Davlatimiz rahbari belgilab bergan har bir vazifa zamirida oddiy va hayotiy, isbot talab etmaydigan haqiqatlar turganini angladim. Bugungi parlament islohotlari xalqimiz istagi va xorijiy davlatlar tajribasiga mos kelayotganiga yana bir bor guvoh bo‘ldim. Parlament faoliyatini yanada kuchaytirish, yurtimizning ertangi kuni, oldimizdagi eng muhim vazifalar haqida chuqur tahlilga asoslangan mulohazalar ilgari surildi.
Nutqni zalda katta hayajon bilan tingladim, saboq oldim, o‘zimga xulosalar chiqardim. Unda parlamentning jamiyatda tutgan o‘rni va ta’sirini oshirish haqida konseptual xarakterga ega teran fikrlar bayon etildi. Chindan ham, yangi davr uchun yangi g‘oya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar zarur.
Eng muhim masalalar qatorida parlament nazoratini kuchaytirish vazifasiga e’tibor qaratildi. Parlament nazorati, avvalo, siyosiy nazoratdir, uning oqibati ham siyosiy mas’uliyat bilan bog‘liq bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Parlament faoliyatida yutuqlar bilan birga e’tibordan chetda qolgan masalalar bo‘lgani ham qayd etildi. Biz deputatlarni vazirlik va idoralarning xarajatlari ustidan kuchliroq nazorat o‘rnatishga chaqirdi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, parlament nazorati to‘laqonli ta’sirchan institutga aylandi, deb hozircha aytib bo‘lmaydi. Parlament va deputatlik nazorati ijtimoiy soha bilan cheklanib qolmoqda.
Yangilangan Konstitutsiyaga ko‘ra, Davlat budjeti ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga kiradi. Bu muhim vakolat deputatlar zimmasiga katta mas’uliyat ham yuklaydi.
To‘g‘ri, biz parlamentda bir necha yildan buyon budjetnoma shaklidagi qonunni ko‘rib, tasdiqlayapmiz. Lekin uning ijrosi bo‘yicha “qancha pul qayerga sarflandi?” degan umumiyroq savollar bilan chegaralanib qolish holatlari bo‘ladi.
Haqiqatan ham, avvalambor, budjet ijrosiga nisbatan tanqidiy yondashuvni kuchaytirishni, mas’ul vazirlik-idoralar rahbarlari zimmasiga shaxsiy javobgarlikni yuklash, ochiq va ta’sirchan choralar ko‘rish masalasini kechiktirib bo‘lmaydi. Bu Davlat budjeti ijrosidagi kamchiliklarni bartaraf etishda muhim ahamiyatga ega, deb o‘ylayman.
Nutqni tinglay turib, har birimizdan fidoyilikdan tashqari shiddatkorlik, o‘z faoliyatini aql va ilm bilan, albatta, xalq fikri asosida tashkil etish ko‘nikmalari talab qilinayotganini angladim.
Davlatimiz rahbari quyi palataning yangi tarkibi qayd etilgan masalalar bo‘yicha yangicha ishlashiga umid bildirdi. Oldingi yillardagi deputatlik faoliyatimda to‘plagan tajriba va ko‘nikmalardan kelib chiqib, bugungi davr talabini his qilib, ishonchni oqlashga, kuchli va sinchkov parlament shakllanishi uchun munosib hissa qo‘shishga qo‘limdan kelgancha harakat qilaman.
Muqaddas O‘ROZALIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.