Fraksiyamiz mas’uliyatni zimmasiga oladi
Fraksiyamiz mas’uliyatni zimmasiga oladi

 

Xalqimizning siyosiy-huquqiy faolligi hamda daxldorligi oshgan davrda o‘tgan ushbu saylovda Xalq demokratik partiyasi yuz minglab a’zolari, millionlab xayrixohlarining qo‘llab-quvvatlashiga tayangan holda, faol qatnashdi. Saylovning barcha bosqichlarida huquq va vakolatlar hamda yaratilgan sharoitdan samarali foydalanishga harakat qildi.

Saylovoldi uchrashuvlarda xalqimizning siyosiy partiyalarga, deputatlarga nisbatan talabchanligi oshganiga guvoh bo‘ldik. Bu o‘z navbatida partiyamiz saylovoldi dasturini bor kuch-imkoniyatimizni safarbar etib amalga oshirishga undaydi.

Prezidentimiz partiyamiz saylov kampaniyasi davomida ilgari surgan hamda xalqimiz qo‘llab-quvvatlagan 2 ta eng muhim masalaga e’tibor qaratdilar. Qayd etilganidek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning sharoitlari yaxshilanishi jamiyatimizning inklyuzivligi uchun juda muhim. Buning natijasida imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizga teng huquqiy sharoitlar yuzaga keladi.

Xalq demokratik partiyasi har doim nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq-manfaatlarini himoya qilishga intiladi. Hamisha o‘z dasturlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayotini yaxshilash, ularning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surib keladi.

Partiyamiz dasturida Nogironlar uchun obyektlar va xizmatlarning qulayligi milliy standartlarini ishlab chiqish hamda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonunining alohida qismi sifatida qonun darajasida mustahkamlash masalasi o‘rin olgan. Bu orqali avvalo milliy qonunchiligimiz BMTning Nogironlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha standart qoidalariga to‘liq muvofiqlashtirishga erishiladi.

Qolaversa, nogironligi bo‘lgan shaxslar harakatlanishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, shu jumladan, temir yo‘l vokzallari, aeroport va shohbekatlarda ko‘zi ojizlar uchun elektron axborot eshitish moslamalarini, svetofor va maxsus yo‘laklarda nogiron shaxslarni ogohlantiruvchi ovozli elektron jihozlarni o‘rnatish ham maqsad qilingan.

Nogironligi bo‘lgan insonlarga qulay muhit va sharoitlar yaratilishi muhim. Ular ham ijtimoiy hayotning faol qatnashchisi bo‘lishi, o‘z qobiliyatlarini namoyon qila olishi lozim. Har qanday mamlakat yuksak taraqqiyotga erishishi uchun unda yashovchi har bir shaxs faol fuqarolik pozitsiyasini egallashi shart. Imkoniyatlar kengayishi nogironligi bo‘lgan shaxslarning ham jamiyatimizdagi faolligini yanada oshirish uchun ayni muddao bo‘ladi. Chunki inklyuzivlik avvalo harakat uchun imkoniyat degani. Harakatlanish, ta’lim, hunar o‘rganish imkoniyatlari kengaysa, tabiiy ravishda ularning huquqlari amalga oshadi.

 

Pensiya bilan bog‘liq takliflarni ham saylovchilar intiqlik bilan kutyapti. Fraksiyamiz Hukumatdagi ishchi guruh bilan birga hamkorlikda ishlab, saylovoldi dasturimiz ijrosini amalga oshirishga astoydil harakat qiladi.

Ayni paytda butun dunyoda, jumladan, yurtimizda ham o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi oshib bormoqda. Yil sayin safi kengayib borayotgan keksalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, Konstitutsiyamizda belgilanganidek, har kim qariganda ijtimoiy ta’minot olish huquqini kafolatlash davlat resurslariga ehtiyojni oshirmoqda. Bu esa pensiya tizimini keng ko‘lamli isloh qilish, pensiya tayinlash shartlarini qayta ko‘rib chiqish, tizimning moliyaviy barqarorligini ta’minlash borasida jiddiy qadamlar tashlashni taqozo qilyapti.

Hozirgi kunda mamlakatimizda Pensiya jamg‘armasidan nafaqa oluvchilar soni 4 milliondan oshgan. Ularning hayot darajasini yaxshilash, ijtimoiy faolligini oshirish, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish uchun pensiya ta’minotidagi mavjud muammolarni yechishda partiyamiz o‘z tashabbuslariga ega.

Misol uchun, uzoq yillar oldin sobiq jamoa xo‘jaligi va shirkat xo‘jaligida mehnat faoliyatini yuritgan fuqarolarning ana shu mehnat davrlarini pensiya tayinlashda to‘liq yil sifatida inobatga olish, ayollarning farzandlari uch yoshga to‘lguncha tug‘uruq ta’tillarida bo‘lish vaqtini ish stajiga to‘liq qo‘shib hisoblash takliflarini ilgari surganmiz.

Shu o‘rinda bir masalani tan olishimiz kerak, ya’ni pensionerlar o‘zlarining jamg‘arib borilayotgan pulini boshqarish tizimida ishtirok etmaydi. Partiyamiz jamg‘arib borilayotgan mablag‘larni boshqarish tizimini yo‘lga qo‘yish va unda bevosita pensionerning o‘zi ishtirok etishi kerak, deb hisoblaydi. Masalan, fuqarolarga shaxsiy jamg‘arib borilayotgan pensiya mablag‘larini boshqarish, ularni onlayn ravishda kuzatish, bankka depozitga qo‘yish orqali ko‘paytirib borish imkoniyatini berish orqali tizimda shaffoflikni ta’minlash mumkin.

Bundan tashqari, pensiyaga chiqib, kamida besh yil ishlab, daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni to‘lagan pensionerlar uchun muqaddam tayinlangan pensiyani qayta hisoblab, oshirilgan miqdorda tayinlash imkoniyatini berish va pensiya yoshini o‘zgartirmasdan saqlab qolish bo‘yicha yuritilayotgan siyosatni davom ettirish tarafdorimiz.

Majlisda belgilangan ustuvor yo‘nalish hamda vazifalar kelgusi besh yillik faoliyatimiz uchun dasturilamal bo‘ladi. Hayotiy tashabbuslarning amalga oshishi xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish