O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi tomonidan hududlarda yangi saylangan deputatlar ishtirokida “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari rolini oshirish va faoliyatini takomillashtirish” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi. Unda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi mas’ullari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zolari, mahalliy Kengashlar deputatlari, Qoraqalpog‘iston Respublika partiya Kengashi mas’ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengash raisi o‘rinbosari M.Vorisova Prezidentimizning parlamentning saylovdan keyingi birinchi majlisidagi ma’ruzasidan kelib chiqib, yangi saylangan deputatlar oldida turgan ustuvor vazifalarga e’tibor qaratdi.
Shuningdek, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy taraqqiyotning aniq ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olishda, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini, huquqiy ongini oshirishda, aholining ijtimoiy qatlamlari manfaatlarini himoya qilishda deputatlik va jamoatchilik nazorati imkoniyatidan foydalanish zarurligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida 33 ta funksiya va vakolat xalq deputatlari mahalliy kengashlariga o‘tkazildi. Bu demokratik taraqqiyot sari yana bir katta qadam tashlanishi mamlakatimiz tarixida ilk marotaba viloyat Kengashlariga hokimlar emas viloyat kengashi deputatlari orasidan saylangan deputat raislik qilishiga sabab bo‘ldi.
Seminarda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengash boshqarma boshlig‘i M.Hasanova siyosiy partiyalar va deputatlarning ish uslubini yanada takomillashtirish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida siyosiy partiyalar orqali joylarda “Markaz-viloyat-tuman” tartibida ishlaydigan tizimi orqali ishlash haqida fikrlarini bildirdi. Qayd etilganidek, bu tizim orqali yuqoridan pastga tushib, ham deputatlarni, ham turli aholi qatlamlarini Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar faoliyati, qonun ijodkorligi, qabul qilinayotgan yangi qonun hujjatlari haqida xabardor qilib borish yo‘lga qo‘yiladi. Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi ishlari butunlay yangi yo‘nalishda tashkil etilib, qonun loyihalarini qabul qilish va ko‘rib chiqishning demokratik tartib-qoidalari joriy etildi.
Munozaralarga boy o‘tgan seminarda kelgusida o‘zaro hamkorlikda amalga oshiriladigan ish rejalar belgilab olindi.