Budjetnoma ma’qullandi

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari birinchi va ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi atroflicha muhokama qilindi. Qonun loyihasiga ko‘ra, birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hamda mahalliy budjetlarga ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdorlari tasdiqlangan. Mahalliy budjetlar daromadlari va xarajatlari prognozlari, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarini ham qonun bilan belgilash ta’minlanadi. Shuningdek, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi daromadlari va xarajatlarini o‘zida aks ettirishga erishiladi.

Bundan tashqari, ushbu qonun loyihasida budjet sohasiga oid bir qator o‘zgarishlar nazarda tutilmoqda. Jumladan, 2025-yilda mahalliy budjetlar balansliligini ta’minlash maqsadida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan hamda foyda solig‘idan tushumlarning Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri uchun o‘tkazib beriladigan qismlari qayta ko‘rib chiqildi.

Qayd etildiki, davlat qarzi portfelini diversifikatsiya qilish hamda valuta xatarlarini kamaytirish maqsadida 2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmi 30,0 trln so‘m miqdorida belgilanmoqda. Davlat budjeti barqarorligini ta’minlash, taqchillikning oshishiga olib keladigan Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalaridan qo‘shimcha xarajatlar faqat qo‘shimcha daromad manbai mavjud bo‘lganda yoki boshqa xarajatlarni qisqartirish hisobiga amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, mahalliy davlat organlarining mustaqilligini oshirish va mahalliy budjetlar balansini ta’minlash maqsadida Soliq qo‘mitasi hamda Kadastr agentligining hududiy organlari, Xalq qabulxonalari, kollejlar va texnikumlarni saqlash, sud boshqaruvchilari mehnatiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni mahalliy budjetlardan moliyalashtirish tartibi saqlab qolinmoqda. Bunda Soliq qo‘mitasining hududiy organlarini saqlash xarajatlari tuman va shaharlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika, viloyatlarning viloyatlar, Toshkent shahrini esa shahar budjetlaridan moliyalashtirishga o‘tkazilmoqda.

Mahalliy budjetlardan faqatgina to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan vazifa va majburiyatlarning bajarilishi bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirishni ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining maktabgacha ta’lim va umumta’lim tashkilotlari hamda ixtisoslashtirilgan maktablarini qurilish-ta’mirlash va jihozlashga doir xarajatlari respublika budjetidan moliyalashtirilishi belgilanmoqda.

Ikkinchi o‘qishda muhokama qilingan budjetnoma loyihasi yuzasidan fraksiya a’zolari qator savollar bilan murojaat qildi.

Xususan, transformatorlarni modernizatsiyalash, fan va ta’limni rivojlantirishga qaratilgan ilmiy ishlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlar uchun yo‘naltirilayotgan mablag‘lar miqdoriga oydinlik kiritildi. Ijtimoiy himoya sohasiga ajratiladigan mablag‘ haqida ham qo‘shimcha ma’lumotlar olindi.

Muhokamalardan so‘ng Budjetnoma loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish