Deputatning qalbi, vijdoni uyg‘oq bo‘lsa, vazirlar ham, hukumat ham, parlament ham uyg‘oq bo‘ladi...
Deputatning qalbi, vijdoni uyg‘oq bo‘lsa, vazirlar ham, hukumat ham, parlament ham uyg‘oq bo‘ladi...

 

Burilish nuqtalari

Yangi O‘zbekiston uchun muhim burilish nuqta xususida gap ketsa, shubhasiz, Bosh qonunimizning yangi tahrirda qabul qilingan sanasi e’tirof etiladi va bu haqiqat. Zotan, Uchinchi Renessans sifatida ko‘rilayotgan shiddatli islohotlar davrining, eng avvalo, huquqiy poydevorini mustahkamlamasdan turib, kutilgan natijalarga da’vo qilish yanglish to‘xtamdir.

Parlament va mahalliy kengashlarga joriy yilning 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan saylov mutlaqo yangilangan huquqiy normalar asosida va shaklan milliy davlatchiligimiz uchun yangi tajriba asosida tashkil etildi. Ya’ni Qonunchilik palatasi saylovi mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor majoritar-proporsional (aralash) tizim asosida o‘tkazildi.

Xo‘sh, parlamentga “kirib kelish yo‘li” yangilangan ekan, bu yangilanish keyingi faoliyatda o‘z aksini qanchalik topadi? Bugun yangi saylangan deputatlar qalbida ana shu savol hukmronlik qilmoqda.

Ayniqsa, yangi shakllangan parlamentning Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan majlisi va unda Prezidentimiz nutq so‘zlagani, ilgari surilgan tashabbus va takliflar, bildirilgan fikrlar deputatlar shijoatiga shijoat qo‘shib, ularda mustahkam ishonch, daxldorlik va birdamlik hislarini uyg‘otganini alohida qayd etish mumkin.

Bunga olib kelgan muhim jihatlarning ayrimlariga alohida to‘xtalib o‘tish orqali yaqinda bo‘lib o‘tgan saylov va uning natijasi yangi O‘zbekiston tarixidagi yana bir muhim burilish nuqtasi bo‘lganini ko‘rib chiqishga jazm etdik. Zero, aynan hozir ortga bir nazar tashlash, o‘zimizni tanqidiy tahlil qilish orqali istiqboldagi faoliyatimiz samaradorligini ta’minlash yo‘llarini belgilab olish fursati, deb hisoblaymiz.

 

Uchinchi Renessansga birinchi qadam

O‘zbekiston o‘z oldiga Uchinchi Renessansni amalga oshirishdek ulkan va tarixiy maqsadlarni qo‘yganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Shu maqsadda so‘nggi yillar davomida islohotlar ko‘lami kengaygani ham bor gap. Ularning shiddati esa alohida e’tirofga molik. Bugun nafaqat kechagi kun bilan yashab bo‘lmaydi, balki hatto bugunning o‘zi bilan yashash ham amalda ortda qolishni anglatadi.

Fikrlarimizning amaliy isboti sifatida yig‘ilishda ochiqlangan quyidagi raqamlarni hech ikkilanmasdan keltirish mumkin. Davlatimiz rahbari o‘tgan besh yildagi dasturlar ijrosiga to‘xtalib o‘tar ekan, ushbu vaqt mobaynida iqtisodiyot 2 karra o‘sib, 100 milliard dollarlik tarixiy marradan oshganiga alohida urg‘u berdi. Bu aholi jon boshiga daromad 3 ming dollarga yetishini kutishga to‘la haqli ekanimizga ishoradir.

Boz ustiga, ushbu davr mobaynida eksport qariyb 2 barobar o‘sib, ilk bor 25 milliard dollardan, oltin-valyuta zaxiralari esa 40 milliard dollardan oshgani ham tariximizda yangi zabt etilgan marralardir.

O‘z navbatida, ijtimoiy islohotlar va ularning natijalari diqqat markazimizda ekanidan kelib chiqib, ular haqida ham alohida to‘xtalib o‘tish joiz.

Bu borada so‘z ketar ekan, eng avvalo, ta’lim va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlari ko‘z oldimizga kelishi tabiiy. Quvonarlisi, so‘nggi besh yildagi islohotlar to‘lqini ushbu muhim ikki sohani ham chetlab o‘tmagani bugun yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Chunonchi, shu davr ichida maktabgacha ta’limda qamrov 74 foizdan, oliy ta’limda esa 39 foizdan oshgani, barcha hududlarda “Inson” markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ijtimoiy xodimlar tomonidan bevosita mahallalarda aholiga 100 dan ortiq turdagi ijtimoiy xizmat ko‘rsatilayotgani islohotlar mevasidan, avvalo, xalqimiz bahramand bo‘layotganini anglatadi.

Quvonarlisi, iqtisodiy yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar ham kelajakka optimistik ruhda qarashga ishonchni mustahkamlayotganidir. Zero, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan bo‘lsa, barcha imkoniyatlar ishga solingani tufayli bu ko‘rsatkich joriy yilning o‘zidayoq 110 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Eng asosiysi, tanlagan yo‘limizdan og‘ishmay, sur’atni pasaytirmay, bir bo‘lib ishlashimiz orqali 2030-yilga borib, iqtisodiyotimiz hajmini 200 milliard dollarga yetkazish imkoniyatimiz mavjudligi barchani ruhlantirgani tabiiy.

 

Barchasi inson uchun

Agar islohotlarda gumanizm g‘oyalari mavzusida ilmiy izlanish qilinsa, tadqiqotchi uchun ma’lumotlar bazasi shu qadar katta bo‘ladiki, bu ishning tez va oson bitishiga mustahkam zamin bor. Albatta, bu tashbehni har kim o‘zicha qabul qiladi va bunga haqli, ammo bir haqiqat borki, uni hech bir jihat bilan inkor etib bo‘lmaydi. U ham bo‘lsa, yangi O‘zbekiston islohotlar mohiyatida, tub zamirida va markazida, eng avvalo, inson manfaati yotadi.

Har qanday yo‘nalishdagi islohotlar alohida olinib, o‘rganilsa va tadqiq qilinsa, pirovard maqsad xalqimiz turmush darajasini tadrijiy ravishda yaxshilab borish ekani yuzaga chiqib kelaveradi. Partiyamiz dasturiy maqsadlari hamda saylovchilarimiz bilan uchrashuvlarda ilgari surgan g‘oyalarimiz mazmunidan kelib chiqib, yig‘ilishda ilgari surilgan nihoyatda xayrli bir tashabbus aslida mazkur maqola ustida ish boshlashga turtki bo‘lganini tan olishimiz kerak. U ham bo‘lsa, 2025-yilda 1 million aholini kambag‘allikdan chiqarishdek xayrli maqsad Vazirlar Mahkamasi iqtisodiy kompleksining asosiy vazifasi etib belgilanganidir.

Bir million kichkina raqam emas va uni amalga oshirish ham oson kechmaydi. Buning uchun har birimizdan, avvalo, birdamlik, qat’iylik, intizom va mehnat talab etiladi. Nima bo‘lganda ham uni amalga oshirish imkoniyati mavjudligi xususida o‘ylar ekanmiz, bu yo‘nalishda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar va orttirilgan tajriba, erishilgan natijalarga bir qur nazar solish istagi tug‘ildi.

Dastavval, yangi davrda kambag‘allik va uning darajasi davlat siyosatida rasman e’tirof etilgani va bartaraf qilishga doir tizimli chora-tadbirlar ko‘rib kelinayotganini qayd etish joiz. Bu borada qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar esa islohotlar samaradorligini ta’minlashga asos bo‘lmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbarining 2023-yil 12-iyundagi “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni orqali ushbu yo‘nalishga tadbirkorlarni ham faol jalb etish rag‘batlantirildi. Jumladan, yangi ish o‘rinlari yaratib, ularga og‘ir iqtisodiy ahvoldagi oilalardan ishchilar jalb qilgan tadbirkorlik subyektlari uchun imtiyozli kreditlar va boshqa yengilliklar berila boshlandi.

Mazkur hujjatning uzviy davomi o‘laroq, Prezidentimizning joriy yilning 23 sentyabr kuni qabul qilingan “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmoni ham ayni yo‘nalishdagi islohotlar silsilasida muhim ahamiyat kasb etdi.

Hujjatda barqaror va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari ta’minlangani kambag‘allik darajasini 2019-yildagi 23 foizdan 2023-yilda 11 foizga qisqartirishga imkon yaratgani hamda 2025-yil yakuni bilan kambag‘allikni 6 foizgacha qisqartirish maqsad qilingani qayd etilgan.

Shuningdek, aholining yuqori daromadli barqaror ish bilan bandligini ta’minlash, yoshlarning innovatsion va raqamli texnologiyalarga asoslangan ta’lim olishi va kasb-hunar o‘rganishi, barcha qatlamlarning tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoit yaratish hamda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishlarida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobiga 2024-yilning qolgan davrida 500 ming, 2025-yilda 1 million aholini kambag‘allikdan chiqarish davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining hamda barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilangan.

Ushbu maqsadda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ma’qullandi va “Kambag‘al oilalar uchun yettita imkoniyat va mas’uliyat” tamoyili asosida amalga oshirila boshlandi. Bu esa yig‘ilishda oldimizga qo‘yilgan ulkan maqsadni hayotga tatbiq etishda faqatgina o‘zaro hamjihatlik bilan, joylarga chiqqan holda haqiqiy ahvolni atroflicha o‘rganib, manzilli ishlarni amalga oshirishimiz lozimligini anglatadi. Zero, natija bilangina xalqimiz haqli ravishda bizdan kutayotgan istiqbolni ularga taqdim eta olishimiz mumkin.

Shu o‘rinda yana bir muhim jihatga e’tibor qaratish joiz. So‘nggi yillarda davlat rahbarining tadbirkorlar bilan uchrashuvi an’ana tusini oldi. Ushbu uchrashuvlar davomida tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan birga, qiynayotgan muammolarga yechim topayotgani bor gap.

Eng asosiysi, uchrashuvlarda berilgan topshiriqlar va bildirilgan takliflar asosida qabul qilinayotgan qator hujjatlar, avvalo, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, aholi bandligini ta’minlashga turtki bo‘lmoqda.

Bunga misol qilib Prezidentimizning 2023-yil 4-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarini alohida e’tirof etish joiz.

Ularga muvofiq, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi qabul qilindi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning yagona tizimi yaratildi. Ilk bor 100 million so‘mgacha garovsiz kreditlar berila boshlandi. Buning shartlaridan biri esa yangi ish o‘rinlari yaratishdan iboratligi fuqarolar bandligini ta’minlash darajasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatib kelmoqda, albatta.

Shu o‘rinda davlatimiz rahbarining 2024-yil 7-sentabrdagi “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini ham e’tirof etish joiz. Unga muvofiq, ajratiladigan kreditlarning eng kam miqdori 300 million so‘mgacha oshirildi.

E’tiborlisi, mas’ul sifatida belgilangan banklar faqatgina kredit ajratish emas, ajratilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishi jarayonida ham tadbirkor bilan hamkorlikda ishlayotgani ko‘zda tutilgan maqsadlarga erishishda muhim omil bo‘lmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, kelgusi yil oldimizga qo‘yilgan 1 millionlik marrani zabt etishga bizda hamma sharoit va imkoniyat mavjud. Talab etiladigani faqatgina qat’iyat, mas’uliyat va birdamlikdir.

 

Marra baland, ishtiyoq ham

Muxtasar aytganda, Oliy Majlis palatalarining har ikkisida o‘tgan yig‘ilishlar qisqa va uzoq istiqboldagi islohotlar chizgisi sifatida tarixga muhrlandi.

Biz, deputatlar uchun esa burilish nuqtasi bo‘ldi. Oldimizda turgan ulkan va ezgu maqsadlarni amalga oshirish, xalqimiz ishonchini oqlash va yurtimiz farovonligini ta’minlashda Prezidentimizning quyidagi fikrlari barchamizga dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi: “Hech qachon unutmasligimiz zarur: mamlakatimiz xavfsizligi, yurtimiz mudofaasi nafaqat Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish idoralari, balki O‘zbekistonni o‘zi uchun ona Vatan deb biladigan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha insonlarning muqaddas burchidir.

Buning uchun yagona Vatan, ko‘p millatli yagona ahil oila tuyg‘usi har birimizning qalbimiz, yuragimizdan chuqur joy olishi lozim”.

 

Zulayho AKROMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish