilgan taqdimotdan ma’lum bo‘ldiki, endilikda farzandlarni oilaning kambag‘alligi tufayli Mehribonlik va Bolalar uylariga joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi. Kambag‘al oila vakillari ishga joylashgan taqdirda, bolasi uch yoshga to‘lguncha bog‘cha xarajatlari uchun Ijtimoiy himoya jamg‘armasidan kompensatsiya beriladi. Bolalar uylarida “Onalar maskani” tashkil etilib, unda bolasidan voz kechmoqchi bo‘lgan onalar joylashtiriladi. Ularga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, onalik ko‘nikmalari o‘rgatiladi hamda kasb egallashiga ko‘maklashiladi. Bularning bari pirovardida bir maqsadga – bolaning oila muhitida yashash huquqini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan bolalar “Inson” markazi tomonidan oilaviy bolalar uyiga joylashtiriladi. Tarbiyaga beriladigan bolalar uchun individual rivojlanish rejasi ishlab chiqiladi. Yetim bolalarni aniqlash, ularni tarbiyaga olish istagini bildirgan shaxslar ma’lumoti “Ijtimoiy himoya” axborot tizimida yuritiladi. “Inson” markazlari bolalarning qonuniy vakili etib belgilanadi hamda huquq va manfaatlarini himoya qiladi.
Shuningdek, bu markazlar tarbiyaga berilgan bolalarning turmush sharoitini, yordamlarning maqsadli ishlatilishini va tarbiyaga olgan shaxslar majburiyatlarini monitoring qilib boradi.
Oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida belgilanadi. Tutingan oilalarda tarbiyalanayotgan bolalarga umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’limni tugatgunicha yashash va parvarishlash xarajatlari to‘lanadi.
Shubhasiz, davlatimiz oldida turgan bu ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy bazasini takomillashtirishda, ijro etuvchi organlar faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini qaror toptirishda kuchli ijtimoiy siyosat tarafdori bo‘lgan Xalq demokratik partiyasi ham faol va ilg‘orlar qatorida bo‘ladi. O‘sib kelayotgan avlod manfaatlarini har tomonlama himoyalashga, ijtimoiy taraqqiyotga xizmat qiluvchi qonunchilik tashabbuslari bilan maydonga chiqishda davom etadi.
Inklyuziv jamiyatga xos
Malika Rashidova,
O‘zXDP Markaziy Kengashi bo‘lim boshlig‘i:
- Bugungi kunda dunyoning rivojlangan davlatlarida inklyuziv jamiyat tushunchasi keng tarqalgan. Har qanday mamlakat yuksak taraqqiyotga erishishi uchun unda yashovchi har bir shaxs faol fuqarolik pozitsiyasini egallashi shart. Aynan shu me’yor nogironligi bo‘lgan shaxslarning ham jamiyatdagi faolligi oshib borishida o‘z tasdig‘ini topadi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini ta’minlashda, ularning hayotda o‘z o‘rinlarini topishida yaqindan ko‘makdosh bo‘layotgani quvonarli. Bu toifa insonlarning kasb-hunar o‘rganishi, ishga joylashishi, ijtimoiy yordamlardan foydalanishini tartibga solishda “Inson” markazlarining ta’siri katta bo‘lmoqda.
5 noyabr kuni o‘tkazilgan taqdimotda nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etish yuzasidan ham puxta takliflar ilgari surilgani yana bir ahamiyatli jihatdir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda yurtimizda 25 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar yigirmaga yaqin parasport turi bilan shug‘ullanib kelmoqda. Paralimpiyachilarimizning so‘nggi yillarda xalqaro sport arenalarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilayotgani ana shu yuksak e’tibor va imkoniyatlarning natijasi, albatta.
Taqdimotda nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga yanada kengroq qamrab olish chora-tadbirlari sanab o‘tildi. Davlat sport maktablarida adaptiv sport bo‘yicha guruhlar tashkil etish, mahallalardagi maydonchalarni nogironligi bo‘lgan shaxslarga ham moslashtirish, “ERP-sport” elektron tizimida ularning alohida hisobini yuritish orqali imkoniyatlariga mos sport turlarini taklif etish shular sirasiga kiradi. Adaptiv jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini tayyorlashga ham e’tibor kuchaytirilishi, bu yo‘nalishda xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lganlar hamda ularning murabbiylarini moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy qilinishi ayni muddao.
Davlatimiz rahbari bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga qulayliklar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Bu biz, deputatlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi tabiiy.
Xalq demokratik partiyasi har doim nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq-manfaatlarini qat’iy turib himoya qilib keladi. Bu bizning ijtimoiy adolat tamoyillariga sodiqligimizni bildiradi. Aytganday, yangi Saylovoldi dasturimizda ham nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq-manfaatlariga alohida e’tibor qaratilganki, bu boradagi taklif-g‘oyalarimizning amalga oshishi jamiyatning inklyuzivligini ta’minlashga zamin yaratadi.
Abditolib XOLDOROV,
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidan:
- Ko‘p yillar davomida qurilish sohasida ishlaganman. Mehnatim ortidan ro‘zg‘orimni kas-ko‘stsiz tebratardim. Bir nafar farzandim bor.
Ammo odam ertaga nima bo‘lishini bilmas ekan. Soppa-sog‘ yurgan holatingda birdan yarim jon bo‘lib qolish insonni chorasiz, tushkun ahvolga solib qo‘yarkan. 2018-yili kutilmaganda umurtqa pog‘onamdagi kasallik tufayli II guruh nogironi bo‘lib qoldim. Lekin oilani boqish kerak. Ko‘pdan tanish bo‘lgan fermer xo‘jaligiga ishga kirdim, turmush o‘rtog‘im Dilbar esa tuman obodonlashtirish bo‘limida mehnat qildi. Uy-joyimiz ham yo‘q, ijara puli, ro‘zg‘or tashvishi tufayli davolanishga mablag‘ topa olmasdim. Mana shunday qiyinchilikdagi har bir kun yilday uzoq tuyulardi. O‘zim etikdo‘zlikka qiziqaman, ancha-muncha qo‘lim keladi. Lekin bu ish bilan shug‘ullanay desam, sharoitim yo‘q.
Xullas, mana shunday og‘ir kunlarning birida tumanimizdagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi vakillari uyimga kelib, oilaviy holatimni o‘rgandilar. Ularning ko‘magida etikdo‘zlik bilan shug‘ullanish uchun kerakli uskunalarni oldim, ustaxona ochdim. Shu bilan birga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan davolanib ham chiqdim.
“Inson” markazi yordami tufayli yana bir bor hayotga qaytdim. Endi men ham sog‘lom insonlar qatorida ishlayman. Asosiysi, kunlik daromadim bor. Ro‘zg‘orimga xotirjamlik, baraka kirdi. Kelajakda yoshlarni shogirdlikka olib, ish faoliyatimni kengaytirishni maqsad qilib turibman.
Alisher GULYAMOV,
O‘zXDP Toshkent shahar Kengashi partiya faxriylari kengashi raisi:
- “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining ochilishi biz, keksalarning ham uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilgani rost. Avvallari pensiya yoki boshqa ijtimoiy yordam masalasida idorama-idora sarson bo‘lardik. Taqillatadigan eshigimiz ko‘p bo‘lardi. Bugun esa har qanday ijtimoiy himoya va biror yordam masalasida faqat bitta eshikni taqillatyapmiz.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ishida ochiqlik va qonuniylikning ustunligi, aholi uchun, shu qatori keksalar uchun barcha qulayliklarning inobatga olinganidan mamnunmiz.
Davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ijtimoiy islohotlarning joylarda o‘z ijrosini topishida “Inson” markazlarining o‘rni bo‘lakcha. Shu bilan bir qatorda ijtimoiy islohotlarning manzilli va samarali bo‘lishi uchun jamoatchilik nazorati ham kerak.
Biz, keksalar ijtimoiy hayotda faol bo‘lsak, mana shunday jamoatchilik nazorati tadbirlarida ishtirok etsak, bu bilan ham yosh avlodga namuna bo‘lamiz, ham jamiyatimiz rivojiga o‘z hissamizni qo‘shamiz.
Farida MAHKAMOVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 13.11.2024, №46