2025-yil uchun Davlat budjeti loyihasi ko‘rib chiqildi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonunning maqsadi 2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Qayd etildiki, loyiha 17 ta modda va 10 ta ilovadan iborat bo‘lib, 2026-2027-yillar uchun budjet mo‘ljallari asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar kutilmalari asosida ishlab chiqilgan.

2025-yilda yalpi ichki mahsulotning 6 foiz o‘sishi prognoz qilingan. Yalpi ichki mahsulotning ko‘zlangan o‘sish sur’atlari sanoatda ishlab chiqarishni 6,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,1 foizga, xizmatlar sohasida 5,4 foizga o‘sishi hisobiga ta’minlanishi prognoz qilinmoqda.

Mazkur rivojlanish ko‘rsatkichlariga har bir sohada boshlangan tarkibiy islohotlarni sifatli davom ettirish orqali erishish maqsad qilingan.

Davlat budjetining o‘rta muddatga mo‘ljallangan kutilmalari va 2025-yil uchun budjet loyihasi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga uyg‘unlikda, ya’ni ularni bajarish vazifasidan kelib chiqib tayyorlangan.

Deputatlar Davlat budjetining parlamentda qonun sifatida tasdiqlanishi nafaqat Konstitutsiyaviy huquq, balki davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatini belgilash va amalga oshirish bilan bog‘liq katta mas’uliyat ekanini ta’kidladi. Zero, Davlat budjeti mamlakatda olib borilayotgan siyosatning mujassam ko‘rinishi hisoblanadi.

Fraksiya a’zolari 2025-yil uchun Davlat budjeti loyihasida aholining turmush darajasini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, bandlik va daromadlar o‘sishini ta’minlash, ijtimoiy himoya davlat siyosatining muhim yo‘nalishlari sifatida aks etayotganiga e’tibor qaratdi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish