Bugungi senator kim, uning asosiy missiyasi nimalardan iborat bo‘ladi? U yaqin besh yilda o‘z oldiga qanday maqsadlarni qo‘yishi kerak? Zamon juda tezkorlik bilan o‘zgaryapti, axborot texnologiyalari rivojining ko‘lamini ko‘rib aqlimiz shoshadi, ba’zan. Shu ma’noda yangi Senat, uning har bir a’zosi oldida ham butunlay yangi formatda yangicha ishlash mas’uliyati ko‘ndalang turibdi.
Avvalo, shuni alohida ta’kidlash kerakki, senator xalqning vakili, bo‘lganda ham aksariyat senatorlar mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlar orasidan ikkinchi bor saylanib shu maqomga erishishdi.
Demak, bizning bir ko‘nglimiz o‘sha bizning nomzodimizga ovoz bergan hudud ahlining orzu-istaklari, yashash tarzining o‘zgarishi, ongu tafakkuriga zamonaviy talab va tushunchalarning yetib borishi bilan bog‘liq bo‘lib turishi lozim.
Majlisda davlatimiz rahbari mahalliy Kengashlar faoliyatida chin ma’noda yangi davr boshlanayotganini alohida ta’kidladi. Yangi saylangan mahalliy Kengashlar tarkibi va maqomiga ko‘ra oldingi holatdan mutlaqo farq qilishi, ularning tarkibi qariyb 60 foizga yangilanib, 3 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz ilk bor deputat bo‘lgani aytib o‘tildi. Kengashlarda ayol deputatlar ulushi 32 foizga yetib, 30 yoshgacha bo‘lgan deputatlar soni 3,5 karra oshgani esa yana bir yutuqli jihat, albatta.
O‘tgan yili yangilangan Konstitutsiyamiz asosida mahalliy Kengashlar qarorlari qonunchilikka muvofiq bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha yuqori palataning mas’uliyati bir qadar oshirildi. O‘tgan yilning o‘zida ushbu davlat hokimiyati vakillik organlari tomonidan 34 ming 400 ta qaror qabul qilingani ularning qonun bilan belgilangan vakolatlari doirasida tizimli ish olib borganidan dalolat beradi.
Mahalliy Kengashlarga endi viloyat darajasida hokimlar raislik qilmaydi. Bu esa ayni Kengashlar ishining yanada xalqchil bo‘lishiga xizmat qilishi lozim. Maqsad shunday. Shu maqsadlardan kelib chiqib bundan buyon Senat qonun loyihalari borasidagi muhokamalarni nafaqat tegishli soha mutasaddilari, balki hududlardan Kengash vakillari bilan birgalikda o‘tkazishi lozimligi qayd etildi. Bu esa ayni qabul qilinajak qonunlarning real hayotga mos bo‘lishini, bevosita hayot realliklarini inobatga olishini ta’minlaydi. Qolaversa, bu bilan aslida Senat faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hududiy o‘ziga xosliklarning inobatga olinishi ham ta’minlaydi.
Bu qariyb 30 yillik orzuning ro‘yobga chiqishi sifatida baholanayotgan yangilik. Yurtboshimiz bu tajribaning chuqur tahlillari va natijasining samaradorligidan kelib chiqib yaqin yillarda tuman va shahar Kengashlariga ham hokimlarning raisligidan voz kechish ko‘rib chiqilishini qayd etdi.
Bugun dunyo miqyosida insoniyat duch kelayotgan global muammolar ortsa ortyaptiki, chekingani yo‘q. Turli mintaqalardagi qonli to‘qnashuvlar, ekologik va texnogen fojialar, iqlim o‘zgarishlari, iqtisodiy inqirozlar, terrorizm va ekstremizm tahdidlari jamiyatda bemalolchilik kayfiyatiga uzil-kesil nuqta qo‘yishni taqozo qilmoqda. “Mana shunday tahlikali vaziyatda faqat kuchli iroda, birlik va hamjihatlik, qattiq mehnat bilangina yurtimizda tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashga erisha olamiz”, dedi Prezidentimiz.
Shunisi aniqki, saylovchilar ishonchiga kirish, xalq vakili, degan nomni oqlash - bu chinakam fidoyilik, yurtparvarlik, insonparvarlik fazilatlariga har qanday holatda ham sodiq qolish demakdir. Mana shu yo‘lni tanlagan har bir safdoshimga muvaffaqiyat tilayman.
Husan ERMATOV,
Oliy Majlis Senati a’zosi.
«O‘zbekiston ovozi», 20.11.2024, №47